08:01 / 21.07.2022
5703
Deutsche Bahn Ukraina donini Germaniya portlariga tashishni boshlaydi

Germaniyaning Deutsche Bahn konserni haftasiga bir necha harakat tarkibida Ukraina donini jo‘natishni rejalashtirmoqda. Yukning katta qismi Ruminiya orqali keladi.

Foto: Picture Alliance

Germaniyaning Deutsche Bahn temiryo‘l konserni Ukraina donini keyinchalik boshqa mamlakatlarga tashish uchun Germaniya portlariga olib o‘tishni boshlaydi. Shu maqsadlarda u insonparvarlik yordamini yetkazib berish uchun yaratilgan tarmoqni qayta yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 20 iyul, chorshanba kuni konsernning shu’ba korxonasi hisoblangan DB Cargo rasmiy vakili ma’lum qildi. 

Don, xususan, Bremerxaven yaqinida joylashgan Rostok, Hamburg, shuningdek, Brake portlariga yetkaziladi. Yukning katta qismi Ukraina bilan katta chegaraga ega va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish uchun zarur infratuzilmasi bor bo‘lgan Ruminiya orqali keladi. Yukning yana bir qismini Polsha orqali tashish rejalashtirilgan.

«Biz imkon qadar ko‘proq don tashishga harakat qilamiz», dedi DB Cargo vakili, u aniq hajmlarni aytmagan. Reuters xabariga ko‘ra, Deutsche Bahn haftasiga bir necha poyezd jo‘natishni rejalashtirmoqda. 

Iyun oyida Ruminiyaning Qora dengizdagi Konstans porti bosh direktori Florin Goydya Ukraina g‘allasini Ruminiya orqali eksport qilishni tashkil etish tezkor hal bo‘lmaydigan vazifa ekanligini aytdi. O‘z navbatida, Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis bu vazifani transport infratuzilmasi yo‘qligiga ishora qilib, «epik ko‘lamning logistik muammosi» deb atadi. 

Ukraina agrar siyosat va oziq-ovqat vaziri Nikolay Solskiy taqdim etgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdan 18 million tonna eski hosildagi donni olib chiqish kerak. Yangi hosildan eksport uchun yana 40 million tonna kutilmoqda. Amerikaning Wall Street Journal gazetasi xabar berishicha, 13 iyul kuni Istanbuldagi muzokaralar chog‘ida Ukraina, Rossiya, Turkiya va BMT vakillari don eksporti uchun Ukraina uchta portining deblokadasi to‘g‘risida kelishib oldi. 

Top