09:47 / 14.07.2022
2415
Germaniya atom energiyasidan voz kechish rejasini o‘zgartirmasligi ma’lum qilindi

Germaniya hukumati Rossiyadan gaz yetkazib berish kamayganiga qaramay, yil oxirigacha mamlakatdagi barcha atom elektr stansiyalarini yopish niyatida. Bu atom energiyasidan voz kechish bo‘yicha uzoq muddatli rejaning so‘nggi bosqichidir.

Foto: Picture Alliance

Germaniya kansleri Olaf Shols tabiiy gaz taqchilligi tahdidiga qaramay, mamlakatda atom energetikasini qisqartirish bo‘yicha e’tirozlarni asosli deb hisoblamayapti. Bu haqda 13 iyul, chorshanba kuni Germaniya hukumatining rasmiy vakili Shteffen Xebeshtrayt ma’lum qildi.

Hukumat muxolifatdagi XDS/XSS muxolifat bloki va Ozod demokratik partiya (ODP)dan hukumat koalitsiyasi bo‘yicha hamkorlarning kuchli bosimiga qaramay, o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmayapti. Atom energiyasidan foydalanish tarafdorlari Ukrainadagi urush va «Shimoliy oqim 1» gaz quvurining vaqtincha to‘xtatilishi munosabati bilan Rossiya gaz yetkazib berishning ishonchsizligidan xavotirda. Shu tariqa, Bundestagdagi ODP fraksiyasi raisi Kristian Dyurr Germaniyani «qattiq qish» kutayotganini va bunday vaziyatda «hamma narsadan, jumladan, atom elektr stansiyalaridan ham foydalanish kerakligini» ma’lum qildi.

O‘z navbatida, hukmron Sotsial-demokratik partiya (SDP) hamraisi Zaskia Esken atom elektr stansiyalarining ishlash muddatini uzaytirish urinishlarini «mutlaqo ma’nosiz» deb hisobladi. 

Germaniyada 3 ta atom elektr stansiyasi mavjud bo‘lib, ularning ishi yil oxirigacha to‘xtatilishi kerak. Bu 2011 yilda Yaponiyaning Fukusima AESidagi avariyadan so‘ng tasdiqlangan atom energetikasidan voz kechish bo‘yicha uzoq muddatli rejaning so‘nggi bosqichidir. 

Germaniya Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish vazirligi stansiyalarning yopilishi mutlaqo zarurligini va ularni tugatish rejasi allaqachon boshlanganini bildirdi. 2022 yil dekabridan keyin ushbu obektlarda barcha xavfsizlik protokollariga rioya qilish texnik jihatdan imkonsiz bo‘ladi. 

Top