17:16 / 01.03.2022
7349
Sirdaryoda fuqaroga haydovchilik guvohnomasi olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar  ushlandi
Foto: IIB axborot xizmati

Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, olingan tezkor ma’lumotlar asosida IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi, Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan Guliston shahar hududida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tezkor tadbirda, fuqaro D.M.ga N.R. hamda I.B. “V” toifasidagi haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga 100 AQSh dollari miqdordagi pullarni talab qilib olgan vaqtida ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan N.R. hamda I.B.larga nisbatan Sirdaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi, 25-moddasi hamda 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Sirdaryoda fuqaroga 15 kun muddatda “prava” olib berishni va’da qilgan shaxslar ushlangandi.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev avtomaktablar bo‘yicha bosh prokuror va vazirlarga topshiriqlar bergandi.

2022 yil 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident yo‘l harakati qoidalari buzilishi va avariya holatlari keskin oshayotganiga e’tibor qaratdi. Prezident haydovchilik guvohnomasi olishda poraxo‘rlik odatiy holga aylanganini tanqid qilgandi.

Top