17:32 / 26.04.2022
17657
«Real» Manchesterda mehmon, «Liverpul» «grandlar kushandasi»ga qarshi. YeChL yarimfinal anonsi
Foto: YeChL

Yevropa Chempionlar ligasi hal qiluvchi pallaga kirmoqda. «Manchester Siti» va «Liverpul» bizga ketma-ket ikkinchi marta inglizcha finalni taqdim etishi mumkin. Yoki aksincha «Real» hamda «Vilyarreal» ishtirokidagi ispancha final guvohi bo‘lishimiz hech gap emas. APL va La Liga grandlarining yarimfinaldagi qarama-qarshiligi oldidan o‘yinlar prevyusini taqdim etamiz.

«Siti» yana «Real»ga qarshi, Benzema Levandovskini ortda qoldirmoqchi

Manchester klubi yarimfinalga chiqish uchun Madridning «Atletiko» klubini mag‘lub etgan bo‘lsa, Madrid klubi «Chelsi» to‘sig‘idan o‘tib, yarimfinalga yo‘llanma oldi. APL va La Liga peshqadami bo‘lib turgan «Siti» va «Real» so‘nggi marta 2019/20 yilgi YeChL 1/8 finalida o‘zaro to‘qnash kelib, «shaharliklar» Madrid va Manchesterda bir xil – 2:1 hisobida zafar quchgan edi. Pep Gvardiola shogirdlari nihoyat o‘tgan mavsum finalga qadar yetib borgan, ammo «Chelsi»ga minimal hisobda mag‘lub bo‘lgandi. Bu safar ham jamoa finalga chiqish uchun munosib natijalar ko‘rsatmoqda: manchesterliklar o‘tgan to‘rtta pley-off bahsida o‘z darvozalaridan birorta ham to‘p o‘tkazib yuborishmadi.

Foto: Getty Images

Benzema qahramonligidagi «Real» esa nimchorakfinalda «PSJ», chorakfinalda esa «Chelsi»ni ortda qoldirib, navbatdagi sovrin sari yaqinlashmoqda. «Qirollik klubi» hali biror marta ham «Manchester Siti» maydonidan g‘alaba bilan qaytmagan – 1 durang, 2 mag‘lubiyat. Ammo bu safargi to‘qnashuvgacha Karim Benzemaning pley-offlarda ketma-ket het-triklar qayd etayotganini inobatga olsak, Karlo Anchelotti jamoasi ancha qo‘rqinchli gavdalanadi. O‘z hisobiga 12ta gol yozib qo‘yishga ulgurgan fransiyalik forvard to‘purarlar ro‘yxatida 13ta gol kiritib peshqadam bo‘lib turgan Levandovskini ortda qoldirish imkoniyatiga ega. Har holda Robert va «Bavariya» turnir bilan xayrlashib bo‘ldi, Karim esa turnirda eng yaxshi bo‘lish imkoniyatiga ega.

Grandlar kushandasi endi «Liverpul»ga qarshi

«Vilyarreal» «Portu»dan ilhomlanib, Joze Mourino sobiq jamoasining 2003/04 yilgi mavsumda qayd etgan YeChLdagi chempionligini takrorlamoqchi ko‘rinadi. O‘shanda portugallar birinchi yil Yevropa ligasida, keyingi mavsum esa Chempionlar ligasida zafar quchgan edi. Unai Emeri o‘tgan mavsum «MYu»ni mag‘lub etib, Yevropa ligasida g‘olib bo‘ldi, bu yil esa yarimfinalga qadar «Yuventus» va «Bavariya» singari grandlarni turnirdan chiqarib yuborib, final sari yurishini davom ettirmoqda. «Sariq suvosti kemasi» 2006 yildan buyon ilk marta yarimfinalda o‘ynaydi. Emeri shogirdlarini «Enfild»da «Liverpul»ga qarshi «jang» kutib turibdi.

Foto: Getty Images

So‘nggi marta «Vilyarreal» 2015/16 yilgi mavsum Yevropa ligasi yarimfinalida Yurgen Klopp jamoasiga qarshi saf tortib, o‘z uyida raqibdan minimal hisobda ustun kelgan. «Enfild»dagi javob bahsida esa «qizillar» «sariqlar»ga imkoniyat qoldirmagan – 3:0. Bu safar esa final yo‘llanmasi taqdiri chorshanba oqshomida «Enfild»da emas, katta ehtimol keyingi hafta «Estadio de la Seramika»da ma’lum bo‘ladi. Har holda Emerining qo‘rqmas jamoasi bir o‘yindayoq oq bayroqni ko‘taradigan jamoa emasligini hozirga qadar ko‘rsatib kelmoqda.

YeChL. Yarimfinal. Dastlabki o‘yinlar

26 aprel (seshanba)

«Manchester Siti» - «Real»

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: «Sport»

Taxminiy tarkiblar:

«Manchester Siti»: Ederson; Uoker, Ruben Diash, Lyaport, Zinchenko; de Bryuyne, Rodri, Bernardu Silva; Mahrez, Foden, Sterling

O‘ynamaydi: Joau Kanselu (diskvalifikatsiya)

So‘roq ostida: Uoker (to‘piq), Stounz (mushak)

«Real»: Kurtua; Karvaxal, Eder Militao, Alaba, Mendi; Modrich, Kamavinga, Kroos; Valverde, Benzema, Vinisius Junior

O‘ynamaydi: Azar (to‘piq), Mariano (mushak), Yovich (mushak)

So‘roq ostida: Alaba (mushak), Kazemiro (son)

Javob o‘yini: 4 may (chorshanba)

27 aprel (chorshanba)

«Liverpul» - «Vilyarreal»

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: «Mahalla»

Taxminiy tarkiblar:

«Liverpul»: Alisson; Aleksander-Arnold, Konate, van Deyk, Roberson; Henderson, Fabino, Tyago Alkantara; Saloh, Diyegu Jota, Mane

So‘roq ostida: Firmino (tizza)

«Vilyarreal»: Ruli; Foyt, Albiol, Pau Torres, Estupinyan; Parexo, Kapu, Koklen; Lo Chelso, Alkaser, Danjuma

O‘ynamaydi: Alberto Moreno (tizza)

So‘roq ostida: Jyerar Moreno (son).

Javob o‘yini: 3 may (seshanba).

Mavzuga oid
Top