07:37 / 28.04.2022
3291
Uzbekistan Airways Toshkent va Batumi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda

Uzbekistan Airways O‘zbekiston va Gruziya hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish uchun yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yishni davom etmoqda.

Foto: Kun.uz

2022 yil 21 maydan boshlab Uzbekistan Airways Toshkent – Batumi – Toshkent xalqaro yo‘nalishi bo‘yicha mavsumiy parvozlarni amalga oshiradi.

Toshkentdan kurort shaharga aviaqatnovlar haftasiga ikki marta – chorshanba va shanba kunlari quyidagi jadval bo‘yicha amalga oshiriladi:

  • chorshanba kunlari, Toshkentdan uchish: 14:30, Batumiga qo‘nish: 17:15, Batumidan uchish: 18:45, Toshkentga qo‘nish: 23:00;
  • shanba kunlari, Toshkentdan uchish: 06:35, Batumiga qo‘nish: 09:20, Batumidan uchish: 10:50, Toshkentga qo‘nish: 15:05.

Gruziyaga kirish uchun emlanganlik haqidagi sertifikatning asl nusxasini taqdim etish kerak. Aks holda, 10 va undan katta yoshdagi yo‘lovchilar PZR-testining manfiy natijasini taqdim etishi kerak (amal qilish muddati 72 soat). Test oldindan tasdiqlanishi va ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.

Toshkent – Batumi yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi 2 386 569 so‘mdan (bagajsiz) va 2 746 353 so‘mdan (bagaj bilan), Toshkent – Batumi – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha esa 4 070 059 so‘mdan (bagajsiz) va 4 621 728 so‘mdan (bagaj bilan) boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil o‘rtalaridan boshlab Uzbekistan Airways Toshkent – Tbilisi – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga ikki marta – seshanba va juma kunlari muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirmoqda.

Top