21:07 / 25.05.2022
22796

Shomurodov mavsumni yevrokubok bilan yakunlaydimi? «Roma» - «Feyyenoord» finali oldidan 

Foto: UEFA

Bugun, 25 may oqshomida ko‘hna qit’ada muxlislar e’tibori joriy mavsum ilk marta tashkil etilgan turnir – Konferensiyalar ligasi finaliga qaratiladi. Albaniya poytaxti Tiranada o‘tkaziladigan hal qiluvchi bahsda Joze Mourino barcha yevrokuboklarda zafar quchgan ilk murabbiyga, Eldor Shomurodov esa yevrokubok finalida to‘p surgan birinchi o‘zbek futbolchisiga aylanishi mumkin. 

Eldor yevrokubok finalida maydonga tushgan ilk o‘yinchiga aylanadimi?

O‘zbekistonlik futbolchilar orasida yevrokuboklarda to‘p surgan o‘yinchilar barmoq bilan sanarli. Mirjalol Qosimov yevrokubokda «Liverpul» darvozasini ishg‘ol etgan, Jasur Yaxshiboyev Chempionlar ligasida «Real» posboni Tibo Kurtuani ojiz qoldirgan, Maksim Shatskix Yevropa maydonlarida o‘z nomini ko‘p marta tabloda yozdirgan, Vitaliy Denisov esa TsSKA safida hal qiluvchi o‘yinlarda to‘p surmagan bo‘lsa-da, UYeFA kubogi g‘olibi sifatida qayd etiladi. Eldor Shomurodov esa o‘zbek futboli tarixida ilk marta yevrokubok finalida to‘p surgan ilk o‘yinchi, kubok sohibiga bo‘lgan ikkinchi futbolchiga aylanishi mumkin. U klubi bilan Albaniyaga yetib kelgan va so‘nggi bahsda asosiy tarkibda tushgani kabi bugungi finalda ham maydonga tushishga shay. 

Foto: Getty Images

Kim qanday holatda?

Rim klubi Italiya A Seriyasini 6-o‘rinda yakunlab, Yevropa ligasiga yo‘llanma oldi. Joze Mourino shogirdlari joriy mavsumni kubok bilan yakunlash imkoniyatiga ega. Rimliklar barcha turnirlardagi oxirgi o‘yin 6 o‘yinda bor yo‘g‘i faqat ikki marta zafar quchgan bo‘lishsa-da, final yo‘llanmasi uchun kurashda «Lester» to‘sig‘idan o‘tib, hal qiluvchi uchrashuvga yetib kelishdi. 

Foto: UEFA

Arne Slot murabbiyligidagi «Feyyenoord» esa Niderlandiya chempionatini 3-o‘rinda yakunladi. Oxirgi 6 o‘yinda 3 g‘alaba qayd etgan Rotterdam klubi yarimfinalda «Marsel»ni ortda qoldirgan holda finalgacha yetib kelgan. 

Mag‘lubiyatsiz «Feyyenoord»

Italiya va Niderlandiya jamoalari turnirdagi ishtirokini saralash bosqichidan boshlab, yakunda finalgacha yetib kelishdi.

Joze Mourino jamoasi Konferensiyalar Ligasi finaligacha ikki bor mag‘lub bo‘ldi. Qiziq tomoni, rimliklarni har ikki safar Norvegiyaning «Bude-Glimt» jamoasi taslim etdi. Niderlandiya jamoasi esa hal qiluvchi o‘yingacha mag‘lubiyatsiz yetib kelishni uddaladi. 

To‘purarlar jangi

Finalga turnirdagi eng sermahsul ikki jamoa yetib keldi. O‘tkazilgan 12 o‘yinda «Feyyenoord» 28 marta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, «Roma» ulardan bitta kam to‘p kiritgan. Bundan tashqari, Tiranadagi o‘yinda musobaqaning eng yaxshi ikki to‘purari bir-biriga qarshi maydonga tushadi. Niderlandlar safida forvard Siril Dessers 10 bor zafar quchgan bo‘lsa, Temmi Abraham hisobida 9 gol mavjud.  

Foto: Getty Images

«Roma» finalgacha...

Guruh bosqichida «Roma» «Bude-Glimt»ga qarshi ikki bahsda bor yo‘g‘i 1 ochko jamg‘ardi. Norvegiyada bo‘lgan uchrashuvda esa Eldor Shomurodov to‘p surayotagn jamoa 1:6 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Shunga qaramay, rimliklar S guruhida 1-o‘rin bilan pley-off bosqichiga chiqishdi. Finalgacha jamoa «Vitess» (1:0 mehmonda, 1:1 uyda), «Bude-Glimt» (1:2 mehmonda, 4:0 uyda) va «Lester» (1:1 mehmonda, 1:0 uyda) klublarini musobaqadan chiqarib yubordi. 

«Feyyenoord» finalgacha...

«Feyyenoord» Ye guruhida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Pley-off bosqichlarida esa niderlandlar «Partizan» (5:2 mehmonda, 3:1 uyda), «Slaviya» (3:3 uyda, 3:1 mehmonda) va «Marsel» (3:2 uyda, 0:0 mehmonda) jamoalari to‘sig‘idan o‘tdi. 

Ikki finalchilar 2014/15 yilgi Yevropa ligasi 1/16 finalida ham o‘zaro kuch sinashishgan edi. Italiya poytaxtida kechgan uchrashuv 1:1 hisobida yakunlangan edi, «Feyyenoord» maydonida esa «Roma» 2:1 hisobida zafar quchgan. 

«Roma» 31 yil ichida ilk bor finalda

«Roma» o‘z tarixida uchinchi bor, so‘nggi 31 yil ichida esa birinchi marta yevrokuboklar finalida ishtirok etmoqda. Mourino uchun esa bu - beshinchi final. Bundan oldingi to‘rt finalda portugaliyalik mutaxassis ishlagan klublarning barchasi bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Joze 2003 yilda «Portu» bilan UYeFA kubogi, bir yildan so‘ng Chempionlar ligasi, 2010 yilda «Inter» ustozi sifatida yana Chempionlar ligasi va 2017 yilda «MYu» bilan Yevropa ligasida g‘olib bo‘lgan. 

Foto: Getty Images

«Feyyenoord» 20 yillik tanaffusdan keyin finalda

Rotterdam klubi 20 yillik tanaffusdan so‘ng birinchi marta yevrokubok finaliga chiqdi. 20 yil muqaddam «Feyyenoord» UYeFA kubogining hal qiluvchi bahsida Per van Hoeydonkning dubli hamda Yon-Dal Tomassonning goli evaziga Dortmundning «Borussiya» klubini mag‘lub etgan edi. 1970 yilgi yevrokuboklar finalida bo‘lsa niderlandlar «Seltik» ustidan 3:1 hisobida zafar quchishgan. 

Eski tanishlar

- Hozirda «Roma» sharafini himoya qilayotgan himoyachi Rik Karsdorp 2014-2017 yillar mobaynida aynan rotterdamliklar libosida maydonga tushgan.

- «Roma» himoyachisi Enzli Meytlend-Nayls va «Feyyenoord» forvardi Reyss Nelson o‘z vaqtida birgalikda «Arsenal»da to‘p surishgan.

- Nelson va Abraham bir necha yil muqaddam Angliya yoshlar jamoasi safida birga to‘p surgan.

- 2017/18 yilgi mavsumning ikkinchi yarmida Reyss Genrix Mxitaryan bilan birga «Arsenal» sharafini himoya qilgan. 

Kim qanday fikrda? 

Joze Mourino: «Men sehrli so‘zlar va afsunga ishonadiganlardan emasman. Finalda g‘alaba qozonish uchun bir jamoa bo‘lib, hamma o‘zining eng kuchli jihatlarini ko‘rsatgan holda maksimum darajasida to‘p surishi shart. Final biz uchun qanday yakunlanishidan qat’i nazar bu mavsum biz uchun pozitiv ruhdao‘tdi, deya olaman». 

Foto: Getty Images

Arne Slot: «Finalda nima kutayotganimiz aniq, ammo futbolda hamma narsa ro‘y berishi mumkin. Gohida raqib murabbiyi qandaydir syurpriz tayyorlaydi. «Roma» o‘yinlarini tahlil qilib, raqibga qarshi puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Raqib bizga qandaydir syurpriz tayyorlagan taqdirda ham, bizni hayron qoldira olmaydi, axir bu mavsum 55ta o‘yinda maydonga tushdik».

Foto: Getty Images

Taxminiy tarkiblar:

Konferensiyalar ligasi. Final.

25 may (chorshanba)

«ROMA» - «FeYYeNORD»

Tirana, «Arena Kombetare» stadioni.

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: «Cport»

«Roma»: Ruy Patrisiu; Manchini, Smolling, Ibanes; Karsdorp, Kristante, Mxitaryan, Pellegrini, Shomurodov; Dzanolo, Abraham

«Feyyenoord»: Beylov; Gertreyda, Trauner, Senezi, Malasia; Eursnes, Til, Nelson, Orkun Kekchyu; Sinisterra, Dessers. 

Usmon Ibodov tayyorladi. 

Top