O‘zbekiston | 07:54 / 05.02.2022
7242
2 daqiqa o‘qiladi

«Har yili bo‘ronlar Orol dengizi qurigan tubidan 75 million tonnagacha qumni Markaziy Osiyo kengliklariga olib o‘tadi» - Jahon banki

Jahon banki Orol dengizi bo‘yicha tadqiqot natijalarini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, Orol dengizining qurigan tubi qariyb 60 000 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Uning deyarli yarmi O‘zbekistondagi 1,8 million aholi istiqomat qiladigan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan. 

“So‘nggi bir necha o‘n yilliklarda bu tuzli cho‘l qum va chang bo‘ronlari manbaiga aylandi. Har yili bo‘ronlar Orol dengizining qurigan tubidan 15 milliondan 75 million tonnagacha qum, chang va tuzni Markaziy Osiyo kengliklariga olib o‘tadi. Buning natijasida yuzaga kelgan tuproq eroziyasi va havoning ifloslanishi odamlar salomatligiga, turmush sharoitiga va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, deyiladi tadqiqotda.

Bildirilishicha, Orol dengizi tubidan ko‘tariladigan qum va chang bo‘ronlari yiliga 44 million AQSh dollaridan ortiq iqtisodiy zarar keltiradi.

“O‘zbekistondagi Orol dengizi qurib qolgan tubining katta qismini qurg‘oqchilikka va sho‘r tuproqqa chidamli bo‘lgan mahalliy daraxtlar, butalar va o‘t-o‘lanlarni, ularning optimal kombinatsiyasidan foydalangan holda ekish hisobiga tiklash mumkin.

To‘g‘ri rejalashtirilganda Orol dengizi tubidagi landshaftni tiklash jarayoni iqtisodiy jihatdan asoslangan bo‘lishi va Orol dengizining sobiq qirg‘og‘idan 100-200 km gacha bo‘lgan masofada havo ifloslanishi sezilarli darajada kamayishiga olib kelishi mumkin. Buning natijasi mahalliy aholining salomatligi va farovonligi yaxshilanishi bo‘ladi”, deya ma’lum qildi Jahon banki.

Orol dengizi tubini tiklash har yili qo‘shimcha 28-44 million AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha foyda keltirishi hamda tuproqdan uglerod chiqishining oldini olish va atmosferadan karbonat angidridni yutish orqali iqlim o‘zgarishini yumshatishga yordam berishi mumkin.

Mavzuga oid