17:04 / 06.04.2022
24090
UzAuto Motors Rossiyaga avtomobil eksportini to‘xtatdi

Rossiyaga nisbatan xalqaro sanksiyalar fonida UzAuto Motors bu mamlakatga eksportni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bu ichki bozorda navbatlar kamayishiga sabab bo‘la olmaydi: 2021 yilda O‘zbekiston eksport qilgan yengil avtomobillarning 1,6 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors kompaniyasi Rossiyaga avtomobil eksportini to‘xtatdi. Eurasianet xabariga ko‘ra, bu – kompaniyaga yarimo‘tkazgichlar va mikrochiplar yetkazib beruvchi Janubiy Koreya Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarga qo‘shilgani bilan bog‘liq.

“Agar UzAuto o‘z mahsulotlarini Rossiyaga jo‘natishda davom etganida, Andijon yaqinidagi zavodga butlovchi qismlar ta’minoti muzlatib qo‘yilishi mumkin edi”, deyiladi xabarda.

Nashr bog‘langan UzAuto vakili avtomobillarni Rossiyaga yetkazib berish to‘xtatilgani haqidagi ma’lumotni tasdiqlamagan, biroq inkor ham etmagan.

O‘z navbatida, AQShning General Motors kompaniyasi, Eurasianet so‘roviga javoban, Chevrolet brendi ostidagi avtomobillar UzAuto tomonidan Rossiyaga yetkazib berilishi 9 martdan to‘xtatilganini tasdiqlagan.

Shundan so‘ng nashr UzAuto bilan takroran bog‘langan, kompaniya bu safar logistika uchun Rossiya portlaridan foydalanishni to‘xtatganini tan olgan, biroq Rossiyaga avtomobil sotuvi masalasini muhokama qilishni rad etgan.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda O‘zbekistonda 236 667 dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, shundan 28 952 donasi xorijga eksport qilingan. Eksportning 1,6 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekiston 2021 yilda yengil avtomobil eksport qilgan davlatlar:

  • Qozog‘iston – 26 970 ta
  • Ukraina – 929 ta
  • Rossiya – 456 ta
  • Ozarboyjon – 277 ta
  • Afg‘oniston – 128 ta
  • Qirg‘iziston – 94 ta
  • Tojikiston – 88 ta

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda avtomobillarni ko‘proq ichki bozorga yo‘naltirish topshirig‘i berilgandi. Shuningdek, 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish vazifasi ham yuklatilgandi.

Telegram'dagi UzAvtoSavdo boti ma’lumotlariga ko‘ra, 6 aprel holatiga Lacetti (38 874 dona), Sobalt (18 790 dona) va Damas (3974 dona) avtomobillariga navbatlar saqlanib qolmoqda.

Avvalroq AQSh Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam beradiganlarni ikkilamchi sanksiyalardan ogohlantirgan edi.

Top