19:00 / 13.05.2022
65385
Ukraina rossiyaliklar kolonnasi daryoni kechib o‘tish chog‘ida yakson etilganini xabar qildi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Ukraina harbiylari Donbassdagi daryoni kechib o‘tish uchun o‘rnatilgan ko‘chma ko‘prik hamda Rossiya armiyasining zirhli tanklari kolonnasi yo‘q qilingani haqida xabar berdi. Ukraina harbiylari juma kuni bu holat aks etgan kadrlarni namoyish qildi. Hozirda rossiyalik harbiylarning bu yerdagi yo‘qotishlari soni haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Foto: UKRAINIAN AIRBORNE FORCES COMMAND/REUTERS

Ukraina havo hujumi qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan e’lon qilingan kadrlarda bir necha harbiy mashinalar yonayotgani va ponton ko‘prikning bir qismi cho‘kib ketgani aks etgan. Reuters’ning yozishicha, daryo bo‘yidagi o‘rmonzor va trassada ko‘plab harbiy mashinalar va tanklar shikastlangani yoki tashlab ketilgani ko‘rinadi.

Har kuni o‘z razvedka ma’lumotlarini taqdim etib kelayotgan Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi ukrain kuchlari rossiyalik harbiylarning Donbassdagi daryoni kechib o‘tishga bo‘lgan urinishini muvaffaqiyat bilan bartaraf etishgani haqida xabar qilgan.

Vazirlik fotosuratlarga tayangan holda Severodonetsk g‘arbidan o‘tgan Shimoliy Donni kechib o‘tish chog‘ida Rossiya sezilarli talafotga uchraganini tasdiqlaydi - kamida bitta batalon taktik guruhi yo‘q qilingan, daryoni kechib o‘tish uchun qurilgan ponton ko‘prik vayron bo‘lgan.

«Urush sharoitida daryodan kechib o‘tish o‘ta xavfli manyovr hisoblanadi va bu Rossiya qo‘mondonligi Ukraina sharqida sezilarli natijalarga erishish uchun bosim ostida qolayotganidan dalolat beradi», deya vaziyatni baholagan Britaniya mudofaa vazirligi.

Reuters rossiyaliklarning daryodan kechib o‘tish uchun urinishi barbod bo‘lgani haqidagi xabarni operativ tekshirib, bu to‘qnashuv qachon va qayerda bo‘lganini aniqlashtira olmasligini qayd etgan.

Ukraina IIV rahbari o‘rinbosari Viktor Andrusiv bu hodisa payshanba kuni Lugansk oblastidagi Belogorodka posyolkasi hududida ro‘y berganini aytgan. Andrusivning tasdiqlashicha, ukrain harbiylari «butun bir batalon-taktik guruhini yakson etishgan».

Andrusiv bu batalon-taktik guruh Rossiyaning 74-alohida gvardiya motoo‘qchilari brigadasi tarkibiga kirgani va 70 dan ortiq texnikasining 50 dan ortig‘ini yo‘qotganini taxmin qilgan. Bu batalondagi harbiylar soni 600 nafardan 800 nafargachani tashkil etgan bo‘lishi mumkin.

BBC’ning Lvovdagi muxbiri Jo Invud

Bu mutlaqo yakson bo‘lish - Ukraina mudofaasini qanotdan aylanib o‘tishga urinish halokatli darajadagi muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Lugansk oblastidagi Severodonetsk shahridan g‘arbdan o‘tgan Shimoliy Don daryosining sharqiy sohilidagi yonib ketgan rus tanklari va zirhli texnikalari. Daryoni kechib o‘tish uchun qurilgan ponton ko‘prikning yarmi suvdan chiqib turibdi.

Deyarli butun batalon texnikasi yo‘qotilgan deb hisoblanmoqda - qancha odam halok bo‘lgani esa noma’lum.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi ertalabki brifingda kechuvdagi voqealar Rossiya qo‘mondonligiga bosim ortayotganini ko‘rsatishini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Rossiya armiyasi boshqa joylarda ilgarilamoqda - xabarlarga ko‘ra Rubejnoye shahri atrofidagi hududlar egallangan. Bu esa strategik muhim shahar hisoblangan Severodonetsk (Lugansk oblastining Ukraina nazoratidagi qismining ma’muriy markazi) uch tomondan qurshovga olinganini anglatadi.

Agar Rossiya qo‘shini bu shaharni ham egallasa, ular daryo bo‘ylab bir qancha kechib o‘tish joylarini nazoratiga oladi, hozirda esa bu daryodan o‘tish ularga qimmatga tushmoqda.

Bu rossiyalik harbiylarning ushbu daryodan o‘tish uchun birinchi urinishi emas. Ukraina nashrlari xabariga ko‘ra, hafta boshida Rossiya maxsus topshiriqli bo‘linmasi Belogorovka hududida ponton ko‘prik orqali daryodan o‘tgan, ammo artilleriya zarbalari orqali to‘zitib yuborilgan.

Lugansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday telegram-kanali orqali payshanba kungi navbatdagi janglar haqida xabar bergan. «Belogorovka hozirda rossiyaliklar hujumini to‘xtatib turibdi, bizning himoyachilar ikki marta ponton ko‘prikni vayron qilishdi, rossiyaliklarning harakatlaridan kelib chiqsak - uchinchisi ham bo‘ladi», deya yozgan Gayday.

Payshanba kuni kechqurun Ukrainadagi telegram-kanallarda Belogorovka hududida daryo bo‘ylab o‘tgan ponton kechuvi yakson etilganining yangi suratlarini e’lon qildi. Ularning versiyasiga ko‘ra, bu desantchilarni evakuatsiya qilishga urinish edi va bu urinish yana artilleriya zarbalari tufayli barbod bo‘lgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi hozircha bu bo‘yicha izoh bermadi.

Amerikadagi urushlarni tadqiq qilish instituti baholariga ko‘ra, Rossiya armiyasining Severodonetskka keng ko‘lamli hujumi yaqin kunlarda boshlanadi.

Ukraina armiyasi Xarvokda hujumga o‘tmoqda

Ukraina so‘nggi kunlarda Rossiya armiyasini Xarkov atrofidagi janglarda mag‘lub etmoqda. Kiyev tomonidan yangrayotgan bayonotlarga ko‘ra, Xarkov yo‘nalishidagi rossiyalik harbiylarning asosiy sa’y-harakatlari Veseloye aholi punkti hududida ukrain kuchlarining oldinga siljishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.

CNN Xarkov oblasti hududida rossiyalik harbiylar Ukraina kuchlari hujumga o‘tishini qiyinlashtirish uchun Shimoliy Don daryosidagi uchta ko‘prikni portlatib yuborgani haqida xabar bergan.

Reuters agentligi jurnalistlari Ukraina ayni vaqtda Xarkovdan janubi-sharqda Shimoliy Don qirg‘og‘igacha bo‘lgan 40 km masofadagi hududni nazorat qilayotganini ma’lum qilishgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ham Rossiya Donetsk va Lugansk oblastlarida ilgarilayotganini ma’lum qilgan. Rossiya mudofaa vazirligi so‘nggi kunlarda quruqlikdagi harakatlar haqida ma’lumot bermadi va faqat havodan berilayotgan zarbalar haqida xabar qilmoqda. Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi juma kuni o‘z obzorida Rossiya Xarkovdan janubda, Izyum va Severodonetsk atrofida Slavyansk va Kramatorsk tomon yorib o‘tish uchun zo‘r berayotganini aytgan.

Lugansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday juma kuni o‘tgan kunda regiondagi aholi turar joylariga 31 bor zarba berilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar Popasnayani qo‘lga olgach, shimolga, Orexovo yo‘nalishida va Kamishevaxa rayonida yurish shturm harakatlari olib bormoqda.

Lugansk va Donetsk oblastlaridan tashqari dunyo Mariupoldagi «Azovstal» zavodi qamalini ham kuzatmoqda. Hozircha ushbu zavoddagi ukrain harbiylari evakuatsiyasi bo‘yicha ma’lumot yo‘q. Mariupol meri maslahatchisi Petro Andryushchenkoning xabar qilishicha, rossiyalik harbiylar havodan qo‘llab-quvvatlov orqali korxona hududiga quruqlikdan bostirib kirish uchun harakatlarini davom ettirmoqda.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top