12:33 / 10.06.2022
14577

Dam olish kunlari havo harorati pasayishi kutilmoqda

O‘zbekistonning ba’zi hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Bugun kun davomida respublika katta qismida quruq va biroz issiq ob-havo saqlanib turadi. Faqat shimolda, kunning ikkinchi yarmida Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, kunduz kuni havo harorati 34-39 daraja issiq atrofida, janubda ba’zi joylarda 40-42 daraja issiqqacha bo‘ladi.

11 iyunda O‘zbekiston hududiga Kavkaz hududlaridan biroz nam va nisbatan salqin havo kirib keladi.

11 iyunda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida, 11-12 iyunda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

13 iyunda faqat Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublika qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

10-12 iyunda respublikaning ayrim joylarida shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 10-14 iyunda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi ehtimoli bor.

Kunduzi havo harorati asta-sekin pasayadi va 12 iyunga kelib 31-33 daraja issiqni tashkil etadi.

Mavzuga oid
Top