22:24 / 22.04.2022
61235

G‘arb Ukrainaga harbiy yordam strategiyasini o‘zgartirdi. Bu urushga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

So‘nggi haftalarda AQSh Ukrainaga ikki marta har biri 800 million dollarlik qiymatga ega bo‘lgan harbiy yordam paketi ajratdi. Bu harbiy harakatlar aholi tig‘iz yashovchi Kiyev atrofidagi hududlardan ochiq joylardan iborat bo‘lgan Donbassga ko‘chishi fonida ro‘y berdi. G‘arbdagi ekspertlar fikricha, Ukraina janubi-sharqida to‘planayotgan rossiyalik harbiylar zarbasiga faqat yengil piyodalarning mobil mudofaasi bilan (garchi ular tanklarga qarshi qurollar bilan yetarlicha ta’minlangan bo‘lsa-da) qarshi turish juda qiyin bo‘ladi. Shu tufayli G‘arb davlatlari Ukrainaga yangi sharoitlarda jang qilish uchun mosroq keladigan qurollarni jo‘natmoqda. Qolaversa, avval G‘arb Ukrainaning qarshilik ko‘rsatishini davom ettirish va Rossiya armiyasiga maksimal darajada zarar yetkazishni maqsad qilgan bo‘lsa, endi yordamlardan maqsad — urushda to‘liq g‘alabani ta’minlash bo‘lmoqda.

 AQSh dengiz piyodalari korpusi mashg‘ulotlarida M777 gaubitsasidan o‘t ochilmoqda. 2021 yil, oktyabr.
Lance Cpl. Brian Bolin Jr. / U.S. Marine Corps/ Reuters / Scanpix / LETA

G‘arbning Ukrainaga yangi yordam paketlarida e’tiborga molik jihat miqdorning o‘zi emas (urushning birinchi oyida AQShning o‘zi 1,7 milliard dollarlik qiymatdagi qurollarni yetkazib bergan), balki yaqqol nomenklatura o‘zgarishidir: endi tanklarga qarshi raketalardan tashqari, Rossiya bilan jang maydoniga artilleriya, piyodalar harbiy mashinalari, dronlar, vertolyotlar, shuningdek, samolyotlar uchun ehtiyot qismlari jo‘natilmoqda.

AQShning Yevropadagi ittifoqchilari esa ukrainlarga tanklar, raketa tizimlari va zambaraklar, uzoq masofadagi nishonlarni yo‘q qiluvchi havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda kemalarga qarshi raketalar yetkazib beradi. Bu yetkazmalarning bari ukrain armiyasi harakatchanligi, uning qarshi hujumga o‘tish qobiliyatini oshirish, shuningdek uzoq masofadagi rus qo‘shinlariga zarba berishi uchun mo‘ljallangan.

Donbassdagi bo‘lajak janglar sharoitida aynan shularga zarurat bor.

G‘arb Ukrainaga qanday yangi qurollar yetkazib bermoqda?

AQSh ta’minoti: 

  • Sovetlar davrida ishlab chiqarilgan 11 ta Mi-17 rusumli vertolyot;
  • 200 ta M113 rusumli zirhli transportyorlar;
  • 100 ta «Hamvi» rusumli zirhli avtomobillar;
  • 100 ta Switchblade rusumli tanklarga qarshi qo‘llanadigan dron (kamikadze dronlar);
  • 121ta Phoenix Ghost rusumli taktik dronlar;
  • 100ga yaqin 155 millimetr kalibrli og‘ir gaubitsalar;
  • Batareya kuchlariga qarshi kurashish uchun 10 ta artilleriya radarlari;
  • Qo‘shimcha tankka qarshi Javelin va olib yuriluvchi Stinger zenit-raketa komplekslari;
  • Dala artilleriyasi uskunalari va ehtiyot qismlar, samolyotlar uchun ehtiyot qismlar.

Boshqa davlatlar:

  • Slovakiya S-300 tizimlari;
  • Polsha — 100ta T-72 rusumli tank;
  • Chexiya — 20 ta RM-70 reaktiv o‘t ochish tizimlari («Grad» apgreydi) va «Dana» rusumli o‘ziyurar gaubitsalar;
  • Buyuk Britaniya — 120 Mastiff va Jackal zirhli avtomobillari, og‘ir artilleriya tizimlari, «Brimstoun» raketalari va Starstreak zenit-raketa majmualari. Bundan tashqari, qo‘shimcha tankka qarshi raketa majmualari;
  • Niderlandiya — PzH 2000 rusumli gaubitsalar va zirhli texnikalar;
  • Fransiya — Caesar o‘ziyurar artilleriya qurilmalari va tankka qarshi Milan raketa tizimlari;
  • Norvegiya — 100 dona «Mistral» zenit raketa majmualari.

Bundan tashqari, Finlandiya o‘z armiyasi resurslaridagi qurollarni Ukrainaga jo‘natishini ma’lum qilgan, Germaniya esa o‘zidagi og‘ir artilleriya qurollari va texnikalarni Sharqiy Yevropa mamlakatlariga beradi, bu mamlakatlar esa o‘z ixtiyoridagi sovet davriga mansub qurollarni Ukrainaga o‘tkazadi - ukrainalik harbiylar NATO davlatlari qurollarini ishlatishni o‘rganish uchun vaqt sarflanmasligi uchun.

Yangi qurollar ukrainlar mudofaasi uchun nima beradi?
Yangi harbiy yordam paketlari avvalgilaridan katta miqdordagi og‘ir texnikalar, artilleriya, uzoq masofalar uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari va zirhli texnikalar bilan tubdan farq qiladi. Bunday to‘plamlar nazariy jihatdan Ukraina armiyasining zaif joylarini mustahkamlashi, shuningdek Donbass va Xarkov janubidagi ochiq hududlarda samarali qarshilikni tashkillashtirish imkonini berishi kerak.

Urushning birinchi bosqichida yetkazib berilgan qurollar (tank va vertolyotlarga qarshi raketa tizimlari) Kiyev atrofida yoki Chernigov va Sumi oblastlaridagi o‘rmonzor hududlardagi janglarda, ukrainalik harbiylar raqibning kuchlari ko‘p yo‘nalishlar bo‘ylab tarqalib ketgan sharoitda qanotlardan hujum qilish va ta’minot tizimlariga zarba berishida samarali bo‘ldi.

Bu Kiyev atrofidagi janglarda qo‘l kelgan yagona yordam emasdi

Katta ehtimol bilan, NATO sun’iy yo‘ldosh va doimiy ravishda Ukraina chegarasidagi hudud osmonida uchib turgan razvedkachi samolyotlar orqali olingan razvedka ma’lumotlari ham o‘z rolini bajargan. Vashington bunday ma’lumotlarni doimiy ravishda Kiyev bilan bo‘lishib kelganini yashirmayapti. Amalda bu shuni anglatadiki, Rossiya armiyasi bosqin boshlanganidan hech qancha vaqt o‘tmay kutilmaganda hujum uyushtirish imkoniyati va jang maydonidagi vaziyatdan xabardorlik bo‘yicha ustunlikdan mahrum bo‘lgan.

Rossiya armiyasi endi raqibga zarba berganda Ukraina armiyasidan kuchli javob bo‘lishiga ham tayyor bo‘lishi kerak — yangi sharoitlar bilan birga yetkazib berilgan qurollar to‘plami ham o‘zgargan.

Frontda nimalar bo‘lmoqda?

Rossiya harbiylari Xarkov oblastidagi Izyum shahridan janubda, Severodonetskda, Lugansk oblastidagi Popasnayada va Zaporojye oblastidagi Gulyaypoleda kuchlarni jamlashda davom etmoqda. Xarkov oblasti janubiga va Lugansk oblastiga urushning birinchi bosqichida Kiyev atrofiga tashlangan desant bo‘linmalari ko‘chirib keltirilgan.

Rossiya qo‘mondonligining maqsadi ayon: Donbassda Ukraina guruhini qurshovga olish va parchalash. Shu bilan birga, mart oyida Kiyev atrofida kechgan janglardan farqli o‘laroq, rossiyalik harbiylar endi ishonchli va nisbatan qisqa ta’minot liniyalariga ega, shuningdek hujum kuchi frontning kichik uchastkasiga zarba berishga qaratiladi. Kiyev atrofidagi janglarda Rossiya qo‘shinlarini Ukrainaning tanklarga qarshi raketalar (ham G‘arb yetkazib bergan, ham mahalliy ishlab chiqarilgan) bilan qurollangan, razvedkachi dronlar bilan ta’minlangan artilleriya, kichik tank guruhlari, maxsus topshiriqli bo‘linmalar va yengil piyodalardan (jumladan hududiy mudofaa qismlari) iborat mobil (bir joydan boshqa joyga ko‘chib yuruvchi) mudofaasi to‘xtatgandi. Donbassdagi ochiqliklarda rossiyaliklarning artilleriyasi, tanklari va aviatsiyasi bir bo‘lib hujumga o‘tishiga bunday mudofaa dosh bera olmasdi.

Shu tufayli ukrain qo‘shinlariga Rossiyaning o‘t ochish kuchiga qarshi turish, to‘laqonli qarshi hujumlar tashkillashtirish, shuningdek, uzoq masofadan turib rossiyaliklarga zarba berish imkonini beradigan og‘ir texnika va qurollar kerak.

Nazariy jihatdan G‘arbning yangi harbiy yordam paketlari shu yo‘nalishdagi qadamdir. Ammo Ukraina rahbariyati yordam ko‘lamidan qoniqmayapti: Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak YeI so‘ralgan qurollarni bermayotgani va qurol yetkazish juda sekin amalga oshirilayotganini yozgan; Podolyak AQShning yordami haqida to‘xtalmagan. Katta ehtimol bilan, Ukraina hukumati mamlakat to‘laqonli qarshilik ko‘rsatishi uchun qiruvchi va zarbdor aviatsiya yetishmayapti deb hisoblaydi (Kiyev tez-tez samolyotlar yetkazib berishni so‘raydi). AQSh taklifi bilan Slovakiya tomonidan yetkazib berilgan S-300 batareyasi (buning evaziga Bratislavaga Patriot majmualari yuborilgan) havoda ustunlik qilish uchun yetarli emasligi tayin. Prezident Volodimir Zelenskiy Rossiya aviatsiyasiga qarshi kurashish uchun qayta-qayta ko‘proq katta va o‘rta masofalarga harakatlanuvchi havo hujumidan mudofaa tizimlari (yelkada olib yuriluvchi majmualar hisobmas) yetkazib berishni so‘rayotgani bejiz emas.

G‘arbdagi harbiy ekspertlar ham Ukraina hukumatidagilarning bu boradagi fikrlariga qo‘shiladi: Donbassda boshlanishi kutilayotgan intensiv janglar, ma’lum ma’noda qaysi armiya ko‘proq chidab berishi bo‘yicha musobaqadir. Rossiya armiyasi tezroq «parokanda» bo‘lishi uchun esa ukrain harbiylari o‘ziga yetgan zarbadan ko‘proq zarba berishi kerak bo‘ladi. Donbassdagi kengliklar, raqibning aviatsiya va o‘t ochish kuchi bo‘yicha ustunligi sharoitida esa bunga erishish qiyin bo‘ladi. Kerakli yordamlar kelsa ham kech bo‘lishi mumkin.

G‘arb Ukrainaga samaraliroq qurollarni nega avvalroq yetkazib bermagan?

Buning asosiy uch sababi bor edi:

  1. Rossiyadagilar kabi, G‘arbdagi ekspertlar, siyosatchilar va harbiylar ham urushdan oldin Ukraina Rossiya armiyasiga uzoq vaqt turib bera olishiga ishonmagan. Eng ehtimoliy ssenariy kurash bir necha oymas, bir necha hafta ichida partizan va kontrpartizan harakatlariga o‘tishi hisoblangan. Bunday ssenariyda og‘ir qurollarni yetkazib berish resurslarni behuda sarflash bo‘lardi. Shuning uchun u qadar shiddatli kechmaydigan partizan urushlarida rossiyalik harbiylarga zarbalar berishi mumkin bo‘lgan piyodalarni yaxshiroq qurollantirishga asosiy e’tibor qaratilgan (tanklarga qarshi raketalar va olib yuriluvchi zenit komplekslari). Shu bilan birga xuddi shu qurollar Rossiya armiyasining butun operativ yo‘nalishlarda oldinga siljishini samarali to‘xtata olishi ma’lum bo‘ldi (Rossiya qo‘mondonligi ham kuchlarni hal qiluvchi uchastkalarga to‘play olmadi yoki buni istamadi). Yuqorida aytilganidek, kuchlarni Donbassda jamlash orqali qo‘mondonlik bu strategik xatoni tuzatishga harakat qilmoqda.
  2. G‘arbda Ukrainaga tezkor ravishda yetkazib berish mumkin bo‘lgan og‘ir va zamonaviy texnikalar ko‘p emas. G‘arb namunasidagi qurollar tezkor yordam uchun mos emas: ulardan samarali foydalanish uchun, ukrainalik harbiy xizmatchilarni uzoq vaqt davomida qayta o‘qitish talab etiladi. Shuningdek bunday qurollar uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish va ta’mirlash tizimini yo‘lga qo‘yish kerak bo‘ladi (ya’ni ta’mirlovchi brigadalarni ham tayyorlash kerak). NATOning Sharqiy Yevropadagi a’zolarida ham sovetlar davriga mansub qurollar u qadar ko‘p emas.
  3. Va nihoyat, hatto G‘arbning uzoq vaqt davomida o‘zlashtirishni talab qilmaydigan qurollarini ham (masalan, tankka qarshi raketalar, zamonaviy granatomyotlar va qo‘l zenit raketa komplekslari) NATO cheksiz miqdorda yetkazib bera olmaydi. SSSR qulagach, Yevropada uzoq va intensiv davom etuvchi urushlar bo‘lishi ehtimoli juda past deb hisoblangan, AQSh va ittifoqchilari zaxiralar va qurol ishlab chiqarish hajmlarini qisqartirgan. Ukrainadagi urush hozirdanoq tankka qarshi Javelin raketalari zaxiralarini tugatmoqda: AQSh Kiyevga o‘z arsenalidagi bunday komplekslarning uchdan bir qismini jo‘natib bo‘lgan. AQSh qurollarni keng ko‘lamda ishlab chiqarishni tezlik bilan tiklay olmaydi: buning uchun malakali ishchi kuchlari va ishlab chiqarish quvvati yo‘q.

Demak, Ukraina Donbass uchun jangni yutqazadimi?

Rossiya armiyasi kuchlarni hujum qilish uchun operativ yo‘nalishga to‘plash orqali ham muvaffaqiyatga erishishi kafolatlangan emas. Barchasi Rossiya qurolli kuchlari hozirda qanday holatda ekaniga bog‘liq — urushning dastlabki bosqichidagi qator muvaffaqiyatsizliklardan keyin.

Bostirib kirishda yo‘l qo‘yilgan barcha xatolarni tuzatish uchun Kreml va Rossiya Bosh shtabida vaqt yo‘q. Rossiya hozir urushni uzoq davom ettirish uchun ortida NATO turgan Ukrainaga qaraganda kamroq resurslarga ega. G‘arbdan ko‘ra Rossiya armiyasi uchun urushda yo‘qotilgan texnikalar o‘rnini — ayniqsa zamonaviy qurollar o‘rnini to‘ldirish qiyinroq.

Ammo asosiy muammo — jonli kuch yetishmovchiligi bo‘lishi mumkin: Rossiya armiyasi jiddiy yo‘qotishlarga uchragan, mamlakat esa tinch vaqt rejimida yashashda davom etmoqda: zaxiradagilarning keng ko‘lamli safarbarligi o‘tkazilmadi, hozir armiya sonini keskin oshirish (ayniqsa malakali kadrlar hisobiga) imkonsiz. Hatto cheklangan safarbarlik ham Kreml uchun siyosiy jihatdan ma’qul bo‘lmasligi mumkin. Bu shuni anglatadiki, urushda siyosiy maqsadlarga erishish uchun Rossiyada qisqa muddatli kampaniya o‘tkazish imkoniyati bor, aks holda urush yana uzoq cho‘zilib ketishi mumkin va mamlakat bunga tayyor emas.

Rossiya qo‘mondonligi Ukrainaning Donbassdagi yirik guruhini (muntazam armiyaning uchdan bir qismi) tezda qurshovga olishi va yakson etishi talab etiladi. Shu bilan birga, Ukraina sharqdagi bu guruhni Kiyev, Chernigov va Sumi mudofaasidan ozod bo‘lgan kuchlar bilan to‘ldirib, kuchaytirishi mumkin. O‘z navbatida, Rossiya armiyasi hamon taktik muammolarga ega; rossiyalik harbiylar hamon jang maydonidagi vaziyat bo‘yicha ma’lumot olishda yaqqol ustunlikka ega emas (Kiyevga NATO texnik razvedka bilan yordam berayotgani tufayli ham).

Shuning uchun Rossiya armiyasi hozirgi holatida bunday ulkan ko‘lamdagi vazifani bajara olmasligi mumkin — hatto ukrain qo‘shinlari G‘arbdan keng ko‘lamli qarshi hujumga o‘tish imkonini beruvchi qurollarni olmagan taqdirda ham.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top