15:49 / 28.04.2022
7746
Nurafshonda MChJ rahbari 2 gektar yerni 500 ming dollarga sotmoqchi bo‘ldi

Nurafshon shahri, Qibray, Karmana va Samarqand tumanlarida yer sotish bilan bog‘liq holatlarning oldi olindi.

Foto: O‘zA

DXX, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmalari va IIB xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yer maydonlari noqonuniy sotilishi bilan bog‘liq bir necha holatlarning oldi olindi. 

O‘zA xabar berishicha, Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Nurafshon shahridagi chorvachilikka ixtisoslashgan MChJ ta’sischisi ushbu jamiyatning ikki gektar sug‘oriladigan yer maydonini 500 ming AQSh dollari evaziga xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, oldindan 140 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Toshkent viloyatida kuzatilgan yana bir holatda Qibray tumanidagi MChJ boshqaruvchisi mazkur jamiyatga 46 yil muddatga ijara asosida foydalanish uchun berilgan 91 gektar yer maydonining 60 gektarini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 60 ming dollar talab qilib, oldindan 30 ming olgan vaqtida ushlangan.

Karmana tumanida yashovchi tadbirkor esa o‘ziga DXSh shartlari asosida sun’iy qoplamali futbol maydonchasi va yordamchi bino obektini qurish uchun berilgan 9,9 sotix yer maydonini xaridorga 50 ming dollarga sotishga kelishib, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida DXX Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ushlangan.

DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda yer maydonining noqonuniy sotilishiga qarshi tadbir o‘tkazgan. Jumladan, Samarqand shahrida yashovchi shaxs (1980 y.t.) o‘ziga issiqxona tashkil etishi uchun Samarqand tumani hududidan ajratib berilgan 90 sotix yer maydonini 40 ming dollarga sotishga kelishib, oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Top