16:01 / 25.03.2022
4811
Vazirlik va hokimliklarning xizmat mashinalari 2030 yilgacha to‘liq elektromobillarga almashtirilishi mumkin

Vazirliklar, budjet tashkilotlari, mahalliy hokimliklar xizmat mashinalarini 2025 yilgacha kamida 10 foizigacha, 2030 yilgacha esa to‘liq elektromobillarga almashtirish taklif etilmoqda.

Foto: panthermedia/vostock-photo

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, 2025 yilgacha budjet tashkilotlari hamda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar xizmat mashinalarining kamida 10 foizini, 2030 yilgacha esa to‘liq elektromobillarga almashtirish ko‘zda tutilmoqda.

«Elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga ko‘ra, 2022 yildan boshlab davlat tashkilotlari tomonidan xarid qilinadigan transport vositalarining kamida 20 foizi elektromobillar bo‘lishi talab etiladi.

Bundan tashqari qaror loyihasida vazirliklar, idoralar, budjet tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy hokimiyat organlari hamda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan korxonalar elektrobuslarni mahalliy ishlab chiqaruvchi va servis xizmatiga ega korxonalardan xarid qilishi belgilangan.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan elektromobillar, gibrid avtomobillar va elektrobuslarni loyihalashtirish, sinash hamda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida dastlabki namuna sifatidagi avtomobillar, butlovchi qism va xomashyo materiallari, shu jumladan, texnologik uskuna va jihozlarni (20 dona yoki mashina-to‘plamlar) xarid qilishda potensial hamkor korxonalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishga rozilik beriladi.

Hujjat loyihasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda elektromobillarni respublika hududida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va 2030 yilga borib respublikada sotilayotgan avtotransport vositalarining kamida 15 foizini elektromobillar tashkil etishiga erishish maqsad qilingan.

Qarorga ko‘ra, M1, M2, M3, N1, N2, N3 kategoriyadagi elektromobillar va elektrobuslarni xarid qilish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida 2022 yil 1 apreldan 2030 yil 31 aprelgacha qadar:

  • quvvatlantirish stansiyalari hamda ularning har biri atrofida kamida ikkita elektromobil uchun to‘xtash joyi joylashgan yer uchastkalari yer solig‘i to‘lashdan ozod etiladi;
  • yuridik shaxslarning mijozlarni jalb qilish uchun quvvatlantirish stansiyalarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlari daromad solig‘ini hisoblashda chegirib tashlanadigan xarajatlar hisoblanadi. Bunda, ushbu chegiriladigan xarajatlar soliq solinadigan bazaning 2 foizidan oshmasligi lozim;
  • elektromobillarni respublika hududiga olib kirishda ular bojxona bojidan ozod qilinadi hamda ishlab chiqarilgan sanasi bir yildan oshmagan elektr dvigatelda harakatlanuvchi avtomototransport vositalarini «erkin muomalaga chiqarish» (import) bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar 2027 yil 1 yanvarga qadar utilizatsiya yig‘imi to‘lashdan ozod etiladi;
  • respublika hududiga olib kiriladigan elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi texnologik asbob-uskunalari bojxona bojidan (bojxona rasmiylashtirish yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilinadi.

Prezident qarori loyihasi muhokamasi 9 aprelga qadar davom etadi.

Avvalroq «O‘zavtosanoat» rahbari o‘rinbosari Aziz Shukurov Xitoyning BYD kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, O‘zbekistonda Volkswagen elektromobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekistonga qiymati 16,9 mln dollarga teng bo‘lgan 809 ta elektromobil import qilingan, bu 2020 yilga nisbatan 6,2 baravarga ko‘p. 2022 yilning birgina yanvar oyida o‘zbekistonliklar xorijdan qiymati 3,1 mln dollarga teng bo‘lgan 122 ta elektromobil sotib olgan.

Top