13:41 / 14.04.2022
29456

Yarim million o‘zbek ayoli xorijda ishlayapti - O‘zbekistonda ularga ish topib berish mexanizmi bormi?

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 570 mingga yaqin o‘zbek ayoli chet elda ishlayapti. Ular orasida oilasidagi yagona boquvchi bo‘lganlari talaygina. Aksariyat holatlarda ayollar bolalarini qarindoshlariga tashlab ketishgan. Xalqaro tadqiqotlarda ota-onadan ayro ulg‘ayish bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan.

Foto: KUN.UZ

O‘zbek oilalarida erkak kishining chetda migrant bo‘lib ishlab pul yuborib ro‘zg‘or tebratishiga ko‘pchilik o‘rganib qolgan. Ayniqsa, qishloqlarda yigitlar maktabni bitirgach, Rossiya yoki boshqa bir xorijiy davlatga ketishi – odatiy hol.

Yarim milliondan oshiq migrant ayollar

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi taqdim etgan rasmiy statistikaga ko‘ra, ayni paytda 2,3 mln o‘zbekistonlik xorijda mehnat qilmoqda. Shulardan 568 492 nafari – ayollar.

Hududlar kesimida: Samarqand viloyati, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hamda vodiy viloyatlari xotin-qizlari eng ko‘p chet elga ishlashga ketgan. Birgina Samarqand viloyatining o‘zidan 90,9 ming xotin-qiz chetda ishlayapti.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Azim Ahmatovning ma’lumot berishicha, o‘zbekistonlik xotin-qiz migrantlar, asosan, Turkiya va Rossiyada ishlashadi.

“O‘zbekistonlik xotin-qizlar Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish yo‘nalishida, Turkiya va BAAda uy xizmatlari, Janubiy Koreyada esa ishlab chiqarish yo‘nalishlarida mehnat qiladi. Qozog‘istonda esa ayollarning mehnat migratsiyasidagi ulushi deyarli sezilmaydi. Bu davlatda ishlaydigan ayol migrantlar asosan qishloq xo‘jaligida ishlashi mumkin”, deydi Azim Ahmatov.

“Siz nega chetda ishlayapsiz?”

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining ayollar guruhida ayni paytda xorijda ishlayotgan xotin-qizlardan aynan nima sababdan chet elga ishlashga ketganliklari va imkon bo‘lsa O‘zbekistonga qaytishlari haqida savollar bilan murojaat qildik.

Savollarga javob bergan migrant ayollarning aksari bolalarini yaqinlariga qoldirib ketganini, bu og‘ir bo‘lganini bildirdi. Javoblarning ayrimlarini to‘laligicha keltiramiz.

“O‘zim tibbiyot institutini tugatganman. Hozir Turkiyada ishlayman, lekin o‘z soham bo‘yicha emas. Bu yerda “xozyayka”mni mashinada olib yuraman, ofisida hisob-kitob ishlariga yordamlashaman. Turkiyaga ishlashga kelishimga hech kim majburlamagan, o‘z xohishim bilan kelganman. Farzandim bor, unga onam qaraydi. O‘zbekistonda farmatsevtikaga ixtisoslashgan kompaniyada ishlaganman, Turkiyadagi maoshim undan 3 barobar ko‘p. Lekin O‘zbekistonga qaytsam, albatta, o‘z yo‘nalishim – tibbiyot bo‘yicha ishlayman”.

“Rossiya va Turkiyada oddiy ishchi bo‘lib ishlaganman. Maqsadim uy olish edi. Bir o‘g‘lim ota-onam qaramog‘ida qolgandi. 8 yil borib-kelib ishlaganman. Har 10-11 oyda bir O‘zbekistonga kelardim. Agar imkon bo‘lsa, ishlagani emas, yashagani ketardik”.

“Janubiy Koreyada ishlaganman. Oilam buzilib, 2 farzandim bilan ko‘chaga haydalganimdan keyin topganim qorin to‘yg‘izishdan ortib ijara to‘lovlariga ham yetmagan. Shundan so‘ng 8 oyda til o‘rganib Janubiy Koreyaga ishlashga kelgandim. Dastlab, kemasozlik yo‘nalishida bo‘yoqchilik bilan shug‘ullanganman. Ishlagan paytim farzandlarim onam bilan qolgan, ularni bir yilda bir marta kelib ko‘rib ketardim”.

“Isroil davlatida uy hamshirasi bo‘lib ishlayman. O‘rta ma’lumot diplomi bilan ko‘p ishlay olmadim, sirtqi o‘qish uchun kontraktga mablag‘im yo‘q edi. Farzandim turmush o‘rtog‘im va onam qaramog‘ida qolgan. Lekin farzand tarbiyasida ko‘p muammoga uchrayman”.

“Onam Rossiyada sotuvchi bo‘lib ishlaydi. U o‘qituvchi, lekin yolg‘iz ona bo‘lgani uchun oylik maoshlari yetmay meni buvimning qaramog‘iga qoldirib, chetga ishlashga ketgan”.

Xorijda ishlab qaytgan ayollar bilan ishlash mexanizmi bormi?

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Boboyevning qayd etishicha, 2022 yilning birinchi choragida 192 ming fuqaro qaytib kelgan. Ularning 41,4 ming nafari – xotin-qizlar.

“Hozirgi kunda biz ayollarni turli yo‘nalishlarga: kasb-hunarga, malakasini oshirishga, tadbirkorlik o‘quv kurslariga yo‘naltiryapmiz. Bu toifadagi ayollarga subsidiya berish orqali ularning bandligini ta’minlayapmiz.

Hozirgi loyihalarimizdan bittasi – “Tadbirkor migrant” loyihasi bo‘yicha bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi. Birinchi chorak yakuni bo‘yicha 500 nafar fuqaro shu loyiha doirasida o‘qitildi. Shundan 282 nafari – ayollar. Maqsad – ularni qisqa muddatli haftalik o‘quv kurslarida o‘qitib, qaysidir yo‘nalishda tadbirkorlikka yo‘naltirish. Biz Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda ishlaymiz, ular bizga odamlarni o‘qitib bergandan so‘ng ham har oylik monitoringlar uyushtiramiz. Asosan, xizmat ko‘rsatish, chorvachilik, ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitiladi.

Masalan, bu oy 102 nafar ayolni o‘qitdik, ular imtiyozli kredit olishga deyarli ulgurdi. Biz ularning ro‘yxatini olib, tijorat banklariga yo‘naltiramiz va qaror miqyosida imtiyozli kredit olishlariga yordam beramiz. Ular shundan so‘ng nafaqat o‘zi uchun, balki yana 2-3ta ish o‘rni yaratadi. Misol uchun, tikuvchilik yo‘nalishida o‘qigandan so‘ng ayolga subsidiya mablag‘i hisobidan tikuv mashinasi olib beramiz.

Bundan tashqari, YeXHT bilan ham alohida loyihamiz bor. Buning doirasida 100 nafar xorijda ishlab qaytgan ayollarning ro‘yxatini shakllantirib, ularni tikuvchilik bo‘yicha yo‘naltiryapmiz. Aprelning oxirida bu loyihaga start beriladi.

Har bir viloyatda, hududiy boshqarmalarda monomarkazlarimiz bor, kasb-hunar o‘quv markazlarimizning ro‘yxati shakllangan”, deya ma’lumot berdi Dilshod Boboyev.

Agentlik rasmiysining qayd etishicha, o‘tgan 2021 yilda 502 ming fuqaro xorijdan qaytgan. Ularning 202 ming nafariayollar.

Boboyevning aytishicha, 2021 yil yakuniga ko‘ra, 2,5 ming nafar ayol “Tadbirkor migrant” loyihasi doirasida o‘qitilgan. Hududlarda ular bo‘yicha monitoringlar o‘tkazib boriladi. Shu 2,5 ming ayoldan 102 nafari tadbirkorlik boshlab yangi ish o‘rinlari yaratgan. Hozir bu loyihalar yana davom ettirilyapti.

“Xonadonbay so‘rovnoma o‘tkaziladi”

“Har oyning 15-sanasigacha IIVning uzoq muddat xorijda bo‘lgan va qaytib kelganlar bazasidan xorijda ishlab qaytgan mehnat migrantlari ro‘yxatini olib uni viloyatlar kesimida tahlil qilib chiqamiz. So‘ng viloyat filiallarimiz mahalla organlari bilan birga xonadonbay so‘rovnoma asosida fuqaroning ehtiyoji o‘rganadi”, deya ma’lumot berdi Dilshod Boboyev.

Qayd etilishicha, xorijdan qaytgan mehnat migranti bilan xonadonbay asosda ishlash tizimi 2020 yildan beri ishlab kelmoqda. Bunda xorijdan qaytgan fuqaroga beriladigan so‘rovnoma bilan uning ehtiyoji o‘rganiladi. Va ehtiyojga qarab bo‘sh ish o‘rni, kasbga yoki tadbirkorlikka o‘qitish, subsidiya taklif qilinadi. Fuqaro esa o‘z ehtiyojidan kelib chiqib birini tanlaydi.

Erta ulg‘ayadigan bolalar – migratsiyaning oiladagi muhitga ta’siri

Migratsiyadan eng ko‘p azob ko‘radiganlar – bolalar hisoblanadi. Ular to‘liqsiz oilada katta bo‘lishga majbur. Biz fikrlarini o‘rgangan xorijda ishlayotgan yoki ishlab kelgan ayollarning aksari farzandlarini yolg‘iz o‘zlari boqishga majbur bo‘lgani uchun chetga ishlashga ketishgan. Bu esa ular ham ota, ham onasining yonida bo‘lishdan mahrum bo‘lishlarini anglatadi.

Xalqaro bolalar tashkiloti – YUNISEF migratsiyaning bolalarga ta’siri mavzusini o‘rganib boradi. Tashkilotning 2020 yil e’lon qilingan tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistonda migrant ota-onaning farzandlari ko‘pincha vasiylar vazifasini bajaruvi qarindosh-urug‘lar, oila a’zolarining qaramog‘ida qoladilar. Ota-onalarning migratsiyasi, xususan, bolaning ta’limiga, sog‘lig‘iga va ijtimoiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi kuzatilmoqda.

Ota-onalarning safarda bo‘lishi bolaning ovqatlanishi, ta’lim olish darajasiga salbiy ta’sir qilishi hamda depressiya holatini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan uy yumushlari va uning zimmasiga yuklatilgan mas’uliyat bolaning erta ulg‘ayishiga sabab bo‘ladi.

Tashkilot tadqiqot doirasida ota-onasi xorijda ishlayotgan bolalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazgan. Unga ko‘ra, ota-onalarning migratsiyasi bolalarning hissiy holatiga salbiy ta’sir qiladi. Taxminan 33 foizi o‘zini baxsiz his qiladi, 21 foizi esa doimiy xavotirda yashaydi.

Tashkilot saytida onasini ko‘rmasdan katta bo‘layotgan bolalar haqidagi hikoyalar yetarlicha. Onasi 2 yoshida Rossiyaga ishlashga ketgan, 4 yildan beri faqat video orqali gaplashadigan Orifning hikoyasi alamli. U buvisining qo‘lida katta bo‘lyapti, otasiz, bundan tashqari onasidan ham uzoqda katta bo‘lyapti. Migratsiyaning bola ruhiyatiga ta’sirini Orifning birgina suratiga qarab ham anglash mumkin.

Foto: YUNISEF

YUNISEF garchi xorijda ishlash oilaning moddiy holatini yaxshilashga yordam bersa-da, biroq bolalarga salbiy ta’siri ko‘p ekanligi sabab migratsiyaga oid quyidagi takliflarni beradi:

  • kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli resurslarni ajratish va bunday dasturlarning ta’sirini kuzatuvchi monitoring mexanizmlarini takomillashtirish;
  • odamlarni milliy mehnat bozorida mavjud imkoniyatlar haqida xabardor qilish.

Hech bo‘lmasa onalar ketmasin

Mavzu juda og‘ir, dolzarb, go‘yoki hal qilish imkoni yo‘qday. Oilalar bolalarini boqishi kerak, buning uchun iloji yo‘qlar, O‘zbekistonda ish topa olmaganlar chet elga ketaveradi. Bolalar esa ruhiy muammolar bilan katta bo‘laveradi.

Biroq oilada hech bo‘lmasa, onalarning ishlashga ketishi sabablarini yaxshiroq o‘rganish, bolalarini qoldirib boshqa yurtlarga ishlashga ketadigan yolg‘iz boquvchi ayollarni kasbga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyasini yaxshiroq o‘rganib chiqish zarur.

Darvoqe, yaqinda xotin-qizlar muammolari bilan ishlaydigan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etildi. Mavzu yuzasidan tashkilotdan munosabat olish, migrant xotin-qizlar bilan ishlash tizimi ularni qoniqtiradimi, ayollar bandligini ta’minlash bo‘yicha loyihalar qanchalik samarali bo‘lyapti, degan savollar bilan murojaat qilgandik. Biroq ancha kutishga qaramay, tashkilotdan javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Har holda chetda ishlayotgan yarim million migrant ayol – kichkina raqam emas. Ular, aslida, O‘zbekiston kelajagini ulg‘aytirishi zarur, bolalarini ota-onasiga tashlab chetda ishlashi emas.

Zilola G‘aybullayeva,
Kun.uz muxbiri

Top