19:00 / 07.04.2022
23427
«Paxtakor» va «Nasaf» o‘zidan qimmat raqiblarga qarshi. Klublarimiz Osiyodagi yurishini boshlamoqda
Foto: Nasaf FK

Bugun, 7 aprel kunidan boshlab qit’amizda klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnir Osiyo Chempionlar ligasi yangi mavsumiga start beriladi. Joriy yil xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini ikki klubimiz – O‘zbekiston chempioni «Paxtakor» va kubok sohibi «Nasaf» himoya qiladi. «D» va «E» guruhlaridan o‘rin olgan jamoalarimiz markazlashgan tizimda o‘tadigan guruh bosqich mezboni – Saudiya Arabistoniga yetib borgan.

«Paxtakor»ning raqiblari kimlar?

Toshkent klubi «D» guruhidagi o‘yinlarini Burayda shahrida o‘tkazadi. Slavche Voyneski shogirdlari guruhdan keyingi bosqichga yo‘llanma olish uchun Eronning «Sepaxon», Saudiya Arabistonining «At-Taavun» va Qatarning «Ad-Duhayl» klublari bilan kurash olib borishadi.

Guruh favoriti sifatida Qatarning «Ad-Duhayl» klubi e’tirof etilmoqda. Argentinalik taniqli sobiq futbolchi Ernan Krespo murabbiyligidagi jamoa so‘nggi ikki mavsumdan buyon Qatar chempionatida «As-Sadd»dan keyingi 2-jamoaga aylandi. «Tottenhem» sobiq himoyachisi Tobi Alderveyreld, Qatar milliy jamoasi yetakchilari Ali Almoez, Muhammad Muntari singari futbolchilar to‘p surayotgan klub umumiy tarkibi bo‘yicha «D» guruhining eng qimmatbaho jamoasi sanaladi – 29 million yevro. «At-Taavun» 21 million yevro transfer bahosi bilan 2-o‘rinda, «Paxtakor» 9,8 mln yevro narx bilan 3-pog‘onada bo‘lsa, «Sepaxon» bu borada guruhda oxirgi - 9,6 mln yevro.

Qayd etish joiz, «Ad-Duhayl» tarkibining transfer bahosi borasida «Al-Hilol», «Shanxay Port» va «Ar-Rayyan»dan keyingi Osiyoning 4-jamoasi bo‘lib turibdi. «Paxtakor» esa turnirda 23-o‘rinda qayd etilgan, «Nasaf» esa tarkibi qiymati borasida OChL guruh bosqichidagi 40 jamoa orasida 27-o‘rinda.

«Sherlar» OChL 1-turini bugun, 7 aprel kuni «Sepaxon» klubiga qarshi bahs bilan boshlaydi. Fors klubi Eron chempionatida 3-o‘rinda bormoqda. 6 tur uchrashuvlari 19 kun ichida o‘tkazilishi belgilangan.

Foto: Tribuna.uz

«Paxtakor» joy olgan «D» guruhidagi o‘yinlar taqvimi:

1-tur. 7 aprel.

22:15. «Paxtakor» - «Sepaxon»

01:15. «Ad-Duhayl» - «At-Taavun»

2-tur. 10-tur

22:15. «Sepaxon» - «Ad-Duhayl»

01:15. «At-Taavun» - «Paxtakor»

3-tur. 14 aprel

22:15. «Ad-Duhayl» - «Paxtakor»

01:15. «At-Taavun» - «Sepaxon»

4-tur. 18 aprel

22:15. «Paxtakor» - «Ad-Duhayl»

01:15. «Sepaxon» - «At-Taavun»

5-tur. 22 aprel

22:15. «Sepaxon» - «Paxtakor»

01:15. «At-Taavun» - «Ad-Duhayl»

6-tur. 26 aprel

22:15. «Ad-Duhayl» - «Sepaxon»

01:15. «Paxtakor» - «At-Taavun»

«Nasaf»ning raqiblari kimlar?

OChL pley-off o‘tish bahsida «Baniyas»ni mag‘lub etgan holda «E» guruhidan joy olgan Qarshi klubi o‘yinlarini Dammamdagi «Prince Mohamed Bin Fahd stadium» o‘yingohida o‘tkazadi. «Nasaf» o‘z kvartetida Qatarning «As-Sadd», Saudiya Arabistonining «Al-Faysali» hamda Iordaniyaning «Al-Vihdat» klublari bilan guruhdan chiqish uchun kurashadi.

Shubhasiz, guruh favoriti sifatida «As-Sadd» e’tirof etilmoqda. Xavi bu klubni tark etgan bo‘lishiga qaramay, dohaliklar Qatarda peshqadamlikni hech kimga bermay kelmoqda. Ispaniyalik Santi Kasorla, jazoirlik Bog‘dod Bunedjah, ganalik Andre Ayyu, qatarlik Hassan Al-Haydos yetakchiligidagi «As-Sadd» 24 mln yevro transfer narxi bilan «E» guruhining eng qimmatbaho tarkibga ega jamoasi bo‘lib turibdi. Xavining o‘rinbosari sifatida taklif etilgan ispaniyalik mutaxassis Xaver Garsiya boshchiligidagi jamoa Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlarining ilk turdagi raqibi bo‘ladi.

Nasaf FK

Tarkibning transfer qiymati borasida «Al-Faysali» 15 million yevro bahosi bilan guruhda 2-o‘rinda bo‘lsa, «Nasaf» futbolchilarining jami 7,85 million yevro transfer bahosi bilan 3-pog‘onada, «Al-Vihdat» esa bu borada 4-o‘rinda qayd etilgan – 4,61 mln yevro.

«Nasaf» joy olgan «E» guruhidagi o‘yinlar taqvimi:

1-tur. 8 aprel

22:15. «As-Sadd» - «Nasaf»

01:15. «Al-Vihdat» - «Al-Faysali» (Toshkent vaqti bilan 9 aprelga o‘tgan bo‘ladi)

2-tur. 11 aprel

22:15. «Nasaf» - «Al-Vihdat»

01:15. «Al-Faysali» - «As-Sadd»

3-tur. 15 aprel

22:15. «As-Sadd» - «Al-Vihdat»

01:15. «Nasaf» - «Al-Faysali»

4-tur. 19 aprel

22:15. «Al-Vihdat» - «As-Sadd»

01:15. «Al-Faysali» - «Nasaf»

5-tur. 23 aprel

22:15. «Nasaf» - «As-Sadd»

01:15. «Al-Faysali» - «Al-Vihdat»

6-tur. 27 aprel

22:15. «Al-Vihdat» - «Nasaf»

01:15. «As-Sadd» - «Al-Faysali».

«Paxtakor» - OChL rekordchisi

O‘zbekistonning amaldagi chempion jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi-2022ning ilk turida turnirdagi 109-o‘yinini o‘tkazadi.

«Paxtakor» hozirga qadar Osiyo Chempionlar ligasida 108 bellashuv o‘tkazib, 48 g‘alaba, 23 durang va 37 mag‘lubiyat qayd etgan. Raqib darvozasiga 149 to‘p kiritib, darvozasidan 137 gol qo‘yib yuborgan va 167 ochko to‘plagan. Ilk o‘yin bundan deyarli 20 yil avval Toshkentda Iordaniyaning «Al Vihdat» jamoasiga qarshi o‘tkazilib, unda jamoamiz 3:0 hisobida zafar quchgan. Shuningdek, chempionlar musobaqasi sanalgan Osiyo Chempionlari kubogida ikki o‘yin o‘tkazilgan.

Osiyo klublar musobaqalarida esa jamoamiz jami 124 bellashuvda maydonga tushib, 55 g‘alaba, 25 durang hamda 44 mag‘lubiyatga ega. Raqiblar darvozasi 192 marta ishg‘ol qilinib, 171 gol o‘tkazilgan.

Foto: Paxtakor FK

Chempionlar Ligasida umumiy ishtirok borasida «Paxtakor» Saudiya Arabistonining «Al Hilol» klubi bilan birgalikda rekordchi sanaladi. Ikkala jamoa 16 martadan turnirda ishtirok etgan. Guruh o‘yinlari va pley-off bosqichi natijalarini hisoblaganda «Paxtakor» OChLning umumiy jadvalida 6-pog‘onani egallab turibdi. Osiyodagi yangi yurishini boshlash arafasida turgan «Paxtakor» va «Nasaf»ga omad tilab qolamiz.

Darvoqe, klublarimiz ishtirokidagi o‘yinlar OChL va OFK kubogi bahslari TV-translatsiyasi huquqini qo‘lga kiritgan «UzReport TV» va «Futbol TV» kanallari orqali jonli efirda namoyish etilishi rejalashtirilgan. 

Top