15:30 / 06.02.2022
17037

Samarqanddagi qishloq yo‘liga yupqa va sifatsiz asfalt yotqizildi

Samarqand viloyati Nurobod tumani yo‘lsozlari qishloqlardan birining yo‘liga juda sifatsiz asfalt yotqizishgan. Shuningdek, asfalt standartlarda belgilanganidan yupqaroq yotqizilgan.

Kun.uz’ga navbatdagi murojaat Samarqand viloyati Nurobod tumani Sepki qishlog‘idan yo‘llandi. Unda yozilishicha, Nurobod tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi 5 fevral kuni qishloqdagi yo‘lni asfalt qilgan.

Ammo yo‘lsozlar sifati juda past bo‘lgan asfalt ishlatishgan. Bundan tashqari asfalt standartlarda belgilanganidan yupqa yotqizilgan.

Kun.uz holat yuzasidan Nurobod tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi boshlig‘i Ma’ruf Rayimshukurovdan izoh oldi. Uning aytishicha, «Buloqboshi» MFYga qarashli Sepki qishlog‘ida kecha, 5 fevral kuni tunda asfalt yotqizilgan.

Asfaltni yotqizish paytida e’tiborsizlik bilan xatoga yo‘l qo‘yilgan. Havolar biroz isishi bilan agar qo‘shimcha mablag‘ ajratilsa, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etiladi.

Murojaatchilar yo‘llagan videoda ham yo‘lga sifatsiz asfalt, buning ustiga juda yupqa qilib yotqizilgani ko‘rinib turibdi. Ammo Ma’ruf Rayimqulov kecha tunda jami 470 metr yo‘l ta’mirlangani va uning ayrim joylariga yotqizilgan asfalt yupqa bo‘lib qolgani, qolgan joylari standart bo‘yicha qilinganini bildirdi.

Samarqand viloyat yo‘llardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akbar Mirzayevning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, yo‘llarga standart bo‘yicha 5 santimetrdan kam bo‘lmagan asfalt yotqizilishi kerak. «Faqat piyodalar yo‘lakchasi va shunga o‘xshash avtomobillar harakatlanmaydigan joylarga 4 santimetr asfalt yotqiziladi. Yo‘llarga esa toifasiga qarab asfalt yotqiziladi. Bunda mahalliy yo‘llarga 5 santimetrdan kam bo‘lmagan qalinlikda asfalt yotqizilishi kerak» dedi u.

Kun.uz Nurobod tumani Sepki qishlog‘idagi asfaltning sifati qay darajada bo‘lgani va standartlarga amal qilingani yuzasidan tegishli tashkilotlardan izoh kutib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 2 fevral kuni prezident ekologiya masalasida yig‘ilish o‘tkazgan va unda Avtoyo‘llar qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyevni mamlakatdagi yo‘llar chetga daraxt ekishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganini tanqid ostiga olgandi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top