16:58 / 29.07.2022
11595

«Chelsi» «transfer o‘g‘risi» sifatida tanilgandi, endi o‘zi ham «o‘g‘rilar» qurboni bo‘lmoqda

«Chelsi» o‘tgan yillarda boshqa jamoalarning transfer maqsadini «ilib ketishga usta» sifatida nom qozongan edi. Endi esa o‘zi ham bunday «o‘g‘riliklardan» aziyat chekmoqda.

Foto: Getty Images

«Chelsi» 2022 yil yozgi transfer kampaniyasini muvaffaqiyatsiz o‘tkazmoqda, «Sevilya» himoyachisi Jyul Kunde ularning qo‘lidan chiqib ketgan navbatdagi futbolchi bo‘ldi.

Goal xabariga ko‘ra, Kunde «Chelsi» uchun ustuvor maqsad bo‘lgan. Chunki, Antonio Ryudiger va Andreas Kristensen ketgach, Tuxel himoyani u bilan kuchaytirishni rejalashtirgandi. Ammo Jyul oxir-oqibat «Stemford Brij» o‘rniga «Kamp Nou»ga borishni ma’qul ko‘rdi.

G‘arbiy London klubi rad javoblariga ko‘nikmagan. Ammo transfer amalga oshishiga yaqin qolganda iqtidorlarni qo‘ldan chiqarish bilan bog‘liq bir necha holatlar bo‘lgan.  Boshqa tomondan, «Chelsi» ham bir-ikki kelishuvni «o‘g‘irlashga» erishgan.

Goal ularning ziddiyatli transfer tarixi to‘g‘risidagi qisqacha ma’lumotlarni to‘pladi.

Aren Robben («PSV» klubidan «Chelsi»ga)

2004 yilning yozida 20 yoshli Aren Robben «PSV» klubidagi faoliyatini yorqin boshlagach, Yevropa futboli bozoridagi eng «qaynoq» futbolchilardan biriga aylandi.

«Manchester Yunayted» niderlandiyalikka birinchi bo‘lib taklif jo‘natdi va klub bazasiga tashrif buyurganidan keyin shartnoma imzolashi kerak edi. Ammo «Chelsi» so‘nggi daqiqada raqibdan o‘zib ketdi.

«Ko‘klar» Robben uchun 12 million funt sterling taklif etishdi, bu «Manchester Yunayted»nikidan 2 barobar ko‘p edi. Natijada, Aren Joze Mourino jamoasiga qo‘shildi. Qanot futbolchisi «Chelsi»ning 2004/05 va 2005/06 mavsumidagi g‘alabalarida muhim rol o‘ynadi. 2007 yilda «Real»ga ketdi.

Foto: brila

Jon Obi Mikel («Lin»dan «Chelsi»ga)

Aslida «Chelsi» Norvegiyaning «Lin» klubidan nigeriyalik yarimhimoyachi Jon Obi Mikelni olganida, barcha davrlarning eng mashhur transfer «o‘g‘rilik»laridan birini sodir qildi.

2005 yilning aprel oyida «Manchester Yunayted» Mikel bilan shartnoma imzolaganini e’lon qildi. U hatto matbuot anjumanida OAV vakillariga ham tanishtirildi. Ammo «ko‘klar» allaqachon Mikelning agenti bilan kelishuvga erishib qo‘ygan edi.

Natijada, mojaro sudgacha bordi. Uzoq davom etgan tortishuvda «Chelsi»ning qo‘li baland keldi. Oradan 14 oy o‘tgach, Mikel «ko‘klar» futbolchisi sifatida tanishtirildi. U londonliklar bilan 2 marta Premer-Ligada va Chempionlar Ligasida g‘olib chiqdi.

Foto: alamy.com

Villian («Anji»dan «Chelsi»ga)

«Chelsi» 2013 yilda «Anji» yarimhimoyachisi Villianni o‘z safiga qo‘shib oldi va Premer-Ligadagi yana bir raqibini ortda qoldirdi.

«Anji» braziliyalik futbolchining transferi bo‘yicha dastlab «Tottenhem» bilan 30 million funt sterling miqdoridagi kelishuvga erishgan va hatto u tibbiy ko‘rikdan ham o‘tib qo‘ygan edi. Biroq Abramovich futbolchini Londonning shimoliga emas, balki g‘arbiy qismiga borishga ko‘ndirish uchun shaxsan o‘zi harakat qildi.

Villian «Chelsi» bilan besh yillik shartnoma imzoladi va keyinchalik 2020 yilgacha jamoada qolib, 5 ta sovrinni qo‘lga kiritishda muhim hissasini qo‘shdi.

Foto: Getty Images

Rafinya («Lids»dan «Barselona»ga)

Bu yil yozda «Chelsi»ning transfer bozorida omadi yurishmayapti.

«Ko‘klar» 2020/21 mavsumini ajoyib o‘tkazgan «Lids» yarimhimoyachisi Rafinya bilan shartnoma imzolashni maqsad qilishgan edi. Goal braziliyalik futbolchi uchun 55 million funt sterling taklif qilingani haqida yozdi.

«Lids» rasmiylari dastlab transferga tayyor edilar. Ammo Rafinya «Barselona» bilan shaxsan kelishib qo‘ydi va «Kamp Nou»ga borishni istadi.

Shundan so‘ng, «Chelsi» e’tiborini «Manchester Siti» hujumchisi Rahim Sterling bilan shartnoma imzolashga qaratdi. Rafinya yakunda «Barselona»ga o‘tdi.

Foto: Getty Images

Matteys de Ligt («Yuventus»dan «Bavariya»ga)

Matteys de Ligt «Yuventus»ni tark etmoqchi ekani ma’lum bo‘lgach, «Chelsi» unga qiziqish bildirdi. 2019 yilda «Ayaks»dan kelgan futbolchi turinliklar umidini oqlay olmadi.

«Ko‘klar» Niderlandiya milliy jamoasi a’zosi uchun katta miqdorda pul to‘lashga tayyor edilar. Ammo oxir-oqibat u «Bavariya»ga o‘tishni afzal ko‘rdi.

Germaniya chempioni De Ligt uchun 64 million funt sterling to‘ladi. «Chelsi» esa himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun boshqa variant izlashga majbur bo‘ldi.

Foto: Barselona

Jyul Kunde («Sevilya»dan – «Barselona»ga)

«Chelsi» De Ligtni boy bergach, e’tiborini Kundega qaratdi. Fransiyalik futbolchi avvalgi transfer oynalarida «ko‘klar» safiga qo‘shilishga yaqin edi. «Chelsi» esa transfer umidida «Sevilya» bilan doimiy aloqada bo‘lib turdi.

Premer-Liga giganti Kunde uchun 55 million funt sterling taklif qildi. Hatto «Inter»ga ketgan Romel Lukakuning uyini ham ijaraga olib qo‘ydi. Ammo yakunda «Barsa» yana ularning qalbini og‘ritdi.

Yana bir muhim maqsaddan ayrilgach, Tuxel yangi mavsum oldidan tarkibini to‘ldirishga vaqt topolmadi. Ammo endi u omad kelishiga umid qilmoqda, chunki transfer bozorida hali variantlar bor.

Top