20:58 / 04.05.2022
12778
Isroil prezidenti Lavrovdan yahudiylar haqidagi so‘zlari uchun uzr so‘rashni talab qildi

Itsxak Gersogning so‘zlariga ko‘ra, u Sergey Lavrovning bayonotini qayta-qayta o‘qib chiqqan va bunga ishona olmagan.

Foto: AP

Isroil prezidenti Itsxak Gersog Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning natsistlar Germaniyasi rahbari Adolf Hitlerning kelib chiqishi yahudiy bo‘lishi mumkinligi haqidagi so‘zlariga munosabat bildirdi.

Isroil prezidenti Rossiya vazirining uzr so‘rashini kutayotganini aytdi.

«Vaziyatni o‘nglash to‘g‘ri ish bo‘ladi, uzr so‘rash juda zarur», - dedi u.

Gersogning so‘zlariga ko‘ra, u Lavrovning bayonotini qayta-qayta o‘qib chiqqan va bunga ishona olmagan.

«Avvaliga bu so‘zlarni Rossiya tashqi ishlar vaziri aytganiga ishona olmadim. Bu so‘zlar menda g‘azab va nafrat uyg‘otdi", – dedi Isroil prezidenti.

Shu bilan birga, Gersog Lavrovning bayonoti ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazmaydi deb hisoblashini bildirdi.

Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Italiyaning Mediaset telekanaliga bergan intervyusida Adolf Hitlerda yahudiy qoni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgandi. Uning bu so‘zlaridan so‘ng Isroildagi rus elchisi tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan.

Top