08:42 / 05.02.2022
7461

Nukusda avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan shaxslarga jazo tayinlandi

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida ko‘p sonli odamlar avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston IIV matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berdi.

Vazirlik matbuot xizmati rahbari Davran Yelmuratovga ko‘ra, 2-fevral kuni bir guruh fuqarolar Nukus dehqon bozori atrofidagi avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan.

Jamoat tartibini buzgan shaxslar ustidan ma’muriy sud ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudida ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, jamoat tartibini buzgan 3 nafar shaxsning har biriga 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinlangan.

Ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasiga ko‘ra yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzishgan.

Bundan oldin Kegeyli tumanida 20 nafar ayol ishsizlik nafaqasini to‘lash kechiktirilgani uchun yo‘lni to‘sib qo‘ygandi.

Avvalroq esa nafaqa pullari berilmagani uchun Nukusdagi bir guruh ayollar Allayar Dosnazarov ko‘chasida yo‘lni to‘sib qo‘yishgandi.

Mavzuga oid
Top