18:18 / 26.01.2022
4993

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda o‘quvchilarni bepul yegulik bilan ta’minlash uchun budjetdan 200 milliard so‘m ajratildi

Prezident videoselektorda 1 fevralgacha tuman va shahar budjetlaridan ichki yo‘llarga ajratilgan 290 milliard so‘mning 50 foizini «Ochiq budjet» orqali jamoatchilik fikri asosida moliyalashtirish tartibini joriy qilish lozimligini ta’kidladi.

«Davlat dasturida ko‘zda tutilgan barcha chora-tadbirlar xalqimiz tomonidan katta ishonch bilan qizg‘in qabul qilindi.

Ularning amaldagi ijrosini aholimizning barcha qatlamlari – o‘rta sinf vakillari va tadbirkorlar, ziyolilar, budjet sohasi xodimlari, harbiy xizmatchilar, faxriylarimiz, kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar – barcha-barchasi yaqin kunlarda o‘z kundalik hayotida sezishlari kerak.

Misol uchun, dasturda 1 apreldan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 1-4-sinf o‘quvchilarini bepul nonushta yoki tushlik bilan ta’minlash nazarda tutilgan. Bu maqsadlarga joriy yil uchun budjetdan 200 milliard so‘m ajratdik.

Savol tug‘iladi: xo‘sh, biz bu ishlarni amalda qanday tashkil etamiz? Shu munosabat bilan:

10 fevralga qadar ushbu tizim bo‘yicha:

- xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar qanday tanlanadi?

- taom ratsionida nimalar bo‘ladi?

- mablag‘lar kimga va qanday ajratiladi?

- bunda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima qilish kerak degan savollarga aniq javob topib, puxta ishlangan konsepsiya taqdimoti o‘tkazilsin.

Shu bilan birga, respublikamizdagi ichki yo‘llar masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shu sababli 1 fevralgacha tuman va shahar budjetlaridan ichki yo‘llarga ajratilgan 290 milliard so‘mning 50 foizini «Ochiq budjet» orqali jamoatchilik fikri asosida moliyalashtirish tartibini joriy qilish lozim.

1 martga qadar 129 ming gektar maydonni oborotga kiritish uchun sug‘orish tizimini yaratish hamda irrigatsiya-melioratsiya tadbirlariga zarur mablag‘larni aniq hisob-kitob qilgan holda dastur tasdiqlab, ishlarni boshlansin.

Umuman, Davlat dasturi doirasida birinchi chorakda 56 ta, yil yakuniga qadar 318 ta qonun, farmon va qarorlar ishlab chiqish belgilangan.

Shu bois, har bir mas’ul vazirlik va idora rahbarlari topshiriqlar muddatini kutmasdan, o‘zining haftalik, oylik va chorak rejalarini ishlab chiqib, ijrosiga bugundan kirishsin», dedi davlat rahbari.

Top