16:36 / 03.03.2022
45362
“UzAuto Motors” Chevrolet ommabop modellarining shartnomalarini yangilaydi

UzAuto Motors butun pandemiya mobaynida 2020 yilning mart oyidan buyon ishlab chiqarishni optimallashtirish va global muammolarning ishlab chiqarish jarayoni hamda tannarxga ta’sirini kamaytirish uchun o‘z oldiga qo‘ygan yuqori talablar rejasini bajardi.

Foto: Kun.uz

“Tanaffus” davomida kompaniya navbatlarni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘ldi va kompaniya 3 martdan boshlab Chevrolet Lacetti, Cobalt, Nexia va Spark avtomobillari uchun shartnomalar qayta tiklanishi haqida rasman ma’lum qiladi.

Kompaniya pandemiya davrini yarimo‘tkazgichlarning global tanqisligi va logistik inqiroz shuningdek, milliy valuta inflatsiyasiga qaramay, boshqa mamlakatlardagi avtomobil ishlab chiqaruvchilar orasida eng yaxshi natijalar bilan o‘tkazdi: Ikki yilda avtomobillarning umumiy qiymati o‘zgarmadi, chet el valutasida esa hatto arzonlashdi (14 foiz), zavod o‘z faoliyatini to‘xtatmay, barcha ish o‘rinlarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. UzAuto Motors zavodlari faoliyatiga 300 dan ortiq yetkazib beruvchilar, 100 dan ortiq savdo va servis dilerlik korxonalari va turdosh sanoat tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan 200 mingdan ortiq xodimlar jalb qilingan.

Bundan tashqari, kompaniya 2020 yilda pandemiyaning eng yuqori cho‘qqisida  barcha ishlab chiqarish rekordlarini yangilashga muvaffaq bo‘ldi: uch yil ichida ishlab chiqarish hajmi 1.8 baravarga ko‘paydi va 280 ming avtomobilni tashkil etdi. So‘nggi uch yil ichida esa 786 mingta avtomobil ishlab chiqarildi. Bu avvalgi uch yilga nisbatan ishlab chiqarish 1,8 barobarga oshganini ko‘rsatadi. Kompaniya 2019 yildan boshlab davlat imtiyozlaridan bosqichma-bosqich voz kechishni amalga oshirdi. Buning natijasida UzAuto va tarmoq korxonalari birgina o‘tgan yilning o‘zida budjetga 5,36 trln so‘m to‘lagan bo‘lsa, bu 2018 yilga nisbatan 3 barobar ko‘p, so‘nggi uch yilda esa 13.11 trillion so‘mni tashkil etdi.

Ammo global logistika inqirozi ko‘plab ishlab chiqaruvchilarga ta’sir o‘tkaza oldi. Agar 2019 yilda avtomobil ehtiyot qismlarini yetkazib berish muddati 30-40 kun oralig‘ida tebrangan bo‘lsa, bitta konteynerni Janubi-G‘arbiy Osiyodan O‘zbekistonga olib o‘tishning o‘rtacha narxi 4,5-5,0 ming dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Janubiy Koreya, Xitoy va Rossiya dengiz portlaridagi tig‘izlik ushbu muddat 6 oygacha cho‘zilishi va bitta konteyner tashishning narxi 12-14 ming dollarni tashkil qildi.

Kutilmagan global logistika inqirozidan tashqari, xomashyo narxlarining ko‘tarilishi kompaniya ahvolini sezilarli darajada murakkablashtirdi; barcha boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarni so‘nggi ikki yil ichida narxlarni 20-40 foizga oshirishga majbur qildi. 2020 yildan boshlab xomashyo narxi sezilarli darajada oshdi, xususan, po‘lat 70 foizga, mis 64 foizga, alyuminiy qotishmalari 76 foizga, polimerlar 60 foizga qimmatlashdi.

Barcha faktorlar, jumladan, xomashyo va material narxining oshishi, logistika xarajatlarining sezilarli darajada qimmatlashishi va boshqa omillar avtomobillar tannarxining modelga qarab 1,8-3,1 ming dollarga oshishiga olib keldi.

Bu yil pandemiya va xomashyo narxining oshishi bilan bog‘liq global inqirozlar bilan cheklanib qolmadi. Butun dunyo muammolariga so‘nggi paytlarda Yevroosiyo mintaqasidagi geosiyosiy vaziyat ham qo‘shildi. Xalqaro notinchlik vaqtida korxonalarda ishlab chiqarish jarayonini ta’minlash uchun ta’minot zanjiri uzluksizligini ta’minlash murakkab jarayonligini hisobga olsak, har qanday holatda ham korxonalarning konveyerlarning to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymasdan ishlashini ta’minlash juda muhimdir.

Bundan tashqari, xomashyo va materiallar (po‘lat, polimerlar, katalizatorlar) yetkazib berishning Rossiyadan boshqa mintaqalarga o‘tkazilish ehtimoli natijasida 73,2 million dollar (+29 foiz) miqdorida qo‘shimcha xarajatlarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, logistika yo‘nalishlarining Rossiya temir yo‘llaridan transxitoy yo‘nalishiga o‘tishi ehtimoli natijasida 115,2 million dollar (+45,5 foiz) miqdorida qo‘shimcha xarajatlarga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, “ UzAuto” mahalliy iste’molchilar manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda, ushbu xarajatlarning oldini olish va kompaniya faoliyatiga geosiyosiy omillarning ta’sirini minimallashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi.

Bozor tahlili natijalariga ko‘ra, shuningdek, xomashyo tannarxining oshishi, kommunal xizmatlar uchun tariflar, milliy valutaning qadrsizlanishi va boshqa omillarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi 249-sonli qaroriga muvofiq, UzAuto Motors 2022 yil 3 martdan boshlab ishlab chiqarilgan avtomobillarning ayrim modellari uchun chakana narxlarni yangilashga majbur.

Qayd etish joizki, 2022 yilda ishlab chiqarishga rejalashtirilgan 275 ming dona avtomobilning (shu jumladan eksport uchun 60 ming dona) 60 foizi mahalliy iste’molchilar tomonidan 2020 yil mart oyida belgilangan narxlarda xarid qilingan. Bundan kelib chiqadiki, narxning o‘rtacha yillik o‘zgarishi 3.3 foizni tashkil qiladi. Shu bilan birga, jahon avtomobil bozorida narxlar sezilarli darajada katta foizga qimmatlashgan. Xuddi shu paytda UzAuto Motors'ning eksport narxlari 33 foizdan ortiq ko‘tarildi.

Bundan tashqari, kompaniya iste’molchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida, ommaviy segment modellarida jismoniy shaxslar uchun oldindan to‘lov foizini 85 foizdan 50 foizga pasaytirmoqda. Misol uchun, Chevrolet, Cobalt A/T rusumli avtomobilni 125,6 million so‘mga sotib olayotganda oldindan to‘lov 106,7 million so‘mni tashkil qilgandi. Yangi shartlarga ko‘ra, oldindan to‘lov 62,8 million so‘mgacha kamaytiriladi.

Shuningdek, shartnomada avtomobilni yetkazib berish kechiktirilgan taqdirda xaridorga kompensatsiya to‘lanishi haqida band nazarda tutilgan.

  • Avtomobil sotib olishdagi yangi shartlar faqatgina yuqoridagi sanadan boshlab tuzilgan shartnomalar uchun amal qiladi.

“ UzAuto” kompaniyasi birinchi navbatda “bizmesmenlar”ning emas, aksincha aholi ehtiyojlarini qondirish uchun tegishli vakolatli organlar bilan kelishgan holda, avtomobilni qayta sotish uchun emas, balki foydalanish uchun sotib olgan mijozlarga avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobillarni yetkazib berishni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Avtomobillarni spekulyativ maqsadlarda sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzish holatlari aniqlangan taqdirda, kompaniya avtomobilni yetkazib berish muddatini qo‘shimcha 120 kunga oshirish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Bu avtomobillarni xaridorlarga yetkazib berish muddatini qisqartirish, aholi o‘rtasidagi talabni qondirish imkonini beradi.

Kompaniya ushbu choralar majburiy choralar ekanligi hamda bozor kon’yukturasining umumiy o‘zgarishiga munosabati bilan bog‘liq ekanligiga ishontiradi.      

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 fevraldagi PQ-137-sonli qaroriga muvofiq, import qilinadigan avtomobillarni olib kirishning yangi tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra bojxona to‘lovlari ikki va undan ortiq barobarga pasaytirildi.

Shunday qilib, 21 fevralgacha narxi 10 000 dollar, dvigatel hajmi 1,4 litr bo‘lgan avtomobil uchun bojxona to‘lovlari 5 800 AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, yangi stavkalarga ko‘ra, import bojlari 2 900 dollar, 2023 yilning 1 yanvaridan esa 2340 dollar qilib belgilangan. Bu faktor albatta, O‘zbekiston avtomobil bozoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan raqobat muhitini yaratadi.

UzAuto Motors kompaniyasi avvalgidek, avtomobil ishlab chiqaruvchilar orasida narxlar barqarorligi bo‘yicha yetakchi bo‘lishga, avtomobillar narxini bozordagi inflatsiya va boshqa o‘sishlarga mutanosib ravishda oshirmaslik imkonini beradigan optimallashtirish dasturini amalga oshirishda davom ettirishini ishontirib aytadi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid
Top