18:32 / 16.02.2022
21044
Jarqo‘rg‘ondan Rimgacha bosilgan yo‘l. Eldor Shomurodov UYeFA saytiga katta intervyu berdi

 «Roma» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Konferensiyalar ligasi pley-off bahslari arafasida UYeFA rasmiy saytiga intervyu berdi. Suhbat davomida Eldor O‘zbekistondan Italiyaga qadar faoliyati, Joze Mourino bilan munosabati va boshqa qiziqarli savollarga javob qaytardi. Intervyuning to‘liq tarjimasi bilan tanishing.

Foto: Instagram Eldor Shomurodov
«Eldor Shomurodov Jarqo‘rg‘on nomli kichik shaharchada tug‘ilgan. O‘zbekistondan «Rostov»ga ko‘chib o‘tib, hozirda Joze Mourino murabbiyligidagi «Roma» klubida to‘p tepmoqda. Eldor atigi 26 yoshda va allaqachon o‘z yurtida qahramondek ko‘riladi», - deyiladi UYeFA rasmiy sayti tanishtiruvida.

— Siz Jarqo‘rg‘on shaharchasida tug‘ilgansiz. Bolaligingiz haqida gapirib bersangiz...

— Oilamizda juda ko‘pchilik futbol o‘ynagan: bobom murabbiy bo‘lganlar, otam va amakilarim futbol o‘ynashgan. Shuning uchun, bolaligimdan futbolga juda ham qiziqqanman. 7 yoshligimizdayoq bolalar bilan futbol mashg‘uloti uchun stadionga borardik. 12-13 yoshligimda «Mash’al» akademiyasiga, qo‘shni viloyatga yo‘l olgandim. U yerda professional tarzda futbol bilan shug‘ullandim. Keyin «Bunyodkor»ga taklif qilishdi, shu yerda Superligada to‘p surishni boshlaganman.

— Birinchi qadam— «Mash’al» akademiyasida qanchalik qiyin edi? Futbol oilasida tug‘ilganingiz qanchalik yordam bergan?

— Oilam doim menga katta yordam berib kelgan. Har doim, yutkazganimda ham qo‘llab turishgan. Qiyin bo‘lgandi, sababi, uydan ketganimda juda yosh bola edim. Uyimdagilarni sog‘inardim, lekin boshqachasiga yaxshi futbolchi bo‘la olmasligimni tushunardim. Oilam doim mening intilishlarimni qo‘llab keldi. Men o‘shanda yashagan Muborak shahri yozda sahrodagidek issiq, qishda juda sovuq bo‘lardi. Biroq akademiya va murabbiylar yaxshi edi. Yosh futbolchilarning o‘sishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, sabr qilib, harakat qilishda davom etdim.

— Barcha murabbiylaringiz Eldor Shomurodovning asosiy kuchi— mentaliteti, deb aytishadi. Siz o‘z ambitsiyalaringizni yuqori qo‘yasiz va ko‘zlagan maqsadingizga erishish yo‘lida ko‘p ishlaysiz. Yevropada o‘ynash orzungiz haqida aytib bersangiz...

— «Mash’al»da asosiy jamoa o‘yini bo‘layotgan paytda biz to‘p olib berib turardik. Men ham tezroq asosiy jamoada o‘ynagim kelardi. Tezroq o‘sishni, ushbu jamoa uchun maydonga tushishni xohlardim. Katta futbolda o‘ynashni boshlaganimda tushuna boshladimki, yana ham ko‘proq kuch bilan ishlab, butunlay boshqa futbol atmosferasiga kirib borish kerak. Uyga kelganimda doim Yevropa futbolini kuzatardik. Oilamdagilar ham Yevropada o‘ynashga harakat qilishim kerakligini aytishardi. Shu tariqa, menda Yevropada o‘ynash orzusi kuchaya boshladi. Mana Yevropada o‘ynayapman, orzularim amalga oshdi.

Foto: Getty Images

— Qaysi futbolchilar kumiringiz bo‘lgan?

— Dide Drogba va Fernando Torresning o‘yinlari menga juda yoqardi. Ular qatnashadigan uchrashuvlarni doim kuzatib borardim.

— «Chelsi» muxlisimisiz?

— Avvallari «Chelsi»ga muxlislik qilganman. Hozir faqat «Roma»ga ishqibozlik qilaman.

— O‘zbekistonda siz tom ma’noda qahramonsiz. Yosh bo‘la turib bunday darajaga yetish, milliy jamoa sardori bo‘lish siz uchun nimalarni anglatadi?

— Bu men uchun juda katta ahamiyat kasb etadi. Buni so‘z bilan ta’riflash juda qiyin. Bu qadar yosh milliy jamoa sardori va uning muhim futbolchisiga aylanaman, deb o‘ylamagandim. Hozir bizda avlodlar almashinuvi kechmoqda. Bizdan ham yosh futbolchilar asosiy jamoada o‘ynamoqda va men sardor sifatida ularga o‘rnak bo‘lishim kerak. Shuning uchun, bu juda muhim ahamiyatga ega.

— Vataningiz siz uchun qanchalik muhim? Uyingizga qancha vaqtda borasiz?

— Men o‘z vatanimni juda sevaman. Men uchun vatanim ham, O‘zbekiston milliy jamoasi ham juda muhim. Hozirda faqat milliy jamoaga chaqirilganimda O‘zbekistonga bora olaman. Yoki ta’til vaqtlarida. Qolgan vaqtda uyimga borib kelish uchun imkon bo‘lmaydi. Albatta, O‘zbekiston va oilamni juda sog‘inaman.

— Ilyos Zeytullayevdan keyin A Seriyaga kelgan ikkinchi o‘zbeksiz. Bundan faxrlanasizmi?

— Albatta, faxrlanaman. Bu— yoqimli hissiyot. Lekin bizda bu darajada o‘ynay oladigan ko‘plab futbolchilar bor. Ular ham Yevropada o‘ynashsa, xursand bo‘lardim. Bu yerda butunlay boshqacha futbol o‘ynashadi, tezlik yuqori. Bu yerda o‘sishingiz uchun ko‘p sharoitlar bor. Yevropada qancha ko‘p futbolchilarimiz bo‘lsa, milliy jamoa uchun shuncha naf.

— Italiyadan avval «Rostov»da o‘ynagansiz. Faoliyatingizning mana shu bosqichi haqida ham gapirib bering.

— Birinchi mavsum u qadar yaxshi o‘tmagandi. Moslashish jarayonini o‘tkazgandim. Rossiyada boshqacha futbol o‘ynashar edi— Yevropaga ancha yaqin. Bosh murabbiy Valeriy Karpin menga ishonch bildirgan, yaxshi ruhlantirgandi. Keyin esa menda barchasi yaxshi kecha boshladi.

— «Rostov»da o‘zingizni yaxshi ko‘rsatdingiz va «Jyenoa»ga borib qo‘shildingiz. Rossiyadan yana bir boshqa davlatga ko‘chib o‘tish qanday kechdi?

— «Rostov»dagi so‘nggi mavsumim oldidan juda yaxshi o‘yin ko‘rsatgandim. Keyin yarim mavsum o‘yinim chiqmadi. Buning o‘ziga xos sabablari bor edi. Lekin menda baribir Yevropada o‘ynash xohishi bor edi. Gol urmas ekansan, Yevropaga ketishing qiyin kechadi. Lekin «Jyenoa» menga ishondi. Klubga buning uchun katta rahmat aytaman. Ular meni «Rostov»dan transfer qilib olishdi. Men rozi bo‘ldim— sababi bu Yevropada o‘ynash orzusi tomon birinchi qadamim edi. Men uchun o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishim muhim bo‘lgan, oddiy klubdan boshlab olishim muhim edi. Birinchi yil juda qiyin bo‘ldi. O‘zbekiston va Rossiyada futbol mentaliteti bir-biriga o‘xshab ketadi. Lekin Yevropada barchasi boshqacha. Shuning uchun, dastlabki 2-3 oy oson o‘tmadi, lekin keyin moslasha boshladim. Hozir bu yerda odamlar qanday o‘ylashini yaxshiroq bilaman.

— Madaniyatlar o‘rtasida qanday farq bor? Bu yerda nima siz uchun yangilik bo‘ldi?

— Rossiya va O‘zbekistonda odamlar hafta davomida 7 kun tinimsiz ishlashadi. Bu yerda esa shanba va yakshanba kunlari hech kim ishlamaydi, hamma dam oladi. Umuman boshqacha madaniyat, boshqa til. Odamlarning fikrlashi ham turlicha.

— Italiya futboli Rossiya va O‘zbekistondagi o‘yindan qaysi jihatlari bilan farq qiladi?

— Birinchi o‘rinda tezlik, Yevropada futbol juda tez. Bu yerda jismoniy kuch ko‘p narsani hal qiladi. Va albatta, bu yerdagi futbolchilar mahoratliroq.

— Yevropa darajasiga chiqish uchun ular nima qilishi kerak?

— Avvalo, tezlikni oshirishga e’tibor qaratishlari kerak. Nafaqat harakatlarda, balki o‘ylashda ham. Italiyaga kelganimda osongina o‘ynab ketaman, deb o‘ylagan edim. Lekin dastlabki mashg‘ulotlardan tushundimki, barchasi men o‘ylagandek oson emas. Himoyachilar doim sizga o‘yin bermaslikka harakat qilishadi. Doimiy ravishda oyog‘imga zarbalar qabul qilib olardim. Shunday qilib, jismoniy holat ustida alohida ishlash kerakligini tushunganman.

Foto: Getty Images

— Qaysi xislatlar evaziga muvaffaqiyatga erishganman, deb o‘ylaysiz?

— Qiyin savol. O‘ylaymanki, barchasi sabr ortidan keladi. Qachondir juda qiyin ko‘ringanida o‘zimga o‘zim bu mening darajam emas, deyishim va qaytib ketishim ham mumkin edi. Lekin men sabr qildim. Barchasi yaxshi bo‘lib ketishiga ishondim. Sabr ortidan mana hozir menda barchasi joyida.

— «Roma»dek klub siz bilan shartnoma imzolamoqchi ekanini eshitganingizda nimalarni his qilgansiz?

— Tushungandimki, mentalitetni o‘zgartirish kerak, har bir o‘yinga g‘alaba uchun tushish shart. Bu klubda katta maqsadlarga intilish borligini bilardim. «Roma»da kuchliroq raqobat mavjud. Har bir o‘yinda sen maydonga tushishga haqli ekaningni isbotlashing lozim.

— Mourino o‘z vaqtida Drogbani haqiqiy monstrga – dunyoning eng kuchli hujumchilaridan biriga aylantirgandi. U sizga qanday yordam beryapti?

— Hozirda biz ko‘proq taktika ustida ishlayapmiz. U barchasini qanday bajarish kerakligini ko‘rsatib beryapti va har bir o‘yinda uning ko‘rsatmalarini 100 foizga bajarishimizni talab qiladi. Albatta, ko‘proq gol urishni ham talab qiladi.

Foto: Instagram Eldor Shomurodov

— Allaqachon «Roma» safida bir nechta gol urishga erishdingiz. Konferensiyalar Ligasi pley-offida urilgan debyut gol haqida nimalarni gapira olasiz?

— Bu mening «Roma» tarkibidagi ilk rasmiy uchrashuvim edi (Konferensiyalar Ligasi saralash pley-offida, safarda «Trabzonspor»ga qarshi o‘yin). O‘sha paytda meni zaxiraga olishga tayyorlanishayotgandi. Debyut uchrashuvda gol urish, jamoamga Konferensiyalar Ligasida o‘ynash imkonini taqdim etishdan juda xursand bo‘lgandim.

— Siz o‘sha golni buvingizga bag‘ishlaganmisiz?

— Ha, o‘sha kuni uning tug‘ilgan kuni bo‘lgandi. Uni shu tarzda tabriklashni istagandim. U doim meni qo‘llab-quvvatlaydi, barcha o‘yinlarimni kuzatib boradi. Butun oilam, buvim, ayolim o‘yinlarimni kuzatib borishadi.

Foto: Getty Images

— Ushbu mavsum uchun qanday shaxsiy va jamoaviy maqsadlaringiz bor?

— Birinchi navbatda Chempionlar ligasiga chiqishni istayman. Konferensiyalar ligasida g‘alaba qozonmoqchiman. Bular – asosiy vazifalarimiz. Individual maqsadlarim doim jamoaviy yutuqlar bilan bog‘liq. Jamoaga g‘alaba qozonish va titullar qo‘lga kiritishda yordam berishni istayman. Jamoa yutaverar ekan, siz ham g‘alaba qozonasiz.

Top