Yaponiyani dahshatga solgan hodisa: Fukushima AESdagi halokat nega sodir bo‘lgandi?
Bundan 11 yil avval Yaponiyada 9 balli zilzila sodir bo‘ladi. Uning epimarkazi Yaponiya shimolidagi Xonsyu orolining sharqiy qismiga tutash joyda edi. Zilzila tufayli sodir bo‘lgan sunami Fukushima AESda halokat keltirib chiqaradi. Oqibatda qariyb 200 ming odam ko‘chiriladi. 20 ming kishi halok bo‘ladi va bedarak ketadi.
Yaponiya dunyodagi eng seysmik faol hududda joylashgan. Bu mamlakatda bir oyda o‘rtacha 1 balldan yuqori 30 ta, 4 magnitudadan yuqori 15 ta zilzila sodir bo‘ladi.
Yaponiyaliklar yer qimirlashiga ko‘nikib qolgan desa ham bo‘ladi. Bu mamlakatda zilzila sodir bo‘lganda nimalarga e’tibor berish va o‘zini qanday tutish yoshlikdan o‘rgatiladi. Barcha ijtimoiy obektlar, turli korxonalar yer qimirlaganda kerak bo‘ladigan ashyolar bilan ta’minlangan.
Shunday bo‘lsa ham, har-har zamonda mamlakatda juda kuchli zilzilalar ham sodir bo‘lib turadi va ular turli vayronagarchiliklar keltirib chiqaradi. 2011 yilda Fukushima AES joylashgan hududga yaqin joyda dengizda sodir bo‘lgan 9 balli zilzila ham Yaponiya uchun katta halokatni keltirib chiqargandi.
Zilzila va sunami
2011 yil 11 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:46 da Yaponiya shimolidagi Xonsyu orolining sharqiy qismida magnitudasi 9 ballga teng zilzila sodir bo‘ladi. Zilzila epimarkazi Tokiodan 373 kilometr shimoliy-sharqda, Tinch okeanida, dengiz sathidan 32 kilometr chuqurlikda joylashgan edi. Zilzila oqibatida uning epimarkaziga yaqin bo‘lgan hududlarda ko‘plab binolar vayron bo‘lishi bilan birga, kuchli sunami yuzaga keladi.
Bu sunami to‘lqini o‘sha kungacha kuzatilgan to‘lqinlardan bir necha barobar yuqori bo‘lib, u Yaponiyaning shimoliy-sharqiy sohillariga katta ziyon yetkazadi. Kuchli sunami Yaponiyaning 561 kilometr kvadrat hududini suv bosishiga sabab bo‘ladi. Shundan 327 kilometr kvadrat yer maydoni Miyagi prefekturasida, qolgani Fukushima va Ivate prefekturalari hududida edi.
Tsunamining balandligi Ivate prefekturasidagi Miyako shahrida 40,5 metrga yetadi. Umumiy hisobda sunami oltita prefekturadagi 62 ta shahar va ko‘plab qishloqlarga ziyon yetkazadi. Tabiiy ofat oqibatida 15 ming 894 kishi halok bo‘ladi, 2 ming 562 kishi bedarak yo‘qoladi. Halok bo‘lganlarning 93 foizi sunami qurbonlari bo‘lgan. Keyinchalik bu halokatga yaponlar “Sharqiy Yaponiyadagi buyuk zilzila” degan nom berishadi.
Fukushima AESdagi halokat
Zilzila sababli yuzaga kelgan sunami shahar va qishloqlarni vayron qilish bilan birga ko‘plab ijtimoiy obektlar va ishlab chiqarish korxonalariga zarar yetkazadi. Garchi epimarkazdan 180 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lsa ham, bir tarafdan zilzila kuchi, ikkinchi tomondan sunami to‘lqini Fukushima prefekturasida joylashgan Fukushima AESga ham jiddiy zarba beradi. Oqibatda AESda halokat sodir bo‘ladi.
AESga balandligi 4 metr bo‘lgan birinchi to‘lqin urilganda unga hech qanday zarar yetkaza olmaydi. Uni AES atrofiga qurilgan balandligi 5,5 metr bo‘lgan himoya dambasi qaytaradi. Oradan 40 daqiqa o‘tib, mahalliy vaqt bilan 15:35 da balandligi 14-15 metr bo‘lgan ikkinchi to‘lqin himoya dambasining ustidan oshib o‘tadi va yo‘lida uchragan barcha qurilmalarga zarar yetkazib, AESning asosiy inshootiga borib uriladi. O‘shanda sunami to‘lqinlari urilishi tufayli Fukushima-1 AESining 6 ta energoblokidan 4 tasi suv ostida qoladi.
Kuchli to‘lqin AESning energiya va sovitish tizimini ishdan chiqaradi. Oqibatda uchta energoblokda yadro yoqilg‘isining erishi ro‘y beradi va u reaktorning himoya korpusini eritib, teshib yuboradi. Shundan so‘ng AESning 1-, 3- va 4-reaktorlarida vodorod portlaydi va 1-energoblokning tomi vayron bo‘ladi.
AESda sodir bo‘lgan portlashlar atmosferaga radioaktiv moddalarning chiqib ketishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, AES reaktorlari va boshqa qurilmalar hamda tunnellarni bosgan suv radioaktiv moddalar bilan to‘yinadi va zaharli suvga aylanadi.
Odamlarni ko‘chirish
Shundan so‘ng AES atrofida yashaydigan aholini zudlik bilan ko‘chirish ishlari boshlanadi. Halokat sodir bo‘lgan kunning o‘zida AESdan 3 kilometr radiusda bo‘lgan odamlarni ko‘chirish haqida buyruq beriladi. Biroz o‘tib halokat ko‘lami kattaligi uchun 12 mart kuni tongdan AESdan 10 kilometr radiusda bo‘lgan barcha odamlarni ko‘chirish ishlari boshlanadi.
AESdagi yana uchta energoblokda halokat yuz bergani ma’lum bo‘lgach, 15 mart kuni 20 kilometr radiusdagi odamlar ko‘chirila boshlanadi. 30 kilometr radiusdagi odamlar esa uylardan chiqmaslik haqida ogohlantiriladi. Shu tariqa, halokat ko‘lami oshgani sayin odamlarni ko‘chirish masofasi kengaytirib borilaveradi.
Garchi zilzila va sunami infratuzilmalarga katta zarar yetkazgan bo‘lsa ham, AES atrofida yashovchi aholi juda tez, 3 kun muddat ichida xavfsiz joyga ko‘chiriladi. O‘shanda halokat yuz bergan hududdan jami 164 ming odam ko‘chirilgan. 2020 yilgacha ularning qariyb 40 ming nafariga o‘z uylariga qaytishga ruxsat berilgan. Hozirda Fukushima AES atrofida 10 kilometr radiusdagi hudud kirish taqiqlangan joy sifatida belgilab qo‘yilgan.
Halokat sodir bo‘lgan zahoti 2 ming nafardan oshiq odam tibbiy yordamga murojaat qiladi. Keyingi kunlarda ularning soni oshib boraveradi. Halokat oqibatida sog‘ligiga jiddiy zarar yetgan insonlarni avvaliga AESdan 20 kilometr radiusda bo‘lgan shifoxonalarga yotqizishadi. Halokat ko‘lami oshgach, barchani boshqa xavfsiz hududlarga ko‘chirishadi. Halokat oqibatida sog‘ligini yo‘qotganlardan qariyb 2500 nafari vafot etadi.
Radiatsiya ko‘lami
Halokat sodir bo‘lgandan so‘ng 3-4 kun davomida AESdan atmosferaga katta miqdorda radioaktiv moddalar tarqaladi. 15 mart kuni yomg‘ir yog‘adi va u atmosferaga radioaktivlar tarqalishini biroz kamaytiradi. Havoga tarqalgan radioaktiv moddalarning asosiy qismini inert gazlar, yana stronsiy va plutoniy zarralari tashkil etadi.
O‘shanda atmosferaga jami 32 PBk (petabekkerel) kripton-85 izotopi, 12 ming PBk ksenon, 400 PBk yod-131, 20 PBk seziy-137 tarqaladi. Fukushima AES halokati ko‘lami Chernobil AES halokatidan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi.
2011 yil 23 martdan so‘ng havoga radioaktivlar chiqishi keskin kamayadi. Ammo bu bilan muammo ko‘lami kamaymaydi. AES hududini bosgan va radioaktiv moddalar bilan to‘yingan zaharli suvning bir qismi okeanga chiqib ketgan, asosiy qismi esa AES hududida qolayotgandi. Bundan tashqari, AES atrofidagi hududda yer osti suvlarigacha zaharlangan edi.
Istalgan paytda, ehtimoliy sodir bo‘ladigan to‘fon yoki kuchli yomg‘irlar yog‘ishi tufayli yuzaga keladigan sellar nafaqat AES hududidagi, balki yer ostidagi zaharli suvlarni okeanga chiqarib yuborishi mumkin edi.
Halokat oqibatlarini bartaraf etishga urinish
Halokat sodir bo‘lgandan biroz o‘tib, eng avvalo radioaktiv moddalarning atmosferaga chiqib ketishini to‘xtatish uchun 1-energoblok ustida himoya gumbazi barpo etish ishlari boshlanadi va 2011 yil kuzida u bitkaziladi.
Keyingi navbatda 2012 yildan boshlab AES hududida va yer ostida bo‘lgan zaharlangan suvlarning okeanga chiqib ketmasligining oldini olish uchun po‘lat devor qurish boshlanadi. Uch yil davom etgan qurilish ishlaridan so‘ng 2015 yilda qirg‘oq chizig‘i bo‘ylab 780 metr uzunlikda va 30 metr chuqurlikdan tortilgan devor qurib bitkaziladi.
Tokyo Electric Power energetik korporatsiyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu to‘siq zararlangan va radiatsiyaga uchragan yerosti suvlarining okeanga oqib ketish hajmini kuniga 400 tonnadan 10 tonnaga tushiradi. Keyinchalik devor ortida to‘planib qoladigan suvlar radiatsiyadan tozalanib, okeanga chiqarila boshlanadi. 2015 yilda ilk 850 tonna suv radiatsiyadan tozalanib okeanga quyiladi. Bu ish undan keyin ham davom ettirib kelinmoqda.
Halokat keltirgan zarar
Fukushima AESdagi halokat juda katta maydonda radiatsiyani yuzaga keltiradi. Bundan tashqari, Tinch okeanining Fukushima AES bilan tutash hududiga radioaktiv moddalar bilan to‘yingan zaharli suv tushadi va dengiz ekoflorasiga katta zarar yetkazadi.
2013 yilda Yaponiya hukumati tomonidan “Fukushima-1” AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etish va jabrlanganlarga tovon puli to‘lash uchun ketadigan xarajatlar 11 trillion iyenaga baholanadi. Bu summa dollarda qariyb 100 milliard bo‘lardi.
Ammo keyinchalik Yaponiya hukumati tomonidan tovon puli olishi kerak bo‘lgan kompaniyalar ro‘yxati kengaytiriladi va halokat oqibatlarini bartaraf etish uchun dastlabki hisob-kitoblarda aytilgan puldan ikki karra ko‘proq mablag‘ kerak bo‘lishi oydinlashadi.
Yaponiya savdo va sanoat vazirligi xarajatlar 20 trillion iyenadan (180 milliard dollar) oshib ketishini ma’lum qiladi.
Fojia oqibatida jabrlanganlar, jumladan, zararlangan hududlarni tark etishga majbur bo‘lgan tadbirkorlar, sayyohlik kompaniyalariga to‘lanadigan tovon pulining umumiy qiymati 8 trillion iyenaga (72 milliard dollar) yetadi. Ushbu summaga fojiadan so‘ng to‘lab berilgan mablag‘lar ham kiradi.
Mablag‘larning qolgan qismi AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishga sarflanishi rejalashtirilgan. Xarajatlarning bir qismini “Fukushima-1” AESning operatori – Tokyo Electric Power energetika kompaniyasi qoplab berishga majbur bo‘ladi.
“Fukushima-1” AES halokatining dunyodagi aks-sadosi
Yaponiyada sodir bo‘lgan halokatgacha dunyoning o‘ttizdan ortiq davlati AESlardan foydalanardi. “Fukushima-1” AESda sodir bo‘lgan halokatdan so‘ng ularning aksariyati o‘z hududidagi energobloklarni tekshiruvdan o‘tkaza boshlaydi. Shu bilan birga, kelajakda bosqichma-bosqich AESlardan voz kechish masalasi ham kun tartibiga chiqadi.
Yaponiyadagi halokatdan so‘ng Yevropadagi aksar mamlakatlarda odamlar AESlar faoliyatini to‘xtatishni talab qilib, namoyishlar o‘tkazishadi. Ammo AESlar faoliyatini to‘xtatish rejasi aksar Yevropa davlatlarida avvaldan bor edi.
Masalan, Italiya o‘z hududidagi barcha to‘rtta AESni yopish haqida qarorni 1987 yilda o‘tkazilgan referendumdan so‘ng qabul qilgandi. Keyinchalik Italiya bosh vaziri bo‘lgan Silvio Berluskoni yangi yadroviy dastur haqidagi qonunni qabul qilishga urinadi. Ammo Yaponiyadagi halokatdan so‘ng o‘tkazilgan referendumda mamlakat aholisi bu qonunga qarshi chiqadi.
Germaniyada esa Fukushima halokatidan so‘ng 17 ta reaktordan 8 ta eskisi yopiladi. Qolgan 9 ta reaktorni navbati bilan yopish haqida qaror qabul qilinadi.
Shveytsariya federal kengashi 2011 yilda mamlakatdagi barcha AESlar navbati bilan o‘z faoliyatini to‘xtatishi haqida qaror qabul qiladi. 2016 va 2017 yillarda o‘tkazilgan referendumda mamlakat aholisi yangi AESlar qurilishi va mavjudlarining ishlash muddati uzaytirilishiga qarshi chiqadi.
Belgiya o‘z hududidagi AESlar faoliyatini 2022-2025 yillar oralig‘ida to‘xtatish haqida qaror qabul qilgan.
Yevropa davlatlari orasida AESlar faoliyatiga eng murosasiz davlatlardan biri – bu Avstriya. Bu davlat hududida yagona AES 1978 yilda quriladi. O‘sha yili o‘tkazilgan referendumda mamlakat aholisining katta qismi Avstriya hududida AESlarning qurilishiga va faoliyat yuritishiga qarshi chiqadi. Shu tariqa, bu mamlakatdagi ilk AES ishga tushirilmasdan to‘xtatiladi.
Bugungi kunda Avstriya nafaqat o‘z hududida, balki Yevropada yangi AESlar qurilishiga va faoliyat ko‘rsatishiga qarshi. Shu sababli yaqinda bu davlat Yevropa komissiyasidan Buyuk Britaniyada qurilayotgan yangi AESda olib borilayotgani ishlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilib chiqqandi.
Bundan tashqari, Avstriya mamlakatdagi iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan kompaniyalarga boshqa davlatlardan AESlarda ishlab chiqarilgan elektr energiyani sotib olishni taqiqlagan.
Aksariyat davlatlar eski AESlardan voz kechayotgani uchun so‘nggi yillarda jahonda AESlarda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi ulushi kamayib bormoqda. Masalan, 2015 yilda AESlarda 1996 yildagi ko‘rsatkichlarga qaraganda 17,6 foiz kam elektr energiya ishlab chiqarilgan. Shu yillar oralig‘ida dunyo bo‘ylab jami 164 ta reaktor faoliyati to‘xtatilgan.
Yaponiyadagi AESlarning keyingi taqdiri
Fukushimadagi halokatgacha Yaponiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 30 foizini AESlar ishlab chiqarardi. Halokatdan so‘ng Yaponiyadagi barcha 13 ta AESning 20 ta reaktori navbati bilan vaqtinchalik to‘xtatiladi. Eng so‘nggi AES 2013 yilda to‘xtatilgan.
2015 yil avgust oyida birinchi bo‘lib Janubiy Kyusyu orolida joylashgan “Senday” AES qayta ishga tushiriladi. Shundan so‘ng poytaxt Tokio ko‘chalarida, parlament binosi oldida, shuningdek AES darvozasi oldida ko‘p sonli odamlar yig‘ilib, uning ishga tushirilishiga qarshi namoyishlar o‘tkazishadi.
Namoyishchilar “Xavfli AESlar kerak emas”, “Siz “Fukushima”ni unutdingizmi?”, “Qayta ishga tushirishni to‘xtating” kabi yozuvlar yozilgan plakatlarni ko‘tarib oladi.
Parlament binosi oldida to‘plangan odamlar mamlakatdagi barcha AESlar faoliyatini to‘xtatish va ularni demontaj qilishni talab qilib chiqishadi.
Garchi 2011 yilda sodir bo‘lgan halokatdan so‘ng aholining bir qismi qarshi bo‘lsa-da, Yaponiya Fukushimadan boshqa aksariyat AESlarini qayta ishga tushirdi.
Xulosa
Garchi Fukushima AESda sodir bo‘lgan halokat tarixda qolgan bo‘lsa-da, u keltirib chiqargan oqibatlarni bartaraf etishga yana bir necha o‘n yillar kerak bo‘ladi. Bugun dunyodagi vaziyatdan kelib chiqsak, har bir AES o‘zi joylashgan hududlarda yashovchi insonlar va tabiat olami uchun potensial xavf hisoblanadi. Bunga shu paytgacha sodir bo‘lgan istalgan AES halokati misol bo‘la oladi.
Masalan, barcha ishlarni puxta bajarib o‘rgangan yaponlar ham mamlakatdagi AESlarda barcha ehtimoliy xavflar qatorida sunami yetkazishi mumkin bo‘lgan talafotlarni inobatga olmagani ma’lum bo‘ladi.
AES issiqlik elektrostansiyalariga qaraganda atmosferaga kam zarar chiqarishi bilan foydali. Ammo AESlarda sodir bo‘ladigan kichik bir halokatning oqibatlari tabiatga va insonlarga asrlar davomida zarar yetkazishini ham unutmaslik kerak.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
18:17
Yaponiyada odamlarni yuvintiradigan kir mashinasi ixtiro qilindi
21:47 / 17.11.2024
Yaponiya qirg‘oqlarida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
18:48 / 14.11.2024
Subaru kosmik teleskopi noyob halqasimon galaktikani aniqladi
21:18 / 13.11.2024