09:50 / 23.03.2022
19332
Tatariston prezidenti Rustam Minnixonov amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi

22 mart kuni Tatariston prezidenti Rustam Minnixonov amaliy tashrif bilan O‘zbekiston Respublikasiga keldi.

Foto: Tatariston prezidentining matbuot xizmati

Toshkent xalqaro aeroportida uni bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov hamda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov kutib oldi.

Tatariston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bugun, 23 mart kuni Rustam Minnixonovning ishbilarmon doiralar bilan uchrashuvlar va O‘zbekiston hukumati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishdan iborat bo‘lgan ish dasturi rejalashtirilgan. 

Rustam Minnixonov va Tatariston delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasidagi muhim voqealardan biri Chirchiq kimyo-sanoat texnoparki tamal toshini qo‘yish va qurilishini boshlash marosimida ishtirok etish bo‘ladi. U Qozonning «Ximgrad» texnopolisi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Texnopark hududida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega va xalqaro sifat standartlariga mos neft-kimyo va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tatariston prezidenti Rustam Minnixonov qarori bilan «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati va «Ximgrad» texnopolisi Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Rossiya kompaniyalari ishlab chiqarishini O‘zbekistonda mahalliylashtirishga mo‘ljallangan sanoat parkini tashkil etmoqda.

Texnoparkda elektr ta’minoti tarmoqlariga ulanish nuqtalari bo‘lgan rivojlangan muhandislik infratuzilmasi yaratiladi. Park rezidentlari uchun soliq imtiyozlari taqdim etiladi, investitsiya loyihalarini amalga oshirishi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi. Sanoat parkini yaratish bo‘yicha ishlar O‘zbekiston va Tatariston hukumatlari ko‘magida amalga oshiriladi, bunda Tatariston rezident kompaniyalari investitsiyalari ham ishtirok etadi.

2021 yil yakuniga ko‘ra Tatariston-O‘zbekiston tovar ayirboshlash hajmi qariyb 200 million AQSh dollarini tashkil qildi. Oxirgi 5 yil davomida Rossiya bilan hamkorlikning o‘sishi doirasida Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar mustahkamlandi. 

Bugungi kunda vazirliklar, Savdo-sanoat palatalari, korxonalar, tashkilotlar, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikka oid qator shartnoma va memorandumlar imzolangan hamda ular hayotga tatbiq etilmoqda. Tataristonning «KAMAZ», «Tatneft», «Ximgrad», «KER-Xolding», «Tatximfarmpreparaty», «POZiS» va boshqa yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik ishlari olib borilmoqda. 

Top