14:06 / 14.07.2022
50841

Qoraqalpog‘istondagi voqealar ortida qanday kuchlar turibdi? - Siyosiy tahlilchi bilan suhbat

Hukumat rasmiylari va bir qator siyosiy tahlilchilar Qoraqalpog‘istondagi voqealar tashqi kuchlar tomonidan uzoq yillar tayyorlangan hududiy tajovuz ekanini aytib kelishmoqda.

Xo‘sh, tartibsizliklarda chindan tashqi kuchlarning qo‘li bormi va bo‘lsa, u qanday kuchlar bo‘lishi mumkin?

Kun.uz muxbiri ayni mavzuga oid qator savollar bilan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

— Kamoliddin aka, Qoraqalpog‘iston voqealaridan 2 hafta vaqt o‘tdi. Bilasiz, prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi voqealar chetdan, xorijiy kuchlar ta’siri va qo‘llovi bilan, uzoq yillik tayyorgarlikdan keyin amalga oshirilganini aytdi. Lekin bu xorijiy kuchlar kimligi va qayerdan kelgani borasida hali aniq fikrlar eshitmadik.

Sizningcha, Qoraqalpog‘istondagi voqealar ortida turgan bu kuchlar kimlar bo‘lishi mumkin?

— Nazarimda, xorij kuchlari yoki har qanday tashqi kuchlar deganda, buni shaxslarga, guruhlarga hamda mana shu shaxs va guruhlarni qo‘llab-quvvatlashga moyil bo‘lgan davlatlarga nisbatan aytiladi. Menimcha, O‘zbekiston rasmiy doiralari bu vaziyatda aynan qaysi mamlakatlar ekani borasida javob berolmasligi mumkin. Lekin jamoatchilik qaysi davlatlar nazarda tutilishi mumkinligini juda yaxshi tushunishi kerak.

Endi qarang, possovet hududida davlatlarning hududiy yaxlitligi yoki ularning ichidagi avtonom hududlar geosiyosiy o‘yinlarda juda kuchli vosita sifatida ishlatib kelindi va ishlatilmoqda ham.

Masalan, Moldovaning ayrim hududlari yoki Gruziyaning ikkita hududi tortib olindi. Ularning hatto Rossiyaga qo‘shilish masalasi ham kun tartibiga qo‘yib borilyapti. Ukrainani aytmasa ham bo‘ladi.

Shuningdek, 2021 yoki 2022 yilda ham Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi geosiyosiy zo‘riqishlarni kuzatyapmiz. Rossiyadagi ba’zi siyosatchilar yoki davlat arboblari, jumladan, Putinning o‘zi ham “SSSRga kichik bo‘lib kirib, katta hududlarni olib chiqib ketgan davlatlar bor” – deganda Qozog‘istonni nazarda tutganini yashirishmadi.

O‘zbekistonda ham Sovet ittifoqi qulaganda shakllangan hududiy muammo mavjud edi. Ya’ni suveren mustaqil davlatning ichida “suveren” deb ataladigan hudud sun’iy shakllantirilgan edi. Demak, bundan xulosa qilish mumkinki, O‘zbekiston geosiyosatida, mintaqaviy siyosatida mana shu hududiy muammolarni ishlatish orqali yoki mana shu hududiy muammolarni bosim omili sifatida ishlatish orqali o‘zining geosiyosiy yo‘nalishiga bo‘ysundirish intilishlari hech qachon yashirilmagan.

2002 yil AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonga kirarkan, O‘zbekiston Qarshidagi Xonabod harbiy bazasini amerikaliklarga taqdim qilgan edi. Bundan Rossiya Federatsiyasi qattiq darg‘azab bo‘lgan va shundan boshlab O‘zbekistonni geosiyosiy izmiga tushirish, bo‘ysundirish uchun uning hududiy muammolaridan omil sifatida foydalanishga harakat qilgan.

Buni jamoatchilik bilmasligi, albatta, normal holat. Chunki bu yuqori bir darajada rasmiylashtirilmagan. Bu yerda Rossiyaning maqsadi O‘zbekistonni parchalash, uning u yoki bu hududini o‘ziga qo‘shib olish emas, mana shu hududiy muammolar orqali shantaj qilish va o‘ziga bo‘ysundirish.

Endi qarang, Markaziy Osiyoda 5 respublika bo‘lsa, mintaqaning yarim aholisi O‘zbekistonda yashaydi, mintaqadagi barcha davlatlar, jumladan, Afg‘oniston bilan chegaradosh yagona va geografik markaziy davlat – O‘zbekiston. Demak, mana shularni inobatga oladigan bo‘lsa, biror bir geosiyosiy loyiha to‘laqonli mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lishi uchun unda O‘zbekiston ishtirok etishi kerak. Agar O‘zbekiston ishtirok etmasa, u loyiha to‘laqonli mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lmaydi.

Endi biz bilamiz-ku, Rossiyaning O‘zbekistonga nisbatan eng yirik geosiyosiy kutishi, bu – birinchidan, O‘zbekistonning YoOIIga kirishi, ikkinchidan, KXShTga O‘zbekistonning kirishi hisoblanadi. 6 yil o‘tyaptiki, O‘zbekiston mana shundan geosiyosiy masofa saqlab kelyapti.

O‘zbekistonning Rossiya bilan ikki taraflama munosabatlari juda intensiv va ijobiy. Lekin O‘zbekiston o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, mana shu ikkita loyihadan masofa saqlab kelyapti.

Xulosa qilish mumkinki, Qoraqalpog‘iston voqealarida albatta, tashqi kuchlar omili mavjud edi. Ya’ni bu agressiv emas, ohista, lekin keyingi ikki 10 yillikda mana shu omil ohista qo‘llab-quvvatlab kelindi. Va O‘zbekistonning rasmiy idoralariga geosiyosiy bosim sifatida ishlatildi.

Yuqorida aytib o‘tdim, shaxslar va shaxslar guruhlari – mana bu men nazarda tutayotgan davlatlar tomonidan ohista, yashirincha, lekin doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelindi.

Ya’ni bunday tashqi kuchlar mavjud, bu avvalambor shaxslar, shaxslarning guruhlari va o‘sha ohista instrument sifatida foydalanishni ko‘zlagan davlatlarni nazarda tutish mumkin.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Top