O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusi, 2021 yilning oxirlarida Prezident Mirziyoyev tomonidan ilgari surildi. Shu o‘tgan davr ichida, 1992 yil dekabrida qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasi, ma’nan ancha eskirganligi ko‘p marta aytildi. Haqiqatda, O‘zbekistonning joriy Konstitutsiyasi konseptual o‘zgarishlarga muhtoj ekanligini ko‘p yillardan beri ta’kidlab kelaman.
Ayni paytda, O‘zbekistonda boshlangan joriy konstitutsiyaviy islohotlar, davlatning va jamiyatning ehtiyojlari o‘rtasidagi kompromiss bo‘lishi ehtimoli yuqori. Jamiyat uchun huquqiy-demokratik davlatchilikka tezlashtirilgan kursda o‘tib borish g‘oyasi, tabiiyki, jozibador. Lekin davlatning ham ma’lum siyosiy va geosiyosiy xavotirlari hamda hali yechimi shakllanib ulgurmagan vazifalari borki, oliy hokimiyatning markaziy motivlaridan biri – siyosiy maydondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘lishi mumkin.
Ushbu tahliliy dokladda, ko‘proq davlatning ichki qarashlari, ehtiyojlari, xavotirlarini tahlil qilishga harakat qilinadi. Tahlilning asosiy maqsadi – hokimiyatning ichki motivlarini tushunish hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekiston vatandoshlik jamiyatiga ham ma’lum tavsiyalar ishlab chiqishga harakat qilinadi.
Eskirgan Konstitutsiya va konstitutsiyaviy islohotlar zarurati
1.1. O‘zbekistonning joriy Konstitutsiyasi 1992 yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘sha davrdagi ancha sodda siyosiy va huquqiy qarashlarni rasmiylashtirgan edi. Bugungi kunga kelib, joriy Konstitutsiya allaqachon jiddiy islohotlarga muhtoj edi. Unda qadriyatlar bo‘limi mexanizmlar joriy qilish darajasiga bormagan. Qolaversa, davlat institutlari va ular o‘rtasidagi vakolatlar muvozanati borasida ham, jiddiy nomutanosibliklar yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.
1.2. O‘zbekiston Konstitutsiyasi konseptual islohotlarga muhtoj. Konseptual deganda, avvalambor, Bosh Qonunning ruhiyati, ohangi jiddiy o‘zgarishi, qadriyatlar chuqur va keng ta’kidlanishi lozim. Ya’ni, konstitutsion qadriyatlar ijtimoiy fikrda chuqur muhrlanish darajasiga yetib borishi kerak. Davlat institutlari va ular o‘rtasidagi vakolatlar esa, jiddiy bir shaklda qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.
1.3. O‘zbekistonliklar ijtimoiy fikrida bir qarash borki, unga ko‘ra «Konstitutsiya imkon qadar zamonlar va makonlar osha universal bo‘lishi kerak» deyiladi. Aslida, davlatlarning konstitutsiyalari o‘zgarib, takomillashtirilib turishi – davlatlar tajribasida normal holat hisoblanadi. Ba’zi demokratik davlatlarda haliga qadar konstitutsiyalar mavjud emas. Boshqalarida esa, ko‘plab o‘ta muhim huquqiy-siyosiy jarayonlar konstitutsiya bo‘limlari va moddalari bilan emas, qonunlar va boshqa huquqiy aktlar bilan tartibga solinadi. Shuning uchun ham, asosiy masala, bu konstitutsiyalarning qanchalik tez o‘zgarishi emas, o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati hisoblanadi.









