23:25 / 19.03.2022
9124
“Bir sudyaning vakolati muddatidan oldin tugatildi, uch nafar sudya lavozimga tayinlandi” – Sudyalar oliy kengashi

Ma’lum qilinishicha, vakolat muddatidan oldin tugatilgan sudya odil sudlovni amalga oshirishda qonuniylikni buzgan.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatining xabar berishicha, kengash qarori bilan odil sudlovni amalga oshirishda qonuniylikni buzgani uchun Toshkent shahar Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi O.Ismoilov lavozimidan ozod etilib, vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan. Biroq xabarda sudya aynan qaysi turdagi qonunbuzarlik uchun jazolanganiga oydinlik kiritilmagan.

Bundan tashqari, Sudyalar oliy kengashining navbatdagi yig‘ilishida Sudyalar oliy maktabini muvaffaqiyatli bitirgan nomzodlarni sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga tayinlash masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Yakunda kengash qarori bilan:

  • Kamolov Mehriddin Homidovich – sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga Navoiy viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi sudyasi lavozimiga;
  • Mansurov Muhiddin Mehriddinovich – sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga Buxoro viloyati Buxoro tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi lavozimiga;
  • Fozilova Yulduz Olimovna – sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga Toshkent shahar Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi lavozimiga tayinlangan.

Avvalroq qonuniylikni buzgan bir nafar sudya lavozimidan ozod etilgani, mas’uliyatsizligi va faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun turli viloyatlarda ishlayotgan sakkiz nafar sudya intizomiy jazoga tortilgani, shuningdek, 6 nafar sudya bilan “xayrlashilgani” xabar qilingandi.

Mavzuga oid
Top