12:18 / 07.05.2022
5989
Termiz shahridagi «Alpomish» sport majmuasining tomi qulab tushgani aytilmoqda

Hodisa haqida rasmiy ma’lumot berilmadi. Kun.uz izoh olish uchun bog‘langan mas’ullar Boysundagi festivalda ekanini va hodisadan bexabarligini ma’lum qilishdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda bugun, 2022 yil 7 may kuni Termiz shahridagi “Alpomish” sport majmuasining tomi qulab tushgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Xabarga ilova qilingan videoda aytilishicha, sport majmuasining tomi qulab tushishidan biroz avval u yerda shug‘ullanib turgan bolalar chiqib ketishgan va shu sababli hodisada hech kim jarohat olmagan.

Sport majmuasining tomi nima sababdan qulab tushgani ma’lum emas. Shuningdek, hodisa haqida rasmiy izoh berilmadi.

Kun.uz hodisa yuzasidan izoh olish uchun viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati hamda viloyat hokimligi axborot xizmati rahbarlari bilan bog‘landi. Ular Boysunda ekanliklarini, u yerda o‘tkazilayotgan xalqaro festivalda tashkiliy ishlar bilan bandligini aytib, Termizdagi sport majmuasining tomi qulab tushgani haqida ma’lumotga ega emasligini ma’lum qilishdi.

Termiz shahar hokimligi axborot xizmati rahbari bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Ma’lumot uchun, Termiz shahrida joylashgan «Alpomish» sport majmuasida turli sport turlari bo‘yicha mamlakat birinchiliklari va viloyat miqyosidagi musobaqalar o‘tkazib kelingan. 

Top