15:21 / 19.03.2022
4975
«2021 yilda qotillik jinoyatlarining har uchinchisi oilaviy muammolar tufayli sodir etilgan» – Po‘lat Bobojonov

2021 yilda qotillik jinoyatlarining har uchinchisi – 37,1 foizi, og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlari oilaviy muammolar tufayli sodir etilgan. Bu haqda bugun, 19 mart kuni Senat yalpi majlisida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasiga oid 2021 yil yakuni bo‘yicha axborot bergan Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ma’lum qildi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 2021 yilda sodir etilgan jinoyatlar umumiy soni 84 100 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga o‘rtacha 321,4 tadan to‘g‘ri kelmoqda.

«Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi, mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda», - deyiladi vazirning hisobotida.

Xususan, 2021 yilda qotillik jinoyatlarining har uchinchisi yoki 158 tasi (37,1 foizi), og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 190 tasi (14,4 foizi) oilaviy muammolar tufayli sodir etilgan.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 14 ming 935 ta huquqbuzarlik sodir etilgan. Ularning qariyb 60 foizi (8 589 tasi) Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi. 

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotganligi tufayli 2021 yilda 9 759 nafar xotin-qiz tomonidan 9 053 ta jinoyat sodir etilgan.

Shuningdek, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 65,2 foizi Farg‘ona, Toshkent, Namangan va Buxoro viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bundan tashqari, 14 mingdan ortiq jinoyat ishsizlar tomonidan sodir etilgani ma’lum qilindi.

Oliy Majlis Senati bundan buyon sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning doimiy tahlilini yuritish orqali bunday holatlarning kelib chiqish sabab va omillarini aniqlash hamda bartaraf etish choralariga doir qaror qabul qildi.

Shuningdek, Senat raisi Tanzila Norboyeva oila-turmush munosabatlari doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarga beriladigan himoya orderi muddati 1 oydan 1 yilga cho‘zilayotganini ma’lum qildi.

«Biroq qilinayotgan ishlar yetarli emas, e’tibor asosan ayollar himoyasigagina qaratilgan. Ya’ni psixolog ham, mahalla-yu uning nozirlari ham faqat ayollar bilan ishlamoqda. Uning turmush o‘rtog‘i-chi? U bilan kim ishlaydi? U tarafdan keltiriladigan vaj va sabablarni kim eshitadi?» - dedi Senat raisi. 

Top