O‘zbekiston | 22:39 / 27.07.2023
31607
3 daqiqa o‘qiladi

Termiz shahri sobiq hokimi 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Surxondaryo markazini qariyb 5 yil boshqargan Isroil Xudoyberdiyev talon-toroj qilish, pora olish va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topildi. Bu jinoyat ishi bo‘yicha jami 18 kishi ustidan sud hukmi o‘qildi.

Isroil Xudoyberdiyev / Foto: O‘zA

Bugun, 27 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudida shaharning sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyev va yana 17 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hukmga ko‘ra, Isroil Xudoyberdiyev Jinoyat kodeksining –

  • 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi;
  • 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi, 2-qismi “a” bandi;
  • 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi;
  • 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi, 2-qismi “a” bandi;
  • 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi;
  • 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari;
  • 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Unga uzil-kesil 2 yil 6 oy muddatga davlat tashkilotlarida mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

Qolgan 17 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 25,167, 167, 168, 184, 28,205, 205, 206, 28,209, 209 va 229-4-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga tegishliligi bo‘yicha jarima, 1 yil 9 oy 15 kundan 2 yil 3 oygacha axloq tuzatish ishlari va 3 yil 6 oydan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.

Hukmdan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Surxondaryo viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqli.

Jinoyat ishining batafsil tafsilotlari, xususan jinoyatchilar davlat va jamiyatga qancha miqdorda zarar yetkazgani ma’lum emas.

Isroil Xudoyberdiyev (1981 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan), uning ikki o‘rinbosari va yana 8 kishi 2022 yil kuzida hibsga olingan edi. O‘shanda ular tomonidan davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar 35,6 mlrd so‘mga baholanayotgani aytilgandi.

Xudoyberdiyev 2017-2022 yillarda Termiz shahriga hokimlik qilgan. U 2022 yil 21 sentabrda lavozimidan ozod etilib, 24 sentabrda qamoqqa olingandi.

Mavzuga oid