18:22 / 11.04.2022
35899

Rus oligarxlarining shaxsiy samolyotlari Dubayda «jon saqlamoqda»

G‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lgan rossiyalik oligarxlarning biznes samolyotlari Birlashgan Arab Amirliklari aeroportlarining turargohlarida saqlanmoqda.

Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar tufayli samolyotlar bu arab davlatini tark etishi qiyin bo‘ladi, deb yozmoqda The Wall Street Journal nashri.

Samolyotlar Dubayning Ol Maktum aeroporti perronida.
Foto: The Wall Street Journal

Nashrning qayd etishicha, milliarderlar o‘z biznes-jyetlarini Rossiyaga hali sanksiya joriy etmagan BAA tomon yo‘naltirishgan, biroq aynan sanksiyalar tufayli uchoqlar Dubaydagi Ol Maktum xalqaro aeroportini tark eta olmaydi.

Aeroport turargohida milliarder Roman Abramovichning 250 mln dollarga xarid qilingan va 100 mln dollarga jihozlangan Boeing 787 Dreamliner samolyoti ham bor.

Roman Abramovichning Boeing 787 Dreamliner (raqami P4-BDL) samolyoti.
Foto: airliners.net

Bundan tashqari, Magnitogorsk metallurgiya kombinati direktorlar kengashi raisi Viktor Rashnikov foydalanadigan Gulfstream G650ER, rus milliarderi Mixail Gutseriyevga tegishli deb taxmin qilinadigan  Embraer S/A, biznesmen Arkadiy Rotenberg bilan bog‘liq bo‘lgan Bombardier BD700 Global Express samolyotlari ham perronda turibdi.

6 aprel holatiga avval Rossiyada qo‘nim topgan samolyotlarning 30 tasi Dubayda ekanligi ko‘rsatilmoqda, ulardan yana bir nechtasi Istanbul va Tbilisi shaharlari aeroporti turargohida turib qolgan.

Nashr manbasining ma’lum qilishicha, Dubayning Ol Maktum xalqaro aeroportida bir sutkalik turargoh narxi 1000 AQSh dollariga teng. WINGX tahlilchilar kompaniyasining ma’lum qilishicha, rossiyaliklarning samolyotlari Dubayda turib qolganiga bir haftadan oshgan.

The Wall Street Journal nashrining qayd etishicha, g‘arb davlatlari sanksiyalari rossiyalik oligarxlar bilan bog‘liq samolyotlarga xizmat ko‘rsatishni ham taqiqlaydi: jumladan, ularga yonilg‘i-moylash materiallari yetkazish, ta’mirlash va sug‘urta qilish.

Avvalroq, Men oroli hokimiyati rossiyalik milliarderlarning 8 ta samolyoti qaydini bekor qilgani, Fransiyada rossiyalik oligarx Alisher Usmonovga tegishli ikkita vertolyot xatlovga olingani haqida xabar berilgan edi.

Top