07:29 / 10.06.2022
18344

O‘zbekistonning tashqi bozordagi eng raqobatbardosh meva-sabzavotlari aniqlandi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda yetishtiriladigan meva-sabzavotlarning tashqi bozordagi raqobatbardoshligini qayta baholadi.

Foto: Shutterstock

2021 yilning iyun oyida institut meva-sabzavot mahsulotlari raqobatbardoshligini baholagan va uning natijalarini e’lon qilgan, biroq hisob-kitoblar 4 ta qiymatli tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi ma’lumotlari asosida amalga oshirilgandi. 

Ushbu baholash TIF TN bo‘yicha 6 ta qiymatli ma’lumotlar asos qilib olingani bilan farq qiladi. Shuning uchun avval ko‘rib chiqilgan 35 ta tovar guruhi o‘rniga bu safar meva va sabzavotlar 127 ta tovar guruhi baholandi.

PMTI ekspertlari hisob-kitoblar natijasida olingan indekslar o‘rtacha qiymatlarini taqqoslash asosida meva-sabzavotlarni 3 guruhga ajratdi: 1) tashqi bozorda sezilarli qiyosiy ustunlikka ega bo‘lgan tovarlar; 2) «marginal» holatdagi, ya’ni ba’zi yillarda jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lgan, ayrim yillarda esa raqobatbardosh bo‘lmagan hamda tashqi bozor sharoitiga juda bog‘liq tovarlar; 3) tashqi bozorda qiyosiy ustunlikka ega bo‘lmagan tovarlar.

Shunday qilib, O‘zbekiston tovarlarining tashqi bozorda aniq qiyosiy ustunlikka ega bo‘lgan 36 ta va qiyosiy ustunlikka ega bo‘lmagan 58 ta guruhini aniqlashga muvaffaq bo‘lindi. Tovarlar qolgan 33 ta guruhi bo‘yicha qiyosiy ustunlik mavjudligi yoki yo‘qligi aniq emas va ular bozor sharoitiga bog‘liq.

2017-2021 yillarda jahon bozorida eng katta qiyosiy ustunlikka ega bo‘lgan mahsulotlar 10 taligiga quyidagilar kiradi: 

barcha ko‘rinishdagi loviyalar - quritilgan, po‘sti olingan, po‘stidan tozalangan yoki tozalanmagan, maydalangan yoki maydalanmagan; 
sarxil o‘rik; 
loviyaning vingamungo nepper yoki vingaradiata turlari - quritilgan, po‘sti olingan, po‘stidan tozalangan yoki tozalanmagan, maydalangan yoki maydalanmagan; 
xurmo;
mayiz;
olxo‘ri qoqi;
gilos;
turshak;
olma qoqi;
qisqa muddatli saqlash uchun mo‘ljallab konservalangan, lekin bu shaklda ozuqa sifatida iste’mol qilish uchun yaroqsiz bo‘lgan boshqa sabzavot va o‘simlik aralashmalari.

Mavzuga oid
Top