10:26 / 23.02.2022
13085

Turfa taqdirlar, matonat va ko‘z yoshlar maskani

Davlat rahbarining Qoraqalpog‘istonga tashrifi arafasida bir guruh jurnalistlar Nukus “Muruvvat” ayollar internat uyida bo‘ldik.O‘z muammolarimiz naqadar mayda ekanligi, shukronamiz o‘ta yuzakiligi, bunday maskanlar ishchilari matonati oldida bizning irodamiz qanchalar zaifligini anglab yetdik. Juda ko‘pchilik yig‘ladi ham. Umuman, bugun hayotdan noliyotganlar mana shunday muassasalarga kelib turishlari lozim ekan. Chunki ruhiy muammolar va jismoniy nogironlikka duch kelganlar bu maskandan qo‘nim topishgan.

Jamiyat munosabati

Afsuski aqliy va ruhiy muammolarga duch kelgan, jismoniy imkoniyatlari cheklangan ayollarga munosabat ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi. Oilalar bu muammoni yashirishga, xaspo‘shlashga urinishadi, bemorni davolatishdan qochishadi, bunday insonlar odatda uzlatga mahkum qilinadi. Kasallik zo‘rayadi, zarur yordamni olmagan bemor azoblarga duchor bo‘ladi, uni yashirib, parvarishlagan yaqini ham beqiyos qiyinchiliklarni zimmasiga olishga majbur etiladi. Bu esa oilaning sog‘lom vakillari ham omma oldida bosh egib yashashiga zamin yaratadi.

Davlat zimmasidagi vazifa

Har qanday davlatning kuchi, salohiyati yordamga eng muhtoj toifadagi insonlarga ko‘mak berishda ko‘rinadi. Shunday bemorlar borki davolanmaydi, butun umr o‘zgalar ko‘magiga muhtoj. Ayniqsa u bemor ayol kishi bo‘lsa va jismoniy muammolar qatorida aqliy zaiflikdan aziyat cheksa, har qanday oila uchun tortib bo‘lmas yukka aylanadi.

Mana shu nuqtada davlat o‘z vazifasini bajarishi lozim. Zero bunday bemorlar jamlangan holda va professional xodimlar tomonidan parvarishlanishi kerak.

Nukus “Muruvvat” ayollar internat uyida 250 nafar ayol doimiy asosda yashaydi. Ularning har birining o‘ziga xos taqdiri borki, asarlar bitsa arziydi. Bu yerdagi bemorlar odatda juda abgor holatda yetib kelgan bo‘lsalar, ko‘pchiligi o‘z uylarida ham ko‘rmagan parvarishga erishadilar, zarur muolajalar qilinadi, yeguliklar bilan ta’minlanadi, toza liboslar beriladi va o‘zlari ham sanitar gigiyenik jihatdan qoniqarli ahvolda saqlanadilar.

Ahvoli har qancha og‘ir bo‘lmasin imkoniyati yuzaga chiqariladi

“Muruvvat” uyida juda murakkab bemorlarni uchratdik. Lekin har qancha og‘ir holatda bo‘lmasin, xodimlar ularni nima bilandir band qilishga urinishadi. Ayniqsa ularning qo‘l mehnatlari natijasi bo‘lgan suratlar, buyumlar bilan butun bino bezatib chiqilgani qiziqarli. Bu o‘ziga xos asarlar shu qadar nafiski, ularni usta san’atkorlar yaratgan degan fikr ham tug‘iladi. Ammo ayollar ko‘z o‘ngimizda tikayotgan kashtalar, chizayotgan suratlarini ko‘rib, hammasi haqiqiyligiga amin bo‘ldik. Darvoqe, bu yerda bemorlar tomonidan yaratilayotgan san’at asarlari sotuvga chiqarilishi, imkoni borlar xarid qilishlari juda maqsadga muvofiq. Chunki bunday xaridlar muassasa uchun o‘ziga xos qo‘llab-quvvatlash bo‘lishi mumkin.

Bemorlar nafaqat ish bilan band, balki raqsga tushishadi, badantarbiya bilan shug‘ullanishadi va hatto o‘zlari ham sahna ko‘rinishlari yaratishadi. Umuman, bu yerda ishlovchi 180 nafar xodimning har biri bemorning kayfiyati uchun ishlayotgani sezilib turadi.

Hammasi prezident uchunmi?

Asli bu maskan avval Xo‘jayli tumanida joylashgan bo‘lgan va eski hamda abgor bino bo‘lishiga qaramay bemor ayollar parvarishlab kelingan. Lekin muassasa faoliyati bilan tanishgan prezident Shavkat Mirziyoyev uni Nukusga ko‘chirish va barcha sharoitlarini yangilash haqida ko‘rsatma beradi hamda 2018 yilda Nukusdagi muassasa o‘z faoliyatini boshlaydi. Ayni paytda bu yerda turli hududlardan kelgan 250 bemor parvarishlanayotgan bo‘lsa, yana joy bo‘shashini kutayotgan oilalar ham bor.

Bemorlarning aksariyati o‘zini-o‘zi eplolmaydi, butun umr parvarishlanadi va ayrimlari hatto 80 yoshdan oshgan. Lekin hayratlanarlisi bu joyda hammasi pokiza, ozoda, hech qanday hid ham sezilmaydi. Kimdir o‘ylashi mumkin, hammasi prezident kelishidan oldin tayyorlab qo‘yilgan, deb. Biz davlat rahbari tashrif buyuradigan boshqa muassasalarda ham bo‘lganmiz va solishtirish imkoniyatiga egamiz. Bu yerda unday emas!

O‘rni kelganda aytish lozim, prezident shunaqa joylarga muntazam borib turadi va bemorlar oldida xursandchilik ulashishga harakat qiladi. Kamchiliklar sezilsa ham kimnidir izza qilmaydi.

Bunday bemorlar bilan ishlash mas’uliyati

Ochiq aytish lozim, bunday bemorlar bilan muntazam ishlash uchun katta sabot kerak. Ayniqsa ruhiy muammolar bezovta qiladigan ayollar salomatligi va xavfsizligini saqlash jiddiy nazoratni talab qiladi. Muassasa rahbari Lidiya Kimning ta’kidlashicha, har qanday holatda ham xodimlarga mas’uliyatli bo‘lish majburiyati yuklanadi. Ya’ni bemorlar tasodifan yoki ataylab bir-birlariga ozor berib qolgan holatda o‘sha onda shu yerda bo‘lishi lozim bo‘lgan xodim javobgar bo‘ladi. Chunki bunday vaziyatning oldini olish choralarini hamma ko‘rishi shart.

Quyida Nukus “Muruvvat” ayollar internat uyidan fotoreportajimizni havola qilamiz. Insonlar shaxsiga urg‘u bermaslik maqsadida asosiy e’tiborni bemorlar tomonidan yaratilgan san’at asarlariga qaratdik.

Abror Zohidov, Kun.uz muxbiri, Toshkent-Nukus.

Top