16:32 / 11.02.2022
36120

Ikki fuqaro farzandli bo‘lgani haqida yanglish sms-xabar oldi. Bunga nima sabab bo‘lgan?

11 fevral kuni Toshkent va Namangan shaharlarida yashovchi ikki erkakka farzandli bo‘lgani haqida sms-xabar borgan. Ammo ular shu kunlarda farzandli bo‘lmagan edilar.

Fotokollaj: Kun.uz

Namangan shahrida yashovchi Facebook foydalanuvchisi Muhammad Ikrom 11 fevral kuni mobil telefoniga FHDYodan farzandli bo‘lgani haqida sms-xabar kelgani to‘g‘risida  yozdi.

“Davlat xizmatlari agentligi farzandli bo‘lganingiz bilan qutlaydi. FHDYo organidan tug‘ilganlik guvohnomasini olishingiz mumkin (bepul). ID: 4522177”, deyiladi soat 09:40da yuborilgan xabarda.

Ijtimoiy tarmoqdagi postdan skrinshot.

Ushbu postda fikr bildirgan toshkentlik Kamoliddin Mahmudov ham xuddi shu mazmunda sms-xabar olganini ma’lum qildi. Xabarning matni ham, unda qayd etilgan ID raqami ham Muhammad Ikromga yuborilgan sms bilan bir xil.

Kamoliddin Mahmudovga “farzandi uchun tug‘ilganlik guvohnomasi tayyor bo‘lgani, borib olishi mumkin”ligi haqida yana bir xabar boradi.

Ijtimoiy tarmoqdagi postdan skrinshot

Muhammad Ikrom ham, Kamoliddin Mahmudov ham Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shu kunlarda farzandli bo‘lishmagani, bu xabar ularga yanglish yuborilgani, bunday xatolar boshqalarning oilasidagi xotirjamlikka putur yetkazishi mumkinligini ta’kidlashdi. Kamoliddin Mahmudov ma’lum muddatdan so‘ng Facebook’dagi postni o‘chirib tashladi.

Davlat xizmatlari agentligi direktorining matbuot kotibi Sevara Zokirova yuzaga kelgan har ikki holat bo‘yicha tushuntirish berdi.

“Birinchi holatda sms-xabar fuqaroga adashib yuborilgan. Ilgari tug‘uruqxonalar ma’lumotnomani qog‘oz ko‘rinishida berardi, keyin o‘sha qog‘oz bilan  FHDYoga borilardi. Endi esa bu jarayon elektronlashtirilgan. Barcha ma’lumotlar tug‘uruqxonaning mas’ul xodimlari tomonidan elektron tizimga kiritiladi. Birinchi holatda mas’ul xodim qaysidir raqamni noto‘g‘ri kiritib, texnik xatoga yo‘l qo‘ygan. Farzandli bo‘lgan fuqaro telefon raqamini noto‘g‘ri bergan bo‘lsa ham shunday holat yuz berishi mumkin.

Ikkinchi holatda esa tizim bilan bog‘liq xatolik bo‘lishi mumkin. Chunki telefon raqami kiritilganda, o‘sha shaxsning ma’lumotlari avtomatik generatsiya bo‘ladi. Ayni paytda mutaxassislarimiz mazkur muammo qanday yuzaga kelganini o‘rganishmoqda. O‘rganish natijasi bo‘yicha alohida xabar beriladi. So‘nggi vaqtlarda davlat xizmatlari bo‘yicha keladigan sms-xabarnomalarga oid savollar ko‘paygan. Bunga fuqaroning noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etishi yoxud ma’lumotlarni tizimga kiritishda mas’ul xodimning adashishi sabab bo‘lmoqda”, deya Sevara Zokirovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Top