21:30 / 11.06.2022
25137

Gurlan hokimi yuqoriroq lavozimga tayinlandi. U avvalroq hayfsan olgan va fermerlarga tahdid qilgandi

Gurlan tumani hokimi Murodjon Achilov Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U o‘tgan yili noyabrda faoliyatidagi jiddiy kamchiliklar uchun hayfsan olgan, joriy yil fevralida esa klaster bilan shartnoma tuzmay, kooperativlarga uyushmoqchi bo‘lgan fermerlarga “statyalar” bilan tahdid qilgandi.

Foto: Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati

Achilov Murodjon Azamatovich Xorazm viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tayinlovga qadar u 2020 yil aprel oyidan buyon Gurlan tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. Undan oldin, 2018 yildan boshlab “Agrobank” boshqaruv raisi o‘rinbosari bo‘lgan.

Achilov 2021 yil noyabrida o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan va jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan deb topilgan Xorazmdagi 12ta tuman-shahar hokimlari qatorida hayfsan olgan edi.

2022 yil fevralida esa Kun.uz'ga Gurlan hokimi ishtirokida o‘tgan yig‘ilish audiosi kelib tushgan, unda hokim kooperativlarga uyushish istagida bo‘lgan fermerlarga tahdid qilgani ma’lum bo‘lgandi.

Hokim fermerlar ishtirokidagi hamkorlik shakli – kooperatsiyani “bo‘ladigan narsamas” deb atab, “kooperatsiyani o‘sha vaqtda bizlar o‘ylab topganmiz, ammo bu “pustoy” narsa” degan va mahalliy klaster bilan shartnoma tuzishga fermerlarni qat’iy ohangda chorlab: “Ertaga yomonotliq bo‘lganing qoladi, yeringdan ajraganing qoladi”, “Boshqa-boshqa statyalar chiqib keladi” degandi.

Avvalroq, aprel oyida Olmaliq shahri hokimining birinchi o‘rinbosari Umid Shoumarov prezident selektorida tanqidlar bilan ishdan olinganidan bir necha kun o‘tib, Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangandi.

Mavzuga oid
Top