21:09 / 28.04.2022
28440
Finlandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lsa, Rossiya ularga qarshi urush ochishi mumkinmi? - Siyosatshunoslar bilan intervyu

Ukrainadan keyin NATOga intilish ortidan yana ikki davlat – Finlandiya va Shvetsiya Rossiya bilan ziddiyatga kirib qolgandek.

Ayni vaqtda vaziyat shundayki, rasmiy Helsinki va Stokholm shu yilning yozidayoq NATOga a’zolik uchun ariza berishga tayyorlanmoqda. Rossiya tomoni esa xavfsizlikka jiddiy tahdid sifatida Finlandiya va Shvetsiyani alyansga a’zo bo‘lish oqibatlaridan doimiy ogohlantirib keladi.

Jumladan, Rossiya tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Mariya Zaxarova 20 aprel kungi chiqishida Finlandiya va Shvetsiyani NATOga a’zolikka intilish oqibatlaridan ogohlantirib, shunday dedi:

“Biz ommaviy tarzda, ham ikki tomonlama kanallar orqali o‘z ogohlantirishlarimizni berdik. Ular bu haqda bilishadi, shuning uchun hayron bo‘lishning keragi yo‘q. Bu nimalarga olib kelishi borasida barchasidan xabardor qilganmiz”.

Kun.uz muxbiri siyosatshunoslar Xayrulla Umarov va Kamoliddin Rabbimov bilan davlatlar o‘rtasida yuzaga kelayotgan ana shu murakkab vaziyat va uning rivoji bo‘yicha suhbat uyushtirdi.

Kun.uz:

Finlandiya va Shvetsiya shu yilning yozidayoq NATOga kirishi mumkinligi va uning atrofidagi gap-so‘zlar ko‘p muhokama qilinmoqda.

Ayni paytda real vaziyat shundayki, Finlandiya iyunda, Shvetsiya esa undan keyinoq NATOga kirish uchun ariza berishi kutilmoqda.

Xo‘sh, sizlar bir paytlar neytrallik e’lon qilgan va shu siyosat bilan intensiv rivojlanib borayotgan bu ikki davlat nima uchun ushbu harbiy tuzilmaga intilmoqda deya hisoblaysiz?

Xayrulla Umarov: 

Vaziyatni tahlil qilishdan avval NATO o‘zi qanday tashkilot, degan savolga javob berish kerak?

Bu – 1949 yilda tashkil topgan harbiy tashkilot. Alyansning maqsadi, o‘sha paytdagi Sovet Ittifoqi, uning mafkurasi va qurolli kuchlariga qarshi turadigan harbiy tuzilmaga aylanish edi.

SSSR parchalangandan keyin o‘tgan vaqt davomida esa NATOning uch barobarga kengayganini ko‘rishimiz mumkin.

Endi siz aytgan Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zoligi masalasiga o‘tsak. Siyosatda Yuliy Tsezar aytgan bir fikr qoida sifatida olinadi: “Tinchlikni xohlasang, urushga tayyorgarlik ko‘r”.

Shunday ekan, haqiqatan ham, har qanday davlatning birinchi vazifasi ehtimoldagi holatlarga tayyor turishdir. Bu borada ular qayerdan xavf kelishiga qarab, harbiy tuzilmalar joyini ham taqsimlab borishadi. Bu masalaning nazariy jihati.

Xayrulla Umarov

Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi masalasini olaylik. Hozir bu yerda juda qaltis vaziyat. Men shu vaziyat uchun xolisona bir fikrimni aytamanki, Ukrainaning NATOga yaqinlashuvi Rossiya uchun juda katta xavf edi.

Bu birinchidan an’anaviy hudud. Ikkinchidan, hozirgi – beshinchi avlod urushlari tanklar yoki askarlar bilan emas, balki havo hujumi va raketalarga qarshi turuvchi tizimlar bilan ishlaydi.

SSSR paytida bu kabi tizimlar Boltiqbo‘yi, Ozarboyjon va uzoq sharqda joylashtirilgan bo‘lsa, bugungi kunda mana shu sistema Rossiyaga yaqinlashib kelmoqda. Ya’ni Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi Rossiyaga qarshi harbiy harakatlar boshlansa, unga qarshi urush ochish istagidan dalolat beradi.

Tabiiyki, urush paytida chegaralar yaqinligi Rossiyaga raketalar hujumini osonlashtiradi. Chunki hozirgi raketalar tovush tezligidan-da tezroq. Bu degani yadro bombalari 5-7 daqiqada Moskvani tekislab qo‘yishi mumkin.

Ayrimlar Putinni nodonlikda ayblamoqda. Lekin urush haqida qaror qabul qilish davlat rahbari uchun har doim eng og‘ir qaror bo‘lgan. Qadimgi tarixda Rim bo‘lsin, Napoleon bo‘lsin, ular uchun ham urush haqidagi qaror so‘nggi chora sifatida qabul qilingan.

Demak hozirgi vaziyat kuchlar mutanosibligining buzilganidan dalolat.

Finlandiya va Shvetsiya ham tarixdan Rossiya bilan urushib keladi. Masalan, Pyotr I davridagi shvedlarning Poltava ostidagi janglari yoki undan keyingi yana bir qancha ziddiyatlar ham ularning ruslar bilan davom etayotgan ziddiyatidan dalolat beradi.

Bularning NATOga kirishi ham Rossiya uchun xavflarni paydo qiladi.

Masalan, Polsha yoki Ruminiya NATOga kirganda, Rossiya tashqi ishlar vazirligi o‘zining ikki yoki uchta yadro qurollarini Polsha va Ruminiyaga to‘g‘rilashini aytgandi.

Tabiiyki, NATO ham o‘z himoya tizimlarini kuchaytirishga harakat qiladi va bu vaziyat urushga olib keldi.

Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zoligi butun qurolli kuchlarni yagona standart atrofida birlashtirish degani. Bu AQSh standarti. Bu shuningdek, a’zo davlatdan ancha vaqt va katta pul ham talab qiladi.

Ikkinchidan, bu Amerika kuchlarining o‘sha davlatga yetib kelishi va u yerga yadro kuchlarining joylashtirilishini ham bildiradi.

Shuning uchun vaziyatga jiddiy o‘ylagan holda baho berish lozim.

Kamoliddin Rabbimov: 

Kollektiv g‘arbning NATOga a’zo bo‘lish borasida Shvetsiya yoki Finlandiya jamoatchiligiga bosimi mavjud emas. Bu yerda “lobbi”lar ishlamayapti.

Bu ikki davlatda NATOga a’zolik bo‘yicha jamoatchilikning munosabati har doim o‘rganib kelingan. Jumladan, Ukraina urushidan oldin ham Shvetsiyada taxminan 40-50 foiz aholisi alyansga a’zolikni yoqlagan bo‘lsa, bugunga kelib, bu ko‘rsatkich 50 foizdan yuqori.

Finlandiyada ham tashkilotga a’zolik bo‘yicha urushdan avvalgi ko‘rsatkich 50 foiz edi, ammo bugunga kelib u 70 foizni ko‘rsatmoqda. Ya’ni o‘sish yuqori.

Bu borada fin va shved siyosatchilari Rossiyaning daxlsizlik bo‘yicha bergan va’dasi Ukrainada bo‘lgani kabi ishlamay qolishidan xavotirda.

Chunki Rossiyada qaror qabul qilish nihoyatda markazlashgan. Bunda Putinning qarorini hattoki Lavrov ham taxmin qilolmaydi.

Masalan, u Ukrainaga qarshi urush bo‘lmasligini aytgandi, lekin urush boshlandi.

XXI asrda bir demokratik davlatga boshqa bir avtoritar davlatning bostirib kirishi bu misli ko‘rilmagan hodisa. Bu dunyoning xavfsizlik arxitekturasiga va g‘arb jamoatchilik fikrini koordinal o‘zgartirdi.

Kamoliddin Rabbimov

Ukrainaning NATOga intilishida ikki qadriyat bor. Bunda birinchi qadriyat, Ukraina xavfsizligi bo‘lsa, ikkinchisi uning tarixiy mustaqilligi.

Bu o‘rinda Ukrainaning ham dalillari, argumentlari borki, unga ko‘ra, ukrain siyosatchilari quyidagi tabiiy savollarni o‘rtaga qo‘yadi: XIX asrda biz Rossiyani bosib oldikmi? XX asrda totalitar va ateistik davlatni biz qurdikmi? Sovet ittifoqining asosida biz turdikmi?

Yo‘q, aksincha, biz mustaqilligimizni yo‘qotdik. Repressiyalar davrini boshdan kechirgan millatmiz, deyishadi.

Ya’ni bu o‘rinda har bir davlat va jamiyatlarning o‘z qadriyati borligini esdan chiqarmaslik kerak.

Ikki siyosatshunos o‘rtasida jiddiy bahslar bilan o‘tgan ushbu intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Top