Frontdagi vaziyat: Rossiyaning Ukrainadagi katta yurishi boshlanib ketdimi?
So‘nggi kunlarda ukrainalik siyosatchilar va G‘arbdagi harbiy tahlilchilar tomonidan Rossiyaning kutilayotgan keng ko‘lamli yurishi boshlanishi haqida tobora ko‘proq bayonotlar yangramoqda. Ammo Ukrainada frontning turli uchastkalarida keskinlik ortganini yurish boshlanishi deb hisoblash mumkin bo‘lsa ham, hal qiluvchi yurish deb baholash qiyin. BBC hozir sodir bo‘layotgan voqealar Rossiya armiyasining so‘nggi oylarda Donbassda oldinga siljishga urinishlaridan nimasi bilan farqlanishini tahlil qildi.
Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko o‘tgan haftada Ukraina televideniyesiga bergan intervyusida Rossiyaning yurishi «ma’lum ma’noda» boshlangani haqida aytdi.
O‘z navbatida Luhansk harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday Luganskdagi yurish «amalda boshlanib ketgani» haqida aytdi.
Shuningdek, Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) o‘z svodkasida Rossiya armiyasi tashabbusni qo‘lga olgani va Luhansk oblastida yurish qilayotgani haqida xabar berdi.
Rossiya katta yurishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yanvar oyi o‘rtalaridan buyon aytib kelinayotgandi. O‘shanda kuzatuvchilar va ekspertlar yurish ikki tomondan ham boshlanishini kutish mumkinligini bildirishgandi. Ammo fevral oyi boshida G‘arbda va Ukrainadagilar faol harbiy harakatlar aynan Rossiya tomonidan boshlangani haqida ayta boshlashdi.
So‘nggi haftalarda – ayniqsa, so‘nggi kunlarda – frontning ayrim uchastkalarida vaziyat chindan ham keskinlashdi. Ammo hozircha Rossiya qo‘shinlarining hujumlari va oldinga harakatlanishini ko‘pchilik «katta yurish» deb hisoblamayapti.
Shunga qaramay, ilgarilash kuzatilmoqda.
Baxmut – operativ qurshovda
Nisbatan murakkab vaziyat Donetsk oblastining Baxmut shahri atrofida yuzaga kelgan, Rossiya armiyasi bu shaharni olish uchun avgust oyidan buyon harakat qilmoqda. Shahar hududidagi vaziyat so‘nggi kunlarda tobora yomonlashib bormoqda.
Shahar ayni vaqtda Rossiya qo‘shinlari pozitsiyasidan yorib chiqqan ulkan bo‘rtiq uchiga to‘g‘ri kelmoqda. U shimol va janubdan o‘rab olingan. Uni shimoli-g‘arbdan, Slovyansk tomondan keluvchi ta’minot yo‘lidan uzib qo‘yish uchun Rossiya qo‘shinlari ushbu yo‘l bo‘yida joylashgan Krasnaya Gora va Praskoviyivka qishloqlarini egallashi talab etiladi.
Praskoviyivka orqali M-03 shossesi o‘tadi, bu Baxmutga ta’minot yetkazib beriladigan yo‘llardan biridir.
13 fevral kuni avvaliga «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin, keyin esa RF mudofaa vazirligi Krasnoya Gora posyolkasi egallangani haqida xabar tarqatdi, Praskoviyivka uchun janglar davom etmoqda.
Boshqa yo‘l – T-0504 trassasi – janubi-g‘arbiy yo‘nalishda, Konstantinovka tomondan Baxmutga olib keladi. Rossiya qo‘shini bu yo‘lga ham Ivanovskoye qishlog‘i atrofida yaqin kelishgan.
Ikki yo‘l ham Rossiya qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilmoqda, ammo hozircha bu yo‘llar to‘sib qo‘yilgani yo‘q. Baxmutdagi vaziyat bo‘yicha qandaydir prognozlar qilish qiyin, chunki bu hududda Rossiya qo‘shini harakati hamon Ukraina qurolli kuchlarining yaxshi tashkil etilgan mudofaasi tufayli juda sekin kechmoqda.
Kreminna-Svatovo
Kreminna – Lugansk oblasti g‘arbida joylashgan shahar bo‘lib, Ukraina qo‘shini kuzgi qarshi hujum vaqtida ushbu shaharni ham qaytarib olishi kutilgandi. Shahar o‘sha yurish vaqtida Ukraina qurolli kuchlari tomonidan ozod etilgan so‘nggi aholi yashash manzili bo‘lib qolgan Liman shahridan 30 kilometr sharqda joylashgan.
Svatovo - Luhansk oblastidagi yana bir shahar bo‘lib, Kreminnadan 35 kilometr shimolroqda joylashgan. Ukrainaning kuzgi qarshi hujumlari Kreminna-Svatovo liniyasida to‘xtab qolgan, bu shaharlarni ozod etish imkoni bo‘lmagandi.
Endi, ISW mutaxassislari va boshqa kuzatuvchilar xabar berishicha, aynan shu hududda Rossiya armiyasi yurishi boshlanmoqda.
Agar Rossiya qo‘shinlari Limanga yetib kelib, uni qaytadan egallashga muvaffaq bo‘lsa, bu ularga avvaliga Slovyanskka va keyin Kramatorskka tomon yo‘l ochadi. Ammo bu maqsadlar ancha ambitsiyali bo‘lib ko‘rinadi, chunki hozirda Rossiya qo‘shini Liman yo‘nalishidagi o‘rmonli hududlar bo‘ylab yorib o‘tishi qiyin masala.
Svatovodan shimolda rossiyaliklar Xarkiv oblastidagi Kupyansk shahriga hujum qilmoqda. Rossiya bilan chegarada joylashgan bu rayonni egallash Donbassdagi guruh ta’minoti uchun muhim.
Vuhledar
Janglar ancha faollashgan uchinchi yo‘nalish, bu Vuhledardir.
Bu yerda Rossiya armiyasi katta yurish qilishga uringan, lekin jangovar guruh mag‘lubiyatga uchrab, katta yo‘qotishlar berib chekingan.
Manbalardan birining ma’lumotiga ko‘ra, yana Tinch okeani flotining 155-dengiz piyodalari brigadasi zarbaga uchragan, bu brigada noyabr oyida ham ushbu hududda yirik mag‘lubiyatga uchragandi. Boshqa bir manbaga ko‘ra, bu motoo‘qchilar qismi bo‘lgan.
8 fevral kuni Ukrainaning qator kanallarida dron orqali olingan kadrlar tarqaldi. Ularda Rossiyaning zirhli texnikalari kolonnasi Ukraina artilleriyasi zarbalariga yo‘liqqani aks etgan. Texnikalarning bir qismi minaga tushib portlab ketgan.
Natijada, dron orqali olingan kadrlarga ko‘ra, bu yo‘nalishda rossiyaliklarning 30 dan ortiq zirhli texnikalari, jumladan tanklari yakson etilgan.
Rossiya qo‘mondonligining hujumni rejalashtirishdagi harakatlari ko‘plab rossiyalik harbiy muxbirlar va ekspertlar tomonidan tanqidga uchradi, ular kolonna harakati hech bo‘lmaganda muhandislik razvedkasi bilan ta’minlanmaganini qayd etishgan.
«DXR»ning sobiq mudofaa vaziri Igor Strelkov RF qurolli kuchlari Vuhledar atrofida qaqshatqich zarbaga uchraganini aytdi – uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar 30 dan ortiq zirhli texnikani yo‘qotgan, «bir necha o‘nlab» tankchilar halok bo‘lgan.
Bu hujum bir necha kun oldin Vuhledarga boshlangan yurish natijasi bo‘ldi. Avvaliga hujum razvedka jangidek ko‘rinayotgandi, ammo keyin, britan razvedkasi baholariga ko‘ra, hujumlar haqiqiy yurish darajasigacha o‘sgan. Bu natija oraliq bo‘ladimi yoki hujumlar butunlay to‘xtaydimi, hozirda aniq gap aytish qiyin.
BBC rus xizmati muxbiri Olga Ivshina:
Dekabr oyi o‘rtalaridayoq biz Rossiyaning kunlik yo‘qotishlari soni keskin o‘sa boshlaganini sezdik. Holbuki gap faqat o‘limi Rossiyadagi manbalar (rasmiylar va/yoki qarindoshlari) tomonidan tan olingan harbiylar haqida ketmoqda.
Sizga ma’lumki, urushning ilk kunlaridan buyon BBC «Mediazona»dagi hamkasblar va ko‘ngillilar jamoasi bilan hamkorlik qilib, Ukrainaga bosqin davomida halok bo‘lgan rossiyalik harbiylarning ro‘yxatini yuritib kelmoqda.
2022 yil mobaynida Rossiyadagi manbalar har hafta o‘rtacha 250-300 qurbonni tasdiqlashardi. Hozirda biz bir haftada kamida 600 familiyani tasdiqlashga erishdik, yanvar oyi oxiridan buyon – har haftada o‘rtacha 700 kishi o‘limi tasdiqlangan. Va bu biz ochiq manbalar orqali tekshirishga muvaffaq bo‘lgan ma’lumotlar, ya’ni haqiqiy qurbonlar soni ancha kattaroq. Agar nekrologlar va frontdan kelayotgan xabarlar solishtirilsa, bu harbiylarning aksari yurish harakatlari davomida halok bo‘lgani anglashiladi.
Hozirgi faollashish keng ko‘lamli yurish boshlanishimi?
2014 yildan buyon «DXR» tomonida turib jang qilib kelayotgan «Vostok» bataloni komandiri Aleksandr Xodakovskiyning yozishicha, Rossiya qo‘shini hozircha Ukraina qismlari qattiq qarshilik ko‘rsatayotgan shahar sharoitidagi janglar bilan band. Ammo, kelgusida hujum shiddati kuchayishi mumkin, deb hisoblaydi u.
«Qayerdadir ulug‘vor rejalarni sahifalayotgan bo‘lishsa-da, yerda to‘qnashuvlar ketmoqda. Qaysidir uchastkada biz shaharlar devorlariga qarab chopmoqdamiz, qayerdadir sudralib bormoqdamiz - umuman olganda, vaziyat alohida dinamika bilan ajralib turmayapti. Kuchlar konsentratsiyasi ancha salobatli, so‘nggi haftalardagi vaziyat shunday – tug‘ilish tez orada boshlanishi kerak», deya yozgan u o‘z telegram-kanalida.
Boshqa tomondan, Vuhledar ostonasidagi mag‘lubiyat Rossiya qo‘shinlarining ruhiy holatiga ta’sir ko‘rsatishi aniq, ammo boshqa tomondan – Svatovo va Baxmut atrofidagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun ancha qiyinlashgan.
Agar Rossiya bosh shtabi chindan ham katta yurish boshlash haqida o‘ylayotgan bo‘lsa, uni birdaniga bir necha yo‘nalishda olib borish mantiqiy bo‘ladi – bu holda mudofaalanayotgan tomon uchun vazifa qiyinlashadi, ular bir vaqtning o‘zida bir necha inqirozni hal qilishi talab etiladi.
Rossiyaning 2022 yil fevralidagi bosqini xuddi shu mantiq bilan boshlangandi – o‘shanda Ukrainaga bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda yurish qilingandi.
Boshqa tomondan, hujumlarning bir qismi chalg‘ituvchi bo‘lib chiqishi, asosiy zarba esa muayyan yo‘nalishdan berilishi mumkin. Hozircha qaysi yo‘nalish asosiy bo‘lishini aytish qiyin.
Tavsiya etamiz
Boylar davrasi: dunyo milliarderlari Tramp inauguratsiyasida yig‘ildi
Jahon | 22:19 / 21.01.2025
Qo‘li kesilgan 2 oylik chaqaloq: uning yaqinlari shifokorlardan norozi
Jamiyat | 14:20 / 21.01.2025
100 dollarlik banknotaning eskisidan voz kechilyaptimi?
Iqtisodiyot | 11:05 / 21.01.2025
APLdagi ilk o‘zbek. Husanovning transferi haqida asosiy gaplar
Sport | 09:16 / 21.01.2025
So‘nggi yangiliklar
-
BMT bosh kotibi 2025 yildagi asosiy tahdidlarni sanadi
Jahon | 21:11 / 22.01.2025
-
Chexiyada rossiyaliklarga fuqarolik berishni taqiqlovchi qonun ma’qullandi
Jahon | 23:41 / 22.01.2025
-
AQSh janubida qor bo‘ronlari sabab birinchi marta favqulodda holat e’lon qilindi
Jahon | 23:19 / 22.01.2025
-
"Husanov tezroq ingliz tilini o‘rganishiga umid qilaman. Uning jismoniy ko‘rsatkichlari ajoyib" – Gvardiola Abduqodir Husanov haqida
Sport | 23:12 / 22.01.2025
Mavzuga oid
23:00 / 22.01.2025
Davos forumi: dunyo siyosatchilari nimalarni gapirmoqda?
21:40 / 22.01.2025
Tramp Putinni Ukrainadagi urushni to‘xtatishga chaqirdi
21:10 / 22.01.2025
KXDR Rossiya-Ukraina urushiga qo‘shimcha kuchlar yuborishni rejalashtirmoqda – Pentagon
16:57 / 22.01.2025