12:00 / 30.04.2022
3440
“O‘zbekgidroenergo” AJ jamoasi umumxalq xayriya hasharida faol ishtirok etmoqda

Bugun, 30 aprel kuni “O‘zbekgidroenergo” AJning faol va tashabbuskor mehnat jamoasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 26 apreldagi 199-Farmoyishi asosida mahallalar va xonadonlar ozodaligiga hissa qo‘shish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismini qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublikamiz bo‘ylab “Mahalla obodligi — yurt farovonligi” shiori ostida o‘tkazilayotgan umumxalq obodonlashtirish xayriya hasharida faol qatnashmoqda.

Xususan, bino atroflari obodonlashtirilib, daraxtlarni oqlash, qurib qolgan shohlaridan tozalash kabi ishlar uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Umumxalq xayriya hashari doirasida Jamiyat hamda tizim korxona va tashkilotlari mehnat jamoalari tomonidan joylarda obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari xodimlar jipsligi asosida tashkil qilinmoqda.

Jamiyat Ijro apparati mehnat jamoasi tomonidan poytaxtimizning Yashnobod tumanida joylashgan “Ibrat” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilayotgan hasharda faol ishtirok etilmoqda. Mahalla hududidagi guzar, xiyobon, ko‘p qavatli uylar, yo‘laklar, bolalar maydonchasi, “yashil hudud”da tozalash va obodonlashtirish, daraxtlarni oqlash, gullar va daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, go‘zal va obod diyorimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hasharida jonajon xalqimiz uyushqoqlik bilan faol ishtirok etib, o‘zlari istiqomat qilayotgan mahalla hududi, guzarlar, mehnat va ta’lim faoliyatini olib borayotgan binolar va hududlarni, ariqlar, ko‘chalar, xiyobonlar, qabristonlarni tozalash va obod qilish, umuman, keng ko‘lamli, katta hajmdagi obodonlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda.

 “O‘zbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati

Mavzuga oid
Top