22:48 / 14.07.2022
13423

Sergey Yejkov ustidan ochilgan jinoyat ishi tugatildi

Uzmetronom sayti asoschisi Sergey Yejkov Mass-media fondi rahbari Komil Allamjonovni og‘ir jinoyatda ayblagani uchun uzr so‘ragach, Allamjonov da’vosidan voz kechdi va jinoyat ishi ayblilik masalasi hal etilmasdan tugatildi.

Sergey Yejkov va Komil Allamjonov

Bugun, 14 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida Uzmetronom sayti asoschisi Sergey Yejkovga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi (internet orqali tuhmat qilish) bilan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sudya Tolibjon Obidov, jabrlanuvchi Komil Allamjonovning roziligi asosida, ayblanuvchining iltimosini qanoatlantirdi. Bu haqda nashr o‘z saytida ma’lum qildi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi 5-qismi 1-bandiga asosan, Sergey Yejkovning harakatlarida jamoat xavfsizligiga tahdid bo‘lmagani, o‘zi ham hozirda jamoat xavfsizligiga tahdid tug‘diruvchi emasligi sababli jinoyat ishi aybdorlik masalasini hal qilmasdan tugatildi.

Eslatib o‘tamiz, Uzmetronom sayti boshqa xorijiy resursga asoslangan holda Mass-media fondi raisi Komil Allamjonovni O‘zbekistonga 4,2 mln dollarlik taqinchoqlarni bojsiz olib kirishda ayblovchi materiallar e’lon qilgan, bunda axborotni tekshirish uchun ikkinchi tomonga murojaat qilmagan edi.

Avvalgi sud majlisida Sergey Yejkov Komil Allamjonovdan uzr so‘ragan, shundan keyin Allamjonov arizasini qaytarib olishga qaror qilganini aytgandi.

Fond rahbari bu kabi nizolar “podval”larda emas, o‘zaro kelishuv yoki sud orqali hal etilishi kerakligini ta’kidlagandi.

Bundan oldin, yuqoridagi iddaoni tarqatgan birlamchi manba – xorijdagi Eltuz resursi ham Komil Allamjonovdan uzr so‘rab, Germaniya qonunchiligi asosida jarima to‘lashga tayyorligini bildirgan.

Top