09:41 / 16.05.2022
5797
NATO Ukrainaga harbiy yordamni kamaytirmaydi - Germaniya TIV

NATO Rossiyaning Donbassdagi hujumi to‘xtab qolganini bildirdi, biroq urush uzoq davom etishi mumkin. Shimoliy Atlantika alyansi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Berlinda Ukrainaga qanday yordam berish mumkinligini muhokama qildi.

Annalena Berbok / Foto: Picture Alliance

NATO davlatlari Ukraina o‘zini himoya qilishi uchun qancha kerak bo‘lsa, shuncha unga harbiy yordam ko‘rsatadi. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok 15 may, yakshanba kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan Shimoliy Atlantika alyansi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining norasmiy uchrashuvi yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi, deb yozadi DW. 

Berbokning so‘zlariga ko‘ra, vazirlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi o‘zgarishlarni «mufassal va ochiq tahlil qilgan», shuningdek, Ukraina xalqiga yordam berish uchun «yaqin haftalar va oylarda» nima qilish mumkinligini muhokamadan o‘tkazgan.

«Biz bir ovozdan milliy sa’y-harakatlarimizni, birinchi navbatda, harbiy qo‘llab-quvvatlash sohasida kamaytirishga haqqimiz yo‘q, degan qarorga keldik», dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri. «Biz hammamiz bilamizki, bu urush tez tugamaydi», deb qo‘shimcha qildi u.

O‘z navbatida, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Moskvada xohlaganidek kechmayotganiga e’tibor qaratdi: «Ular Kiyevni qo‘lga kirita olmadi, Xarkov atrofidagi hududlardan chekinmoqda, ularning Donbassdagi asosiy hujumi to‘xtab qoldi». 

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zining «strategik maqsadlariga» erisha olmadi: u Ukrainani mag‘lub eta olmadi, NATO «har doimgidan ham kuchliroq bo‘ldi», Yevropa va Shimoliy Amerika esa birlashdi. 

«Ukraina bu urushda g‘alaba qozonishi mumkin. Ukrainaliklar o‘z vatanini mardonavor himoya qilmoqda», - deya qo‘shimcha qildi alyans bosh kotibi. U NATO davlatlari «Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirishda davom etishiga» va’da berdi. 

Germaniya tashqi ishlar vaziri Rossiya bilan muloqot qilish imkoniyati haqidagi savolga javob berar ekan, «har doim muloqot bo‘lishi kerak», deb ta’kidladi. «Ammo barchamiz qiyin yo‘l bilan bilib oldikki, o‘tkazgan so‘nggi muloqot shakli, ya’ni YeXHT Rossiya tomonidan yo‘qqa chiqarildi», — dedi Berbok. 

U muzokaralar bo‘yicha barcha urinishlarni, xususan, «Normand formati» va Minskni, shuningdek, AQSh, Fransiya, Turkiya prezidentlari va Germaniya kanslerining Rossiya bilan muloqot o‘tkazishga bo‘lgan sa’y-harakatlarini eslatdi. Ammo Moskva ularni rad etdi, «shuning uchun biz Ukrainani nafaqat to‘liq qo‘llab-quvvatlashimizni, balki Ukrainaga o‘zini himoya qila olishi uchun harbiy yordam ko‘rsatishimizni tushuntirishdan boshqa ilojimiz qolmadi», dedi Berbok. U Rossiyani Rossiya-NATO asosiy aktini amalga oshirishdan bir tomonlama bosh tortganlikda aybladi. 

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top