09:00 / 27.07.2022
6051

Plastik kartangizni firibgarlardan himoya qiling: qanday qilib ularga aldanmaslik mumkin?

Internetda yildan yilga firibgarlar ko‘paymoqda. Fuqarolarning ishonuvchanligidan foydalanishni yaxshi bilgan firibgarlar tobora yangi sxemalarni o‘ylab topishadi.

Pay Way to‘lov tashkiloti har doim milliy HUMO va UzCard kartalaridan foydalansangiz ularga tegishli hech qanday sms-kodni, VISA va MasterCard kartalaridan foydalanganda esa kartaning orqa tomonidagi 3 xonali kodni (CVC2 yoki CVV2) hech kimga bermaslik kerakligi haqida ogohlantirib keladi. Chunki ushbu kodlar firibgarlardan himoyalanish uchun maxsus yaratilgan.

Foto: Pay Way

Firibgarlar Telegram orqali qanday ishlaydi?

Yaqin kunlarda firibgarlar bilan bog‘liq yana bir holat oshkor bo‘ldi. Telegram messenjerida O‘zbekiston aholisiga foizsiz kredit rasmiylashtirish va’da qilinayotgan kanal ochildi. Bu holat qonunan tasdiqlangani, tegishli hujjatlar asosida yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingan edi. Xo‘sh, bu yerda odamlar qanday aldanadi?

1. Firibgarlar Telegram’ga reklama uchun pul to‘lashadi va bu xabar turli kanallarda odamlarga ko‘rsatiladi. U yerda O‘zbekistonda aholi uchun 25 mln so‘mgacha foizsiz kredit olish mumkinligi haqida ma’lumot beriladi.

2. Foizsiz kreditga ega bo‘lishni istagan foydalanuvchi esa kanalda ro‘yxatdan o‘tib, o‘ziga tegishli barcha ma’lumotlarni, plastik karta raqami va kodini qoldiradi.

3. Hamma ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan firibgarlar esa kartalardagi barcha pullarni osongina yechib olishadi.

Oqibatda esa hech qanday kredit yo‘q, bo‘m-bo‘sh plastik kartalar qoladi xolos.

Foto: Pay Way

Ular veb-saytlarda qanday faoliyat yuritishadi?

Firibgarlarning mashhur qo‘llanmalaridan yana biri bolalar uchun to‘lanadigan nafaqalar yoki pensiya kabi to‘lovlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bunda ular:

1. Davlat xizmatlarini taqdim etuvchi saytlarga o‘xshash sayt yaratishadi. Ular nihoyatda o‘xshash bo‘lishi mumkin, ammo diqqat bilan qaralsa, ortiqcha nuqtalar, harf, raqam, belgilar orqali (davlat saytida ular yo‘q) farqlash mumkin.

2. Fuqaroga saytda bola puli va pensiyalarni qanday olish haqida ma’lumotlar joylashtiriladi. Bu ham messenjer orqali ko‘proq reklama qilinadi.

3. Fuqaro saytda ro‘yxatdan o‘tadi va o‘zi, oilasi haqidagi to‘liq ma’lumotni joylashtiradi. Shunda unga bu nafaqalarni olish uchun plastik karta raqamlarini va uning kodini joylash tavsiya qilinadi. Tabiiyki, bu ma’lumotlar kiritilgach, kartadagi pullar firibgarlar tomonidan o‘zlashtiriladi.

Foto: Pay Way

Bu yerda hech qanday nafaqalar taqdim etilmaydi va bundan umid qilganlar firibgarlar qurboniga aylanadi.

Reklama saytlarida firibgarlarni qanday aniqlash mumkin?

Ko‘pchilik karta egalari internetdagi reklama va savdo maydonchalarida hiylagarlar tuzog‘iga ilinishadi.

1. Firibgarlar xaridor sifatida paydo bo‘lib, sotuvchiga bu mahsulotni anchadan beri izlayotgani, sotib olish niyatini bildirishadi. Ammo o‘zlari uzoqroqda (boshqa shahar, davlatda) ekani sabab sotuvchiga depozit o‘tkazib, mahsulotni band qilish maqsadini bildirishadi.

Foto: Pay Way

2. Bunga rozi bo‘lgan sotuvchi unga karta raqamini yuboradi. Albatta bu bilan hech narsa qilib bo‘lmasligi ma’lum. Lekin firibgarlar kartaning orqa tomonidagi 3 xonali kodni olishga urinishadi.

3. Sotuvchiga xaridordan pul o‘tkazmasi borligi va uni olish uchun havolaga o‘tish orqali karta raqami va 3 xonali kodni kiritishi so‘raladi. Depozitni olish uchun bularni amalga oshirgan sotuvchi esa chuv tushganini bilmay ham qoladi.

Foto: Pay Way

Pay Way barcha O‘zbekistonliklarni ogohlikka chaqiradi. Agar sizdan karta raqamingizni, VISA va MasterCard kartalari uchun 3 xonali (CVC2 yoki CVV2) kodni, HUMO va UzCard uchun sms-xabarnomani ko‘rsatish so‘ralsa, bilingki siz firibgarlar qarshisidasiz!

Ogoh bo‘ling, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmang!

Pay Way ilovasi iOS/Androidda mavjud.

Pay Way matbuot xizmati

Mavzuga oid
Top