16:28 / 16.03.2022
43306

Qoraqalpog‘iston YHXB boshlig‘i qo‘l ostidagi xodimlariga kuch ishlatdi va haqorat qildi

Qoraqalpog‘istonda xodimlarini haqorat qilib, kuch ishlatgan YHXB boshlig‘i intizomiy jazoga tortildi. Kaltak yegan va haqoratga ko‘milgan YPX xodimlari esa ishdan olingan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonda DYHXX mulozimi xodimlarini haqorat qilib, kuch ishlatgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV axborot xizmati izoh berdi.

YPX xodimining bodikamerasiga yozilib qolgan lavhada xodimlarga ma’muriy jarima choralari kam bo‘lgani sababli zug‘um qilinayotgani ko‘ringan. Ma’lum bo‘lishicha, so‘kong‘ich va mushtumzo‘r rahbar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi, kapitan B.Xojanov.

Rasmiy izohda voqea bir yil oldin – 2021 yilning 14 fevral kuni sodir bo‘lgani aytiladi.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Xojanovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tekshiruvi yakuni bo‘yicha, u ko‘l ostidagi xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgani va xizmatda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun “lavozim maoshining 30 foiz miqdorida ushlab qolish” qattiq intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, kaltak yegan va haqoratga ko‘milgan YPX xodimlari bodikamerani qasddan ishdan chiqarishga uringanlikda ayblanib ishdan olingan.

Bundan oldin Qoraqalpog‘istonda mastlikni aniqlash uchun o‘zining telpagidan foydalangan inspektorga chora ko‘rilgandi. Undan avvalroq esa Chimboy tumanida YPX xodimi fuqaroni haqoratli so‘zlar bilan so‘kkandi.

Top