17:22 / 02.03.2022
11066
Toshkentda ekoboshqarma ruxsati bilan daraxtzor kesib yuborildi

Yunusobod tumani 8-kvartal, xalq tilida “Yunusobod krugi” deb nomlanadigan joyda 14 tup sofora daraxti bir necha soat ichida kesib tashlandi. Tadbirkor daraxtlarni kesish uchun Toshkent shahar ekologiya boshqarmasidan ruxsat olgan.

Boshqarma rasmiysi Kun.uz bilan suhbatda ruxsat berilganiga sabab sifatida sofora daraxti kesilishi taqiqlangan daraxtlar ro‘yxatida yo‘qligini aytmoqda.

O‘zbekistonda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlari kesilishiga muddatsiz moratoriy amal qilmoqda. Hukumatning 2020 yildagi qarorida moratoriy davrida kesilishi taqiqlangan daraxt navlari (jami 78ta) ro‘yxati tasdiqlangan. Yapon soforasi, darhaqiqat, ro‘yxatda yo‘q.

Biroq Toshkentda daraxtlar katta tezlikda kamayib ketayotganini hisobga olsak, Toshkent shahar ekoboshqarmasi bu o‘rinda 14ta baland-baland daraxtni kesishga ruxsat berishi emas, balki hukumat qaroriga qo‘shimcha kiritish tashabbusini bildirishni so‘rab Ekoqo‘mitaga murojaat qilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Boshqarmaning Bioxilmaxillik bo‘limi boshlig‘i Otabek Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, har bir daraxt uchun o‘ntadan ko‘chat olib berish sharti evaziga tadbirkorga 14ta soforani kesishga ruxsat berilgan. Shu o‘rinda, daraxtlarning turlari va qiymati borasida shaffoflik zarur. Kesilgan daraxtlar jarimasi va kompensatsiya miqdori qanday asosda belgilanadi? Oddiy til bilan aytganda, daraxtimiz necha pul turadi o‘zi? Kesishga ruxsat berib, rasman Ekoqo‘m g‘aznasiga falon so‘m tushirib, cho‘ntakka falon so‘m urish holatlari yo‘qmikin? Shunday savollar tug‘ilmasligi uchun shaffoflik kerak.

Prezident ko‘p qavatli uylar orasida, ularga yaqin hududlarda qurilishlar bo‘lmasligini aytadi, Toshkentda qurilishlar bo‘lmaydi, tashqariga chiqamiz endi, deydi. Yashillikka doir selektorlar o‘tkazib, tegishli farmon va qarorlarni imzolaydi, moratoriyni muddatsiz joriy qiladi, shunday pallada ekoboshqarma davlat rahbari yuritayotgan siyosatga ters ish qiladimi? Kam qimmatlimi, qimmatbahomi, qanday daraxt bo‘lmasin, kesilishiga qarshi kurashishi lozim bo‘lgan tashkilotdan shunday gaplar yangrayaptimi? Daraxtning qiymatidan qat’i nazar, u salqin va kislorod berishda deyarli bir xil-ku.

Ekoqo‘mita matbuot kotibi Bunyod Abdullayev bu borada xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi mumkinligi, qo‘mita bunday ishlarga mutlaqo qarshi ekanini bayon qildi.

Yunusoboddagi holat qonunchilikdagi “lazeyka”ning kashf etilishi bo‘lib, moratoriyni aylanib o‘tish ommalashib ketmasligi zarur. Buning uchun Ekologiya qo‘mitasi moratoriy davrida kesilishi taqiqlangan daraxtlar ro‘yxatini kengaytirishga erishishi kerak. Shuningdek, qo‘mita o‘z quyi bo‘g‘inlariga shunday holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi bo‘yicha topshiriqlar berishi maqsadga muvofiq.

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top