14:39 / 14.03.2022
6914
Markaziy bankning Samarqand va Surxondaryo viloyatlari bosh boshqarmalariga yangi rahbarlar tayinlandi

Markaziy bank axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Otabek Azimov Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi, Azamat To‘xtayev esa Markaziy bankning Surxondaryo viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Otabek Azimov 1978 yilda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Samarqand kooperativ instituti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Faoliyatini 1999 yil O‘zbekiston Respublikasi TIF Milliy banki Nurobod filialida yetakchi mutaxassis sifatida boshlagan. 2010 yildan bugunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida turli lavozimlarda faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Azamat To‘xtayev 1979 yilda Surxondaryo viloyati, Boysun tumanida tug‘ilgan. Termiz davlat universitetida Bank ishi yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan. 2002 yilda Markaziy bankning Surxondaryo viloyati bosh boshqarmasida yetakchi iqtisodchi sifatida ish boshlab, turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2018 yildan shu kungacha Markaziy bankning Surxondaryo viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyevning Samarqandga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat bank-moliya tizimidagi kamomadlar, jinoyatchilikka oid raqamlar o‘sib borayotgani keskin tanqid qilinib, Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Otabek To‘xtayevni ishdan olish bo‘yicha topshiriq berilgandi.

Mavzuga oid
Top