08:45 / 19.07.2022
7928

Prezident hokimlarga bug‘doy hosili bo‘yicha muhim topshiriqlar berdi

Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ekin yerlari va tomorqadan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat yetishtirishni va aholi daromadlarini ko‘paytirish masalasi muhokama qilindi. 

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, joriy yilda g‘allani yetishtirish va xarid qilishni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Fermerlarga jozibador narxlar taklif etilgani o‘z natijasini berdi.

Iyulda birjaga 88 ming tonna bug‘doy chiqarilgani hisobiga 1 tonna bug‘doyning o‘rtacha narxi 30 foizga arzonlashdi.

Davlat resursiga 1 million 842 ming tonna don xarid qilindi hamda fermer va klasterlar tomonidan don korxonalariga 574 ming tonna g‘alla saqlash uchun qo‘yildi.

Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birga har kuni birjaga kamida 10 ming tonnadan don chiqarib borish, 1 oktyabrgacha saqlash uchun qabul qilingan g‘allaning birjaga chiqarilishi hamda fermer va klasterlar bilan to‘liq hisob-kitob qilinishini tashkil etish topshirildi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari bug‘doy hosilini to‘liq yig‘ib-terib olish va omborlarga yo‘qotishlarsiz joylashtirishi, bug‘doyni birjaga o‘z vaqtida va to‘liq chiqarishi, hududidagi un va non mahsulotlariga bo‘lgan talabni vaqtida va to‘liq qondirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Top