Shvetsiyalik ekofaol Greta Tunberg, Yevroparlament deputati Rima Hassan va boshqalardan iborat ko‘ngillilar jamoasi qamal ostidagi falastinliklarga insonparvarlik yordami yetkazish uchun Sitsiliyadan G‘azoga qarab kemada yo‘lga chiqdi, lekin kutilganidek, ularni Isroil armiyasi qo‘lga oldi. Tashabbuskor «Ozodlik flotiliyasi» koalitsiyasi yaxta xalqaro suvlarda hujumga uchragani haqida bayonot berdi.
Shvetsiyalik ekofaol Greta Tunbergni eslasangiz kerak. 2018 yil Shvetsiya hukumat binosi oldida ekonamoyishga chiqib mashhurlikka erishganida u hali maktab o‘quvchisi edi. Hozir uni Tvitterda 5 milliondan ortiq odam o‘qiydi, postlari 100 millionlab marta ko‘riladi. 2019 yil Times jurnali uni “Yil odami” deb e’lon qilgandi.
Bir necha kun avval ana shu qizaloq Isroil uchinchi yilki qamal qilib bombalayotgan G‘azo bo‘lg‘asiga dengiz orqali gumanitar yordam olib borish uchun kemada yo‘lga chiqqandi. Lekin Isroil armiyasi kemani to‘xtatib, Gretani qo‘lga oldi.
Sitsiliyadan G‘azoga
1 iyun kuni «Ozodlik flotiliyasi» koalitsiyasi «Madlin» yaxtasini Sitsiliyadagi Kataniya portida gumanitar yordam mahsulotlari bilan to‘ldirib yo‘lga chiqardi. Kemada ekofaol Greta Tunberg, Yevroparlament deputati Rima Hassan va Falastin ozodligini qo‘llovchi bir necha faollar bor edi. OAV kemadagilar ichida braziliyalik faol Tyago Avila ham borligiga e’tibor qaratgan. U fevral oyida «Hizbulloh» lideri Hasan Nasrullohning janozasida qatnashib, uni maqtagani bilan tanilgan.
Koalitsiya may oyida ham G‘azoga dengiz orqali insonparvarlik yordami yuborishga intilgan, lekin Malta sohillariga yetib borganida kemada yong‘in chiqqandi. Shu o‘rinda «Ozodlik flotiliyasi» harakati G‘azo bo‘lg‘asiga gumanitar yordam yuborish uchun tashkil etilganini ta’kidlash kerak. 2010 yilda tashkil etilgan koalitsiya bungacha ham G‘azoga yordam yuborishga harakat qilgan, lekin har safar Isroil armiyasi sohilda ularni to‘xtatib qolgan.
Bu gal ham shunday bo‘ldi. Greta Tunberg boshchilik faollar yaxtasi O‘rta Yer dengizi bo‘ylab G‘azo sohiliga yaqinlashganda Isroil armiyasi zobitlari tomonidan to‘xtatildi. Harbiylar kemaga chiqib, boshqaruvni qo‘lga olishdi va uni Isroil tomon olib ketishdi. Isroil tashqi ishlar vazirligi qo‘lga olingan kemani «selfi yaxta» deb atab, Tunberg va do‘stlari aks etgan video e’lon qildi.
«Selfi yaxtaning barcha a’zolari salomat. Ularga sendvich va suv berildi. Shou tugadi», deyiladi Isroil tashqi ishlar vazirligi sahifasida. Isroil tomoniga ko‘ra, dengiz blokadasini yorib o‘tishga intilgan kemadagi barcha yo‘lovchilar davlat hisobidan o‘z davlatiga deportatsiya qilinadi. Ular olib kelgan gumanitar yordam yuklari esa G‘azoga yetkazib beriladi.















