18:26 / 05.05.2022
7595
Sirdaryo viloyatida sodir bo‘lgan suv toshqinida 2 ta ko‘p qavatli uy-joy butunlay yaroqsiz holatga kelgan

Baxt shaharchasida uy-joyidan ayrilgan 22 ta oilaga uy-joy sotib olish uchun 2 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratiladi.

Joriy yil 15 mart kuni yog‘gan yomg‘ir oqibatida Sirdaryo tumani Baxt shaharchasida avvalroq buzib qayta qurilishi rejalashtirilgan 2 ta ko‘p qavatli uyni suv bosgan va ular umuman yashab bo‘lmaydigan holatga (avariya) kelgan. O‘shanda ushbu ko‘p qavatli uylarda yashayotgan 22 ta xonadon egalari boshqa joylarga vaqtincha ko‘chirilgandi.

Sirdaryo tumani hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, Xalq deputatlari viloyat Kengashi ushbu ko‘p qavatli uy-joylarni buzib o‘rniga yangisini qurish ishlari uzoq muddatni talab qilishini inobatga olib tegishli qaror qabul qilgan.

Qarorga ko‘ra, hozirda boshpanasiz qolgan 22 ta xonadon egalarini qisqa muddatda uy-joylar bilan ta’minlash maqsadida yangitdan qurilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli uy-joylarni qurmasdan, qurilish uchun ajratilishi rejalashtirilgan mablag‘ hisobidan, xonadon egalarining roziligi bilan maydoni oldingi uyning maydonidan kam bo‘lmagan uy-joylar sotib olishga ruxsat berilgan.

Qayd etilishicha, Xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori bilan, viloyat hokimligining depozit hisobraqamidagi mablag‘lar hisobidan uysiz qolgan fuqarolarga 22 ta uy-joylarni sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarga Sirdaryo tumani hokimligining depozit hisobraqamiga 2 milliard 500 million so‘m mablag‘ o‘tkazilib beriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 16 mart kuni surunkali yomg‘irlar oqibatida Baxt shaharchasidagi ko‘plab xonadonlarni suv bosgan, odamlar xavfsiz joylarga ko‘chirilgandi.

Top