08:05 / 28.05.2022
21645

O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Joriy yilning 27 may kuni O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi. Unda federatsiyaga yangi rahbar saylash kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi.

Foto: MOQ

Tadbirda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi mutasaddilari, sportchi va murabbiylar ishtirok etishdi. Yig‘ilishda dastlab shu davrgacha O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan Rustam Shoabdurahmonovning o‘z xohishiga ko‘ra yozgan arizasi ko‘rib chiqildi va delegatlar tomonidan qabul qilindi.

Foto: MOQ

Shundan so‘ng yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalaga o‘tildi. Unda “Kapitalbank” ATB kuzatuv kengashi raisi Maqsud Abdusamatovning nomzodi O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi lavozimiga taklif etildi va konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Shu tariqa Maqsud Abdusamatov O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi etib saylandi.

Foto: MOQ

So‘ng kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga yangi bosh kotib saylandi. Unga ko‘ra, ushbu vazifada faoliyat ko‘rsatib kelgan Gulnora Saidova mazkur lavozimga qayta saylandi.

Konferensiya ishtirokchilari Rustam Shoabdurahmonovning boshqaruvi davrida Olimpiya o‘yinlariga ilk bor 3 ta litsenziya qo‘lga kiritilganini alohida ta’kidlab o‘tgan. 

Top