21:40 / 12.03.2022
18481
Yomg‘ir yig‘uvchi moslama, shirin kartoshkalar – innovatsion forumda yangi loyihalar taqdim qilindi

Forumda svetoforlarni quyosh energiyasidan foydalanib ishlatish, batat o‘simligini ko‘paytirish, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash qurilmasi kabi loyihalar taqdimot qilindi.

11-12 mart kunlari Innovatsion rivojlanish vazirligida turli innovatsion loyihalardan iborat bahorgi forum bo‘lib o‘tdi. Unda respublika viloyatlaridan kelgan olim va ixtirochilar o‘z ishlanmalari bilan ishtirok etishdi.

Forumda Guliston davlat universiteti tomonidan sho‘r yerlarda yaxshi o‘suvchi batat o‘simligi namoyish qilindi. Universitet talabasi Jannatoy Turdiqulovaning ma’lumot berishicha, bu – kartoshka o‘rnini bosadi, tarkibida glyukoza, oqsil, kraxmal miqdori yuqori bo‘ladi. Kartoshkadan afzalligi – uni ko‘chat holida ham, hosilidan ham ko‘paytirish mumkin.

Sariq navli batat, Guliston davlat universiteti

“Bir tup kartoshka 2-3 kilogramm hosil bersa, batatdan 4-6 kilogrammgacha hosil olish mumkin. Undan kraxmal, poyasidan benzin olish mumkin”, – dedi u.

Batatning qovurilgan shakli, Guliston davlat universiteti 

Batatning qizil navini Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali xodimi Anvar Shamsiyev ham namoyish qildi. Unga ko‘ra, zararkunandalar batatga ta’sir ko‘rsatmaydi, undan un va un mahsulotlarini tayyorlashni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.  

Qizil navli batat, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali

 

Qizil navli batat unidan tayyorlangan pishiriq, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali

Forumda Toshkent tibbiyot akademiyasi tomonidan ko‘p funksiyali, biologik parchalanuvchi qoplama taqdim etildi. U mikrobli zararlanishlardan so‘ng to‘qima va a’zolarning tiklanishini tezlashtirish uchun mo‘ljallangan.

Ko‘p funksiyali, biologik parchalanuvchi qoplama, Toshkent tibbiyot akademiyasi

“Qoplamaning o‘ziga xos xususiyati zararlangan jarohatlarni bitishini jadallashtirish, jarohatlarning tuzalish vaqtini kamaytirish, ko‘z shox-pardasini tiklashdan iborat”, – deydi akademiyasi xodimi L. Xegay.

Ko‘rgazmada Qoraqalpoq davlat universiteti tomonidan namoyish qilingan ortopedik yostiqchalar, umurtqa pog‘onasining to‘g‘ri bo‘lishi uchun yordam beradi.

Ortopedik yostiqchalar, Qoraqalpoq davlat universiteti

Universitet professori, biologiya fanlari doktori Allaniyozova Mapruzaning tushuntirishicha, bu yostiqchalar yotib qolgan bemorlarning yotoq yara bo‘lmasligiga ham yordam beradi. Chunki ular havo o‘tkazadi. Yostiqcha ichiga solingan mahsulot ham tabiiy bo‘lganligi uchun allergik kasalliklarni keltirib chiqarmaydi.

Yomg‘ir suvini o‘zida saqlab qoluvchi moslama, Qoraqalpoq davlat universiteti 

Bundan tashqari, universitet daraxtlar uchun yomg‘ir suvini yig‘ib beruvchi moslama, juda past olovda ham xonani yaxshi isituvchi Ijdan gaz kotyollari, qurilish chiqindilaridan tayyorlangan ko‘mir o‘rnini bosuvchi mahsulot va lego g‘ishtlarni ham taqdimot qilishdi.

Past olovda ham uyni isitib turuvchi Ijdan gaz kotyollari, Qoraqalpoq davlat 

 

Qurilishda foydalaniladigan lego g‘ishtlar, Qoraqalpoq davlat universiteti

 

Qurilish chiqindilaridan tayyorlangan ko‘mir o‘rnini bosuvchi mahsulot Qoraqalpoq davlat universiteti

Forum yakunida 61ta tayyor ilmiy ishlanmalarni amaliyotda qo‘llash va tadqiqot ishlarini bajarish uchun 14 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi.

Top