14:08 / 07.04.2022
21436

“Boshqalar uni tushunsa, ayol baxtli bolalarni tarbiyalaydi” - Parijda yashayotgan kinorejissyor Saodat Ismoilova bilan suhbat

Fransiyada yashab o‘zbek madaniyatini unutmagan, shu madaniyatni aks ettiruvchi filmlar ishlayotgan, Yevropada tug‘ilgan bolalariga birinchi navbatda o‘zbek tilini o‘rgatgan vatandoshimiz Saodat Ismoilovani O‘zbekistondan ko‘ra chetda ko‘proq tanishadi. U Kun.uz bilan suhbatda ayollar muvaffaqiyatga erishishida oilaning ahamiyati, o‘zbek kinosidagi muammolar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Saodat Ismoilova Toshkentda tug‘ilgan, ayni paytda Parij va Toshkentda yashab ijod qiladi. O‘zbekiston san’at va madaniyat institutini tamomlab, Italiyadagi “Fabrika” ilmiy-kommunikatsiya markazida o‘qishini davom ettirgan.

Foto: Saodat Ismoilovaning shaxsiy arxivi

Saodat Ismoilova tomonidan suratga olingan “Orol: ko‘rinmas dengizda baliq ovlash” filmi 2004 yilda Italiyaning Torino xalqaro film festivalida eng yaxshi hujjatli film deb topilgan. 2014 yilda esa uning “Chilla” filmi Berlin xalqaro kinofestivalida namoyish etilgan. Bulardan tashqari ham, vatandoshimiz ko‘plab xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashgan: uning asarlarida Markaziy Osiyo, O‘zbekiston hayoti tasviri ustuvorlik qiladi.

Saodat Ismoilova shu oyning o‘rtalarida Venetsiya Biyenallesi – san’at ko‘rgazmasining asosiy pavilonida ilk marta O‘zbekiston san’atini namoyish qiladi. Iyun oyida esa possovet davlatlari orasidan yagona vakil sifatida Germaniyaning Kassel shahrida o‘tkaziladigan “Dokument” zamonaviy san’at ko‘rgazmasida ishtirok etadi.

Kino va san’at sohasida O‘zbekiston nomini xalqaro darajada tanitib kelayotgan Saodat Ismoilovani O‘zbekistonda ko‘pchilik tanimasligi mumkin, lekin u Yevropada O‘zbekistonni tanishlari uchun o‘z kino asarlari bilan hissa qo‘shib kelmoqda. Saodat Ismoilovaga berilgan ta’riflarda uning o‘z kinoasarlari orqali Markaziy Osiyo ayollari obrazini tadqiq qilishiga urg‘u beriladi.

Foto: Saodat Ismoilovaning shaxsiy arxivi

Saodat Ismoilova bilan chet davlatda yashab turib, o‘zbek madaniyati haqida filmlar suratga olishining sababi, millatga hurmati va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdik.

Men ulg‘aygan oila

O‘zim haqimda gapirishdan oldin oilam haqida gapirmasam bo‘lmaydi. Sababi men va oilam tushunchalari bir-biriga bog‘liq. Dadam “O‘zbekfilm” kinostudiyasida operator bo‘lib ishlagan, filmlar suratga olgan. Onam esa O‘zbekiston tarixi o‘qituvchisi. Buvim – otasi quloq qilinib Turkistondan ko‘chirilgan ziyoli oilaning farzandi bo‘lgan. Akam rassom, opam shifokor. Men mana shu oilaning kenja farzandiman va to‘kis mehr-muhabbat bilan katta bo‘lganman.

Shuning uchun hayotda o‘z yo‘limni topishim uchun kurashishimga to‘g‘ri kelmagan. Sababi atrofimdagilar doim qo‘llab-quvvatlashgan va tushunishgan. Dastlab Mannon Uyg‘ur nomidagi teatr institutida o‘qiganman (keyinchalik bu institut tugatilib, San’at va madaniyat institutiga o‘zgartirilgan). Bu yerda biz rassomlar bilan birga o‘qidik. Menimcha, bu to‘g‘ri edi, sababi ijodkorlar o‘zlari mavjud muhitda ijodiy tafakkurini oshirib borishadi. Nazarimda, ideal holatda ijodiy yo‘nalishdagi universitetlar: konservatoriya, teatr, rassomchilik, kino yo‘nalishidagi OTMlar bir-biri bilan bog‘liq bo‘lishi kerak.

Toshkentda institutni tugatgandan so‘ng Italiyadagi “Fabrika” ilmiy-kommunikatsiya markaziga qabul qilindim. Bu institutda kino men o‘zim o‘qigan OTMda o‘rgangan ramkadagi narsadan butunlay boshqacha: o‘ziga xos, sirli, eksperimental bilim usuli va eng muhimi tasvirlash vositasi ekanini angladim.

Bu yerda turmush o‘rtog‘imni ham uchratdim, u men uchun nafaqat oila tayanchi, balki sohamdagi professional hamdir. Hozir 2 nafar farzandimiz bor, Parijda yashayapmiz. Ikkalamiz ham alohida faoliyat olib boramiz.

Foto: Saodat Ismoilovaning ko‘rgazmasidan lavha

Yevropaga yo‘l

Yevropaga ta’lim olish uchun ketishim tasodifiy bo‘lgan. Men doim Moskvada o‘qishni o‘ylardim. Yevropa ham orzularimda bor edi, biroq menda moddiy baza, qolaversa, qaysi ta’lim dargohiga qanday murojaat qilish bo‘yicha ma’lumot bo‘lmagani uchun jiddiy o‘ylab ko‘rmagandim.

Foto: Saodat Ismoilovaning shaxsiy arxivi

Talabalik paytidagi ishlarimni ustozim, kinorejissyor, ssenarist Yusuf Roziqov “Fabrika” markaziga yuborgan va ularni kino bo‘limi boshlig‘i Marko Myuller ko‘rib chiqqan. Shundan so‘ng “Fabrika” menga bir yillik grant ajratdi va bu grant keyinchalik yana bir yilga cho‘zildi. Shunday qilib Yevropaga, Italiyaga kelib o‘qishimni davom ettirganman va buning uchun taqdirimdan minnatdorman.

Ayollar obrazi haqida

Men ijodiy ishlarimda o‘rta osiyolik ayollar obrazini o‘rganishga alohida qaror qilmaganman. Qahramoni o‘g‘il bola (“Ikki ufq”), yo‘lbars (“Sehrlangan”) yoki daryo (“Jayxun sirlari”) bo‘lgan ishlarim ham bor. Menimcha, odamlar ko‘proq “Chilla”, “Zuhra” filmlarim va “Qirq qiz” teatrlashtirilgan musiqiy spektakllarimdan xabardor bo‘lishsa kerak.

Foto: Saodat Ismoilovaning ko‘rgazmasidan lavha

Albatta, o‘zim ayol kishi bo‘lganim, buvim, onam, opamga yaqin bo‘lib ulg‘ayganim, hozir esa qizim borligi uchun ayollar hikoyalari, ularning dunyolari menga yaqin. Ayolni uning ich-ichidan tushuna olaman, shuning uchun bu mavzu menga qulayroq va o‘zimga bo‘lgan ishonchni ko‘proq his qilaman. Lekin faqat O‘zbekiston tarixiga sho‘ng‘ib ketish bilan chegaralanib qolmasdan chegara va cheklovlarsiz butun mintaqani tadqiq etish men uchun muhim.

O‘zbek ayolining o‘qishi muhim

O‘zbek ayoli boshqalardan nimasi bilan ajralib turadi, to‘g‘risi bilmayman. U ham hayotining keyingi bosqichlari haqida, bekam-ko‘st yashash haqida orzu qiladigan dunyodagi boshqa ayollarga o‘xshash. O‘zbek ayoli kuylayotgan qo‘shig‘i, tili, o‘z liboslari va pishirayotgan qatlamasi – mana shular mavjud bo‘lgan manzarada menga ko‘proq yaqinroqdir.

Foto: Saodat Ismoilovaning ko‘rgazmasidan lavha

O‘zbek ayollari ta’lim-tarbiyasiga ko‘proq e’tibor qaratish lozim deb o‘ylayman. O‘qimagan ayollar gullab-yashnamaydi, rivojlanmaydi, ular kundalik va ibtidoiy muammolar orasiga singib ketishi mumkin. Afsuski, o‘zbek qizlarining o‘zlariga ishonmasliklari – men kuzatgan kamchiliklardan biri.

Bolalarim sof o‘zbek tilida gaplasha oladi

Katta farzandim – qizim Barselonada tug‘ilganda u bilan o‘zbekcha yoki ruscha gaplashish tanlovi bor edi. Shubhasiz, rus tili ko‘proq foydali: bu tilda o‘zbek tiliga qaraganda ko‘proq odam gaplashadi. Biroq men ichki intuitsiyam sabab birorta ruscha so‘z ayta olmaganman. Hozir qizim 15 yoshda, u o‘zbek tilida aksensiz gapira oladi, toshkentlik do‘stlarim ham ko‘rib hayratlanishadi.

3 yoshli o‘g‘lim ham o‘zbek tilida gaplasha oladi, chunki qizim ikkimiz unga o‘zbek tilida gapiramiz.

Bilasizmi, til – juda nozik narsa. Buni she’riyat misolida ko‘rish mumkin. Masalan, men ruscha she’r o‘qisam, miyam ishlaydi va uning ma’nosini, barcha nyuanslarini tushunaman. Biroq o‘zbekcha va hatto forscha she’r o‘qisam ham, undagi barcha so‘zlarni tushunmay qolsam-da, har bir vergul, hatto probelgacha his qilaman.

Til bizni belgilab beradi. U nafaqat o‘ylagan fikrlarimizni ifodalovchi intellektual vosita, balki dunyoqarashimiz va sezgirligimizni ham ko‘rsatib beruvchi tovushlardan iboratdir. Odatda, rus va ingliz tillarida adabiyotlar, ma’lumotlar o‘qiyman. Biroq men uchun bolalarimga ular bilan Markaziy Osiyoning bir parchasi birga yashayotganini doim his qilib yashashlarini anglatish muhim, bu – vatanim oldidagi ichki qasamyodim.

O‘zbekistonda kino maktablari yo‘q

O‘zbek kinosini juda yaqindan kuzatmayman. Yirik loyihalarni hisobga olmasa, jarayonni to‘la tahlil qila oladigan darajada o‘rganib chiqmaganman. Lekin muhimi, davlat kino sohasiga e’tibor qaratyapti. Qolaversa, Toshkent kinofestivali tiklangani ham odamni xursand qiladi.

Biroq ta’limga juda ko‘p narsa bog‘liq. Hozir nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda kinomaktab mavjud emas. Kino kassa uchun yoki mafkuraviy maqsaddagidan farqli, butunlay xilma-xil bo‘la olishi mumkinligi haqida tushuncha yo‘q. Kino, birinchi navbatda, san’at.

Bilasizmi, kino jamiyatni shaffof tarzda aks ettira oladi, undan hech narsani bekitib bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda yosh kinoijodkorlarga o‘zimizning va qo‘shni davlatlarning kino merosini qayta ko‘rib chiqishlarini tilardim. Sababi hozir bizda o‘zimizga umuman aloqador bo‘lmagan filmlarga taqlid qilish istagi tufayli buzilgan kino tili paydo bo‘lgan.

Oila va ish muvozanati

Men uchun har qanaqa holatda ham oila – eng muhimi. Turmush o‘rtog‘im meni har doim qo‘llab-quvvatlaydi, albatta, bu ko‘p narsani anglatadi va shuning uchun o‘zimni omadi kelgan deb hisoblayman. O‘zimning rivojlanishim meni qo‘llab-quvvatlash va tushunishlari bilan bog‘liq deb bilaman va bu juda muhim. Professional faoliyatim va oilam o‘rtasida hech qanday nizoli holat yo‘q, nazarimda.

Foto: Saodat Ismoilovaning shaxsiy arxividan

Atrofdagilar uni tushunsa, ona faqat baxtli va aqlli bolalarni tarbiyalaydi, bunday bolalar nigohi ta’limga qaratilgan bo‘ladi. Qolaversa, tushunib qo‘llab-quvvatlangan ayolning yonida xuddi shunday erkak bo‘ladi. Bu jarayonda ko‘p narsa erkakka bog‘liq. Yoki aksincha, oila er-xotin bir-birini to‘ldirib, qo‘llab-quvvatlaydigan jamoa.

Yaqin kelajakdagi rejalar

Yaqin orada, aprelning o‘rtalarida Venetsiya biyenallesi – san’at ko‘rgazmasining asosiy pavilonida ilk marta O‘zbekiston san’atini namoyish qilaman. Iyun oyida esa possovet davlatlari orasidan yagona vakil sifatida Germaniyaning Kassel shahrida o‘tkaziladigan “Dokument” o‘n beshinchi zamonaviy san’at ko‘rgazmasida qatnashaman.

Undan keyin nimani rejalashtirishim o‘shanda aniq bo‘ladi. Balki ikkinchi badiiy filmimni suratga olishni boshlarman yoki boshlab qo‘ygan essemni suratga olishni davom ettiraman.

Foto: Saodat Ismoilovaning shaxsiy arxivi

Eng muhimi esa asosiy ko‘rgazmalarni o‘tkazib olgach, uyda bolalarim bilan xotirjam bo‘lib vaqt o‘tkazishni xohlayman.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top